Miloddan avvalgi VII asrda Xorazm vohasida birinchi o’zbek davlati tashkil topgan edi. Bu davlat keyingi salkam uch ming yil mobaynida birin-ketin hukm surgan davlatlarning asosi sifatida namoyon bo’ldi. Afsuski uning tarixiga doir yozma manbalar juda oz va qisqa saqlangan bo’lib, chuqur va atroflicha ta’riflashning iloji yo’q. Ayrim ma’lumotlarga ko’ra mintaqadagi podshohlardan biri uning nafratiga duchor bo’lgan 400 kishini Xorazmga surgun qilgan. U bir necha yillardan keyin ularning ahvolini bilish maqsadida o’z odamlarini yuborgan ekan. Natijada shu narsa ma’lum bo’ladiki, surgun qilingan kishilar sog’-salomat hayot kechirganlar. Podshoh bu xabarni olgach, 400 kishidan iborat turkiy ayollarni ularning ixtiyoriga jo’natgan ekan. Shundan keyin Xorazmda oilalar yuzaga kelib odamlarning soni ko’payib borgan. Shubhasiz u yerga atrof-joylardan boshqa odamlar ham kelib o’rnashganlar. Shu tariqa Xorazmda aholi ko’payib, vaqtlarning o’tishi bilan shaharlar ham paydo bo’lgan. Vohada Amudaryo tufayli sun’iy sug’orish rivojlanib, dehqonchilik, hunarmandchilik, ichki va tashqi savdo o’sgan. Davlat va qo’shinning kuch-qudrati oshgandan keyin ulug’ davlatchilik g’oyalari yuzaga kelib, uzoq joylarga harbiy yurishlar uyushtirilgan. Natijada Xorazm davlati yirik imperiyaga aylangan. Xususan, uning chegarasi Qora dengiz bo’ylari va Gruziyagacha borib taqalgan. Shunisi diqqatga sazovorki, 1944 yilda Kamchatkada miloddan avvalgi asrlarda Xorazmda zarb etilgan tanga topilgan. Ehtimol, buyuk Xorazm davlatining chegarasi yoki ta’sir doirasi Kamchatkaga yetgandir.
Xorazm davlati asosan sak nomi bilan ataluvchi turkiy aholini o’z ichiga olgan. Bu xalq o’sha qadimiy davrlarda g’arbda Dnepr daryosidan tortib, sharqda Tyan-Shan tog’larigacha cho’zilgan ulkan yerlarda hayot kechirganlar. Ammo, ularning ilg’orlashgan qismi hozirgi O’zbekiston hududida istiqomat qilganlar. Eradan avvalgi ikki minginchi yilning ikkinchi yarmida yozilgan hindlarning “Mahobxarata” dostonida ko’rsatilishicha, Turkiston zaminida o’sha davrda istiqomat qilgan qadimiy aholi yung, ipak, paxta va boshqa narsalardan to’qilgan gazlamalardan liboslar kiyishgan. Bu holat o’sha chuqur tarixiy davrlardayoq dehqonchilik rivojlanganligidan dalolat beradi. Hunarmandchilikda esa gazlamalarni to’qish, tikuvchilik va bo’yoqchilik o’sgan edi. Grek manbalaridan birida qayd qilinishicha aholining ko’ylaklari o’simliklardan tayyorlangan bo’yoqlar bilan bezatilgan ola-bular rangli gazlamalardan tikilgan. Aholi charm kiyimlaridan ham foydalanganlar. Ular kiyimlarini qimmatli toshlar bilan bezatib turli xushbo’y hidli atirlarni ishlatganlar. Ularning harbiy qurollari ham ancha takomillashgan edi. Zero, janglarda o’tkir qilich, xanjar, bolta, o’q-yoy, qalqon va temirdan yasalgan qurollardan keng foydalanilgan.
Demak, mintaqada ma’danchilik rivojlangan edi. Aholi o’zining jasoratliligi va jangovarligi bilan shuhrat qozongan. Qo’shin otliq va piyoda askarlardan tashkil topgan. Grek tarixchisi Klavdiy Ellanning yozishicha, saklarda kimki uylanmoqchi bo’lsa qiz bilan kuras tushishi shart bo’lgan. Mabodo bu kurashda qiz g’alabaga erishsa, u vaqtda yigit uning asiri hisoblangan. Bordi-yu yigit ustun kelsa, qizga uylanish huquqini olgan. Bunday tartib bejiz qo’llanilmagan, albatta. Chunki u davrlarda ichki o’zaro kurashlar va chet el bosqinchilarining hujumlari tez-tez bo’lib turadigan voqea edi. Shu bois nafaqat erkaklar balki xotin-qizlarni ham janglarda qatnashishi muqaddas burch hisoblangan. Hatto ayollardan maxsus harbiy qismlar tashkil etilib, ulardan mohir lashkarboshilar yetishib chiqqan.
