AHMAD (MIRAK) MIRZO
AHMAD (MIRAK) MIRZO (1388— 1425) — temuriylardan. Umarshayx Mirzo Bahodirning ukasi. Amir Temurning Xitoyga qilgan yurishida qo’shinning o’ng qanotiga Xapil Sulton bilan birgalikda rahbarlik qilgan. Amir Temur vafotidan so’ng Shohrux saroyida bo’lgan. 1409 yil Shohrux farmoniga ko’ra Amir Xudoydod va Saydi Ahmad mirzolar bilan birgalikda Hisor viloyatidagi isyonni bostirishda qatnashgan. 1409 yil Movarounnahr Shohrux qo’liga o’tgach, Farg’ona viloyati Ahmad (Mirak) Mirzoga berilgan. U Farg’onada obodonchilik ishlarini rivojlantirgan, istehkomlarni ta’mirlagan, shuningdek o’z navkarlari bilan Shohruxning harbiy yurishlarida qatnashib turgan. 1413 yil Ulug’bek harbiy kengash bahonasida Ahmad (Mirak) Mirzoni Samarqandga taklif qilgan, biroq u Ulug’bekning fe’lidan hadiksirab Samarqandga kelmagan. Shundan so’ng Ulug’bek Andijonga qo’shin tortib Andijon, Axsilarni egallaydi. Ahmad (Mirak) Mirzo tog’ga yashiringan va Mo’g’ulistondan madad uchun kelgan lashkar bilan Andijonga yurish qilib O’sh atrofida Ulug’bek amirlari ustidan g’alaba qozonadi. Shundan so’ng Ahmad (Mirak) Mirzo Mo’g’uliston xoni Muhammadxon huzuriga — Qashqarga ketgan. Shohrux 1415 yil 26 mayda Ahmad (Mirak) Mirzoga maktub yo’llab uni o’z huzuriga chaqirtiradi. Ahmad (Mirak) Mirzo 1416 yil Qashqardan Hirotga qaytib kelgan, uni Hirotdan tashqariga chiqarmasdan nazorat ostida saqlaganlar. Saltanatni qo’lga kiritish uchun tuzgan rejasi oshkor bo’lib qolgach, Ahmad (Mirak) Mirzoni Makkaga, Ka’batullo ziyoratiga jo’natishga farmon berilgan. Ahmad (Mirak) Mirzo hajdan qaytib kelmagan. Turg’un Fayziyev.