AJDARGUL

AJDARGUL, itog’iz (Antirhinum) — sigirquyruqdoshlar oilasiga mansub bir yillik va ko’p yillik o’tlar (ba’zan, chalabuta o’simliklar) turkumi. 40 ga yaqin turi bor. Asosan, Yevropa va shimoliy Amerikada, qisman Osiyoda tarqalgan. O’rta Osiyoda Ajdargulning bir turi — yirik ajdargul (Ajdargul majus L.) xushmanzara o’simlik sifatida o’stiriladi. Bu to’rning poyasi 30-60 santimetr, bargi nashtarsimon, pastdan yuqoriga maydalashib boradi. Gullari ikki labli, og’zi yumuq, shingil to’pgullariga yig’ilgan. Ajdargulning qizil, pushti, sariq yoki oq gulli xillari uchraydi. Changchilari to’rtta, gulkosachasi 5 bargchali, tukli. Mevasi — ko’sakcha. O’zbekistonda sigirquyruqsoshlar oilasiga mansub va Ajdargulga o’xshash bir qancha o’simliklar (masalan, zig’irak) ham ba’zan Ajdargul deb yuritiladi.