Ko’rilayotgan davlarda “har bir satrap qo’l ostida yaxshi qurollangan, yollanma askar to’dasi bo’lar edi. Bulardan tashqari satraplikdagi har bir urug’ yoki qabila boshlig’i hamda qal’a boshliqlari o’z qo’l ostidagi qurolli xalq olomonini boshlab urushga chiqar edi. Askar otliq va piyodalarga ayrilar edi. Jangchilar o’q-yoy, nayza ham shamshir (xanjarga o’xshagan to’g’ri va uzun qilich) ishlatar edi. Har qo’shinda ikki g’ildirakli jang aravasi qismlari ham bo’lar edi. Har bir jangchining egnida ham boshida o’q va shamshir o’tmaydigan temir sovut, qo’lida qalqon bo’lar edi.
Yollangan qismlardan tashqari har bir jangchi safarga chiqishda talqon, qurut, go’sht va suv idishni olib yurishga majbur edi”.
Xavf-xatarli sharoit shaharlarni qalin va baland devorlar bilan qurshab olinishiga olib keldi. Buni bunyod etish uchun ko’p mehnat bilan mablag’ sarflanib, azob-uqubatlari xalqning zimmasiga tushgan. Ammo, uning vatanparvarligi shu darajada kuchli bo’lganki, mamlakat mustaqilligi va ozodligi uchun jonini ham, molini ham tikkan. Natijada shaharlarni devor bilan o’rab olish keng quloch yoygan. “Bu davrda, deb yozadi akademik Yahyo G’ulomov, — shaharlarning hammasi devor bilan o’ralgan bo’lib, har qanday dushmanga qarshi bardosh bera oladigan darajada mustahkam qilib qurilgan edi. Ular biro dam zo’rg’a ko’tara olarlikxom g’ishtlardan solingan. Shu davrda qurilgan qal’alardan Jonbosqal’ani olsak, uning bo’yi 200, eni 170 metr bo’lib, ikki qator devori orasida uzun ost-ust ikki qator tor-mor tuynuklar qo’yilgan. Bu tuynuklarda qal’adagilar dushmanga o’q otib, uning hujumiga qarshi turganlar. Qal’aning ichi 400 xonadondan iborat uylar bilan liq to’lib o’rtada faqat bir ko’chagina bo’lgan. Qal’aning to’rida zardo’shtlar ibodatxonasi – “otash-kada” bo’lgan. Unda doimiy ravishda muqaddas olov yonib turgan. Qal’aning g’arbidagi yolg’iz darvozasidan tashqarida asosiy aholi turadigan devorsiz shahar maydoni bo’lgan”.
Mazkur ma’lumotlar Xorazmdagi faqat bir qal’aga tegishli bo’lsa-da, lekin unga o’xshashlari ko’p bo’lgan. Chunonchi amalda harbiy qal’aga aylantirilgan shaharlar Turkistonning barcha yerlarini qamrab olgan. Xorazm davlatidan keyin Turkiston mintaqasida Baqtriya davlati yuzaga kelgan. Bu davlatning tarkibiga Amudaryoning o’rta oqimidagi yerlar, hozirgi Tojikistonning janubiy tumanlar, O’zbekistonning Surxondaryo viloyati, Turkmanistonning sharqiy qismi va Afg’onistonning shimoliy tomoni kirgan. Uning poytaxti Balxning atrofidagi Zariaspa shahri hisoblangan. Baqtriya davlatida dehqonchilik, hunarmandchilik va savdoning rivojlanganligi haqida ma’lumotlar mavjud. Uning dovrug’i uzoq mamlakatlargacha taralgan. Shu bois grek, hind va eron manbalarida tilga olingan. Miloddan avvalgi III asr boshida Sirdaryoning o’rta oqimida Qang’a davlati tashkil topdi. Uning aholisini negizini Toshkent vohasi va janubiy Qozog’istonda istiqomat qilayotgan saklar tashkil etgan. Olim S.P.Tolstov Qang’ani Xorazm davlatinign mantiqiy davomi ekanligini aytib, uni Qang’a-Xorazm davlati deb ta’kidlaydi.
Qang’a davlatining poytaxti Sirdaryoning o’rta oqimidagi Qanqa shahri bo’lgan. U hozirgi Toshkent viloyatining Oqqo’rg’on tumanidagi Qanqa tepaligini o’rnida edi. Uning xarobasi 150 gektardan oshiqroq yerni tashkil etgan. “Qang’aliklar, — deb yozadi, — grek olimi Strabon, — eng yaxshi otliq va piyoda askarlar hisoblanib, o’q-yoy, qilich, qalqon, mis boltalar bilan qurollangan. Ular janglarda oltin belbog’ni boylab oladilar”. Qang’a davlati hozirgi O’zbekiston hududini egallagan edi.
