AGROKIMYO LABORATORIYASI
AGROKIMYO LABORATORIYASI — 1) o’simlik, tuproq, o’g’it, zaharli kimyoviy moddalar, qishloq xo’jalik mahsulotlari, yem-xashak va boshqalarni tahlil qilish yoki Agrokimyodan o’quv mashg’ulotlari o’tkazish uchun maxsus jihozlangan xona (bino); 2) agrokimyo bo’yicha maxsus tadqiqotlar o’tkazadigan korxona, tashkilot yoki uning maxsus bo’limi. O’zbekistonda o’quv (o’quv yurtlarida); ilmiy tadqiqot (institutlar va boshqalarda), agrokimyo xizmati tizimiga kiruvchi ishlab chiqarish Agrokimyo laboratoriyalari mavjud. Ishlab chiqarish Agrokimyo laboratoriyalariga rahbarlikni Respublika o’simliklarni himoya qilish va agrokimyoviy tadqiqotlar markazi olib boradi. Agrokimyo laboratoriyalari o’z zonasidagi xo’jaliklarni agrokimyoviy xaritagrammalar va o’g’itlarni qo’llash bo’yicha tavsiyanomalar bilan ta’minlaydi. Agrokimyo laboratoriyasi har xil tabiiy zonalar tuprog’i uchun mos o’g’itlar va ularning optimal ulushlarini aniqlash maqsadida dala tajribalari o’tkazadi; yem-xashak sifatini yaxshilash va chorva mollarini ratsional oziqlantirishda tavsiyanomalar tuzish uchun o’simliklarni tahlil qiladi, mineral va mahalliy o’g’itlarning sifatini nazorat qilish maqsadida ularni tekshirishdan o’tkazadi. Dala tajribalari, o’simlik va tuproq tahlili natijalariga asosan xizmat ko’rsatayotgan zonadagi tuproq oziq moddalari balansini, har xil xo’jaliklarda va almashlab ekish dalalarida tuproq sharoitlari hamda ekin turiga qarab o’g’itlarga bo’lgan ehtiyojni aniqlaydi, agrokimyoviy xaritagrammalar tuzadi. Qishloq xo’jalik ishlab chiqarishida kimyoviy vositalarni qo’llash masalalari yuzasidan targ’ibot va tushuntirish ishlari olib boriladi.