AGROTUPROQ RAYONLASHTIRISH

AGROTUPROQ RAYONLASHTIRISH — mintaqalarni o’simliklarning o’sishi va rivojlanishiga ta’sir ko’rsatuvchi tuproq xususiyatlari, iqlim va gidrogeologik sharoitlari, litologik geomorfologik tuzilishi va ba’zi boshqa belgilari (eroziya, sho’rlanish) ga, shuningdek qishloq xo’jalik ishlab chiqarishining o’ziga xosligiga ko’ra hududlarga ajratish. O’zbekistonda Agrotuproq rayonlashtirishning ilmiy asoslari 30 yillarda yaratilgan. Obikor dehqonchilik sharoitida Agrotuproq rayonlashtirish uchun tuproqlarning kelib chiqishi bilan bir qatorda shu tuproqning qachondan beri sug’orilishi, madaniylashganlik darajasi, shuningdek eroziya, ikkilamchi sho’rlanish, sho’rxoklik, toshloqlik, botqoqlik kabi qishloq xo’jaligiga noqulay holatlarning namoyon bo’lish darajasi ham hisobga olinadi. Agrotuproq rayonlashtirish qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishini to’g’ri tashkil qilish, jumladan o’stiriladigan ekinlarni rayonlashtirish, agronomik va meliorativ tadbirlarni rejalashtirish hamda amalga oshirish, agrotexnik va sug’orish usullarini to’g’ri tanlash, mashinalar tizimini ishlab chiqish va shu kabi uchun zarur. Agrotuproq rayonlashtirish qo’yilgan maqsadlarga qarab turli aniqlikda ishlab chiqiladi. Sxematik Agrotuproq rayonlashtirishda katta rayonlar ajratilib, bu yerda ko’p tarqalgan tuproq tiplari, agrotexnik va boshqa usullar samaradorligini ta’minlaydigan yaxlitlangan tabiiy ko’rsatkichlar va asosiy meliorativ tadbirlar ko’rsatiladi.