Shunday qilib, miloddan oldingi asrlarda Turkiston zaminida Xorazm, so’ngra Baqtriya va Qang’a davlatlari hukm surgan edi. Shuningdek Zarafshon vodiysidan so’g’d nomida davlat yuzaga kelganligi ma’lumdir. Ularning orasida Xorazm davlati eng qadimiysi hisoblanadi. Umuman, mintaqaning tub aholisi – saklar ko’plab xalqlar hamon ibtidoiy jamiyatda yashayotganlarida o’zlarining qudratli davlatlarni tashkil etib, madaniyat sohalarida ulkan yutuqlarni qo’lga kiritgan edilar. Shuning uchun ham qadimgi grek manbalarida “qadimiylikda ular (saklar) misrliklar bilan bahslashadilar” – deb qayd qilingan.
Miloddan avvalgi VIII asrning oxirgi – VII asrning birinchi choragida Eronda Ahmoniy boshchiligida fors qabilalarining ittifoqi yuzaga kelgan edi. Undan keyin uning o’g’li Chishtish taxtga o’tiradi. Shu tariqa Ahmoniylar davlatiga zamin hozirlangan edi. Miloddan avvalgi VI asrning o’rtalarida Kir II qudratli Ahmoniylar davlatini tashkil etadi. Bu davlatdan oldin hozirgi Eronning shimoli-g’arbida Midiya davlati yuzaga kelgan. Miloddan avvalgi 550 yilda Kir II uni egallab Eronni bir mamlakatga birlashtirdi. Bu vaqtlarda Turkistonda, yuqorida ko’rsatilganidek, “Katta Xorazm” va Baqtriya davlatlari hukm surmoqda edi. Kir II ning shaxsan o’zi katta qo’shin bilan bu davlatlarga qarshi harbiy yurisharni uyushtirdi. Vatan himoyachilari dushmanga qarshi qahramonona jang qildilar. Shunday dahshatli janglarning birida Sparetra ismli ayol 200 ming erkak va 200 ming xotin-qizlardan tashkil etilgan askarlar bilan Kir II qo’shinini mag’lubiyatga uchratib, eri Amargani asirlikdan qutqargan.
Demak, ozodlik kurashlarida ayollar ham faol qatnashib, mohir jangchilar sifatida namoyon bo’lganlar. Bu ularning vatanparvarligi, harbiy jasorati va mardligidan dalolat beradi.
Kir II qattiq janglardan keyin katta talafotlar evaziga Turkistonni bo’ysundiradi. Ammo o’lkada bosqinchilarga qarshi kurash to’xtamaydi. Shu bois miloddan avvalgi 530 yilda Kir II ko’p sonli qo’shin bilan yana hujumni boshlaydi. Bu vaqtda Turkistonda saklarning hukmdori To’maris ismli ayol dushmanga qarshi urushga mohirona boshchilik qiladi. Kir II To’marisning kuch-qudratini anglab avval unga uylanmoqchiligini elchi orqali ma’lum qiladi. Bu bilan u tinchlik bilan Turkistonni qo’lga kiritishni ko’zlagan. To’maris Kirning shum niyatini anglab, taklifini rad etadi hamda urushishga tayyorligini ma’lum qiladi.
