AFROSIYOB KULOLLIGI
AFROSIYOB KULOLLIGI — Afrosiyobda olib borilgan arxeologik qazilmalar natijasida topilgan qadimgi o’zbek xalq amaliy san’ati namunalari. 9— 13-asrlarda Afrosiyob kulollari tomonidan ishlangan bejirim, nafis sirli idishlar Islom dunyosida keng tarqalgan. Bu idishlar o’zining mohirona ishlanganligi, naqshlarining aniq va mazmundorligi bilan ajralib turadi. Afrosiyob kulollari dastlab arablar istilosi (8-asr) gacha bo’lgan san’at an’analariga asoslanib, 9-10-asrlarda keng tarqalgan falsafiy g’oyalarni turli ramzlar, Arab alifbosida yozilgan ezgu niyatlar, xalq maqollari, shuningdek kabutar, xo’roz, burgut, ot, yo’lbars, sher tasvirlari, ov manzarasi hamda islimiy gullar va giriqlar bilan o’z asarlarida mujassam etganlar. Bezakda asosiy o’rin tutgan kufiy yozuvlar, ayniqsa chuzib yozilgan harflar bilan tik yozilgan «alif» va «lom»ning uyg’unligi naqshning ta’sirchanligini oshirgan. Keyingi davrlar (11-13-asrlar) da Afrosiyob kulolligidagi bezaklar o’rnini umumlashtirilgan qushlar tasviri, mazmundor Arab so’zlari, murakkab gullar, naqshlar oladi. Bundam bezaklar idishlarning ko’rkamligini burttirib ko’rsatadi. Bu uslub bizning davrimizgacha yetib kelgan. Afrosiyob kulolligidagi bezaklar buyum shakliga mosligi, ranglarining yorqinligi va nafisligi bilan kishi diqqatini o’ziga jalb etadi. Ad.: Pugachenkova G. A., Rempel L. I., Ocherki iskusstva Sredney Azii, M., 1982.