AGROFON

AGROFON (Yunoncha agros — dala, lotincha fundus — muhit) — tuproqning fizik va kimyoviy xossalari, unumdorligi jihatidan Agronomiya talablariga mos holati; tuproqning agronomik xossalari majmui. Har bir uchastkaning Agrofonini bilish qishloq xo’jaligi ekinlaridan yuqori hosil yetishtirish uchun agrotexnika hamda meliorativ tadbirlar majmuini to’g’ri va tabaqalab amalga oshirish imkonini beradi. Agrofon kjeak yoki past darajada bo’lishi mumkin. Ekinlarni to’g’ri almashlab ekish, mahalliy va mineral o’g’itlardan unumli foydalanish, qishloq xo’jalik ekinlari yetishtirish texnologiyasiga to’g’ri amal qilish yo’li bilan yuksak Agrofon barpo etiladi. Masalan, yuksak Agrofon sharoitlarida g’o’za serhosil, sog’lom o’sadi, kasallik va hasharotlarga chidamli bo’ladi, tola va chigit sifati yaxshilanadi. Ilmiy tadqiqot ishlarida tadqiqot maqsadlariga qarab Agrofon sun’iy yaratiladi. Selektsioner olimlar yangi nav yaratishda va urug’chilik ishlarida maxsus tayyorlangan Agrofonlarda ish olib boradilar.