Kir II qo’shin bilan Amudaryodan kechib o’tib harbiy lager quradi. Ammo u bu yerda ko’p vino va noz-ne’matlarni qoldirib, go’yo chekingandek bo’lib orqaga qaytadi. To’maris bundan xabar topib, o’g’li boshchiligida harbiy qismni jo’natadi. Uning o’g’li bu yerga kelgandan keyin yoshligi va tajribasizligi tufayli dushman tomonidan qoldirilgan vinolarni askarlari bilan me’yoridan ortiq ichishib, hushyorlikni yo’qotadilar. Xuddi mana shunday holatni kutgan Kir to’satdan hujum qilib vatan himoyachilarini qirib tashlaydi. Shu jumladan To’marisning o’g’li ham o’ldiriladi. Bundan qattiq g’azablangan To’maris dushmanga qarshi jangni boshlab yuboradi. Bu jang shu darajada dahshatli tus oladiki, dushmanning 200 minglik askari qirib tashlanadi. Bu olamshumul ahamiyatga moliyk g’alaba Ahmoniylar davlatig berilgan qattiq zarba bo’lib, To’marisning davrug’i grek dunyosigacha tarqaladi. Ayniqsa qudratli imperiyaning podshohi Kirni ayol kishi tomonidan mag’lubiyatga uchratilishi o’ta sharmandali voqea sifatida tarix sahifalariga bitildi. To’maris Kir II ning kallasini qon to’ldirilgan xaltaga solib: “Sen butun umring bo’yi qonga to’ymading, mana endi uni to’yib ich”, — deb xitob qilgan. Ahmoniy davlati katta talafotga qaramay qanday bo’lmasin Turkistonni bo’ysindirish uchun hech narsadan toymadi. Uning podshohi Doro I Turkistonga bostirib kirib Sirdaryo bo’yiga joylashadi. Bu yerga Shiroq ismli bir oddiy otboqar quloq-burni kesilgan holda kelib shunday deydi: “Sak hukmdori meni nohaq shunday jazoladi, agar men sizlarni yaqin yo’ldan ular ustiga boshlab borsam, o’zimning o’chimni olib berasizlarmi?” Doro podachining so’rovini bajonidil inobatga olib, uning ketidan yo’lga chiqadi. Ular yetti kun yurishgandan keyin suvsiz sahroga kelishadi. Bu vaqtda dushman askarlarining o’zlari bilan olib yurgan suvlari tugagan edi. Shunda Shiroq ularni halok etish uchun bu yerga olib kelganligini xursandchilik bilan aytadi. Bunday oddiy bir kishining vatanga o’ta sodiqligi va ongli ravishda quloq-burnini kesib, o’zini qurbon etishi tarixda uchramaydi. Shu bois uning nomi mana ikki ming yildan oshdiki kishilarning xotirasida hamon saqlanmoqda. Shiroqning jasorati va vatanparvarligi umummillat va davlat manfaati uchun kurashning eng yorqin namunasidir. Doro va uning o’g’li Saraxs (Kserks) qator janglardan so’ng Turkistonni bosib oldilar. Umumlashtirganda Ahmoniy bosqinchilari 200 yildan ortiq o’lkada hukmronlik qilib, boyliklarni taladilar. Shu orada Turkiston xalqi ozodlik kurashini to’xtatmadi. Bu haqda podshoh Doro I yozadi: “Men Bobil (Vavilon)da band bo’lib, sust harakat qilgan paytimda tubandagi mamlakatlar mendan bosh tortib, ayrilib ketdilar: Sug’diyona, Midiya, Asur, Armeniya, Parfiya, Marg’iyona (Marv), Sattakidiya va saklar”. Marg’iyonadagi va Parfiyadagi kurash haqida shunday yozadi: “Marg’iyona viloyati mendan bosh tortdi. Unda Firaat (Farhod) degan kishi bor edi; uni o’zlariga hukmdor qilib ko’tardilar. Men unga qarshi Baqtriya satrapi boshliq askar yubordim… Shundan keyin bu viloyat yana menga qaram bo’ldi. Parfiyaliklar ham Girkaniya (Gugon)liklar menga qarshi bosh ko’tarib, Firaat (Farhod)ning tomoniga o’tdilar, men saklarga qarshi yurish qildim, dushmanni o’ldirdim va asir oldim. Menga qarshi bosh ko’targan (saklar boshlig’i Sakuka nomli kishi edi…) men uni yengdim”. Ammo, o’lkada Ahmoniylarning hukmronligiga qarshi kurash to’xtamadi. Miloddan oldingi IV asrda Baqtriya o’z mustaqilligini tikladi, lekin u yana Ahmoniylar tomonidan bosib olindi. Shundan keyin Zarafshon, Qashqadaryo va Surxondaryo havzalaridagi joylar Baqtriya tarkibiga kiritildi. Ayrim ma’lumotlarga ko’ra Xorazm, so’ngra Sirdaryo atrofida yashovchi saklar mustaqillikka erishganlar. Xullas Ahmoniylar qirg’in-barot va vayronagarchiliklar hisobiga hukmronlikni o’rnatib tub aholini qattiq zulm ostida ushlab turdi. Bu holat o’lkaning izchillik bilan rivojlanishiga yo’l bermadi.
Ko’rilayotgan davrda Ahmoniylar imperiyasi Gretsiya va Makedoniyada Aleksandr boshliq yuzaga kelgan kuchli davlat qarshiligiga uchraydi. Ularning o’rtasida jahonda yakkahokimlik uchun kurash qizg’in tus olib boradi. Oqibatda har ikki tomon o’rtasida urush boshlanib, makedoniyalik Aleksandr birin-ketin Ahmoniylar davlatiga zarba berib boradi. So’ngra u katta qo’shin bilan Turkistonga harbiy yurishni boshlaydi.