AJRATILGