AFRIKA BIRLIGI TASHKILOTI
AFRIKA BIRLIGI TASHKILOTI (ABT) — Afrika qit‘asidagi 54 davlatni birlashtiruvchi eng yirik mintaqaviy siyosiy tashkilot. 1963-yil 25-mayda Afrika mamlakatlari davlatlari va hukumatlari boshliqlarining Addis-Abeba konferensiyasida tashkil etilgan. ABT Afrika davlatlari hamkorligini mustahkamlash, qit‘adagi mamlakatlar mustaqilligini himoya qilish kabi maqsadlarni ko’zlaydi. Afrikadagi har qaysi mustaqil va suveren davlat ABTga a‘zo bo’lishi mumkin. Asosiy organi Davlatlar va hukumatlar boshliqlarining assambleyasi, Vazirlar kengashi, Bosh kotibiyat hamda Vositachilik, yarashtirish va hakamlar komissiyasidan iborat. Davlatlar va hukumatlar boshliqlarining assambleyasi – ABT oliy organi hisoblanadi. ABT ma‘muriy organi – Bosh kotibiyat, unga Bosh kotib rahbarlik qiladi. Vositachilik, yarashtirish va hakamlar komissiyasining vazifasi – ABT a‘zosi bo‗lgan davlatlar orasidagi hamma nizolarni tinch vositalar bilan bartaraf etish. ABT qarorgohi — Addis-Abeba (Efiopiya) shaharda.