AGROMETEOROLOGIYA POSTI
AGROMETEOROLOGIYA POSTI — kundalik meteorologik va agrometeorologik kuzatishlar olib boradigan hamda kuzatish natijalariga birlamchi ishlov beradigan muassasa. Agrometeorologiya postlarda kuzatish ishlari maxsus jihozlangan meteomaydonchalarda (5×6 metr), bevosita ekinzorlarda yagona uslub hamda dastur asosida olib boriladi. Meteorologik maydonchada yil davomida har kuni tuproq yuzasidan 2 metr balandlikdagi havoning harorati (qorasovuq kutiladigan bahor va kuz oylarida havoning minimal harorati yer yuzasidan 2 santimetr balandlikda minimal termometr yordamida) o’lchanadi; yog’inlar miqdori, qor qoplamining qalinligi va yer yuzasining qor bilan qoplanganlik darajasi; ATM. hodisalarining xarakteri (qor, yomg’ir, do’l, shudring, qirov, shamol, bo’ron, momaqaldiroq va hokazo) qayd qilinadi. Ekinzorlarda o’simliklarning o’sishi, rivojlanishi va hosil to’plashi bo’yicha bevosita kuzatishlar o’tkaziladi, rivojlanish davrlari ko’ringan kunlar qayd qilinadi, o’simlikning holati baholanadi; erta bahorda tuproq yetilgandan boshlab urug’ unib chiqqunga qadar tuproqning urug’ ko’milgan hamda 20 santimetr chuqurligigacha qatlami harorati o’lchab boriladi; tuproqning yuqori qatlami holati va namlik darajasi qayd qilinadi. Agrometeorologiya posti kuzatish natijalari va ob-havo prognozi asosida kundalik ma’lumot tuzadi. Kundalik va o’n kunlik yakuniy ma’lumotlarni o’zi biriktirilgan gidrometstantsiyaga yuboradi. Meteorologik va agrometeorologik ma’lumotlardan xatarli ob-havo hodisalaridan xabardor qilish, agrotexnik tadbirlar muddatlarini belgilashda foydalaniladi. O’zbekistonda qishloq xo’jalik korxonalari ixtiyorida (idoraviy) 20, «Boshgidromet» tizimida 25 Agrometeorologiya post ishlaydi (1999).