AGROSANOAT MAJMUI

AGROSANOAT MAJMUI (ASM) — xalq xo’jaligida qishloq xo’jalik xom ashyosidan aholining oziq-ovqat va xalq iste’moli tovarlariga bo’lgan ehtiyojlarini ta’minlashda o’zaro hamkorlikda faoliyat ko’rsatadigan tarmoqlar, korxonalar, faoliyat turlari majmui. Agrosanoat majmui murakkab va ko’p tarmoqlidir. Uning ishlab chiqarish tuzilmasida qishloq xo’jalik va o’rmon xo’jaligi muhim ahamiyatga ega. Agrosanoat majmui 3 sohani o’z ichiga oladi: 1) qishloq xo’jalik (aholining tomorqa xo’jaligi ham kiradi) va o’rmon xo’jaligi; 2) qishloq xo’jaligiga ishlab chiqarish vositalari yetkazib beradigan sanoat tarmoqlari — traktor va qishloq xo’jaligi mashinasozligi, meliorativ va suv xo’jaligi ob’yektlari qurilishi tarmoqlari, asosiy fondlar ta’miri bo’yicha korxonalar, mineral o’g’it va o’simliklarni himoya qilish vositalari, biologik faol preparatlar ishlab chiqarish, ozuqa va mikrobiologiya sanoati, turli idishlar (tara) tayyorlash va boshqalar; 3) qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va iste’molchiga yetkazib berish bilan band bo’lgan tarmoqlar (tayyorlov, qayta ishlash, saqlash, tashish, sotish va boshqalar). Har bir tarmoq tarkibida ishlab chiqarish rivojining umumiy sharoitini ta’minlaydigan tarmoq infratuzilmalari muhim ahamiyatga ega (yo’l-transport xo’jaligi, moddiy-texnika ta’minoti, elektr, gaz, suv ta’minoti, aloqa, omborxona elevator xo’jaligi, ulgurji va taqsimot bazalari va boshqalar). Shuningdek, ixtisoslashgan oliy o’quv yurtlari, mutaxassislar va rahbar xodimlar malakasini oshirish fakultetlari, ixtisoslashgan texnikum va ishlab chiqarish-texnika bilim yurtlari, tarmoq ilmiy tadqiqot instituti va laboratoriyalari, IIB, loyiha va institutlari hamda tashkilotlari, konstruktorlik byurolari, tajriba va davlat sinov stansiyalari tizimi Agrosanoat majmuini shakllantiradigan tarmoqlar qatorida turadi. O’zbekiston Agrosanoat majmuida qishloq xo’jaligi mahsulotlarini birlamchi [un-yorma, yog’-moy (paxta moyidan tashqari), go’sht, sut, meva-konserva, vinochilik sanoati) va ikkilamchi (non, makaron, konditer, paxta moyi, go’sht, sut konservasi va mahsulotlari, oziq-ovqat kontsentratlari) qayta ishlaydigan tarmoqlar va sohalardan iborat oziq ovqat sanoati, texnika ekinlarini birlamchi (paxta, lub ekinlari, tamaki) va ikkilamchi (ip gazlama, to’qimachilik sanoati, lub tolalari, tamaki-maxorka mahsulotlari) qayta ishlaydigan tarmoq va sohalarni o’z ichiga olgan yengil sanoat muhim ahamiyatga ega. Agrosanoat majmui hududiy xususiyatlar va ishlab chiqarayotgan eng muhim pirovard mahsulotiga qarab tizimlarga bo’linadi. Hududiy xususiyatiga ko’ra mamlakat va viloyat, tuman Agrosanoat majmui mavjud. Ishlab chiqarayotgan pirovard mahsulot bo’yicha don, paxta, meva-sabzavot, chorvachilik va boshqa majmuaga bo’linadi. O’zbekiston tarixan rivojlangan paxtachilik, suv xo’jaligi, mashinasozlik zavodlari, o’g’it va pestisidlar ishlab chiqaradigan zavodlar, paxta tozalash korxonalari, yog’-ekstraktsiya zavodlari, to’qimachilik sanoati, ixtisoslashgan ilmiy muassasalarga ega. O’zbekiston Respublikasi iqtisodiyotida Agrosanoat majmui hissasiga yalpi mahsulotning 50% dan ortiqrog’i, asosiy ishlab chiqarish fondlarining 40% dan ortig’i, xalq xo’jaligida band aholining 45% ga yaqini to’g’ri keladi. O’z navbatida Respublika Agrosanoat majmuida paxtachilik agrosanoat majmui (PASM) eng yuqori salmoqqa ega. Respublikada chorvachilik-sanoat majmui PASMdan keyingi o’rinda turadi. Tolibjon Turg’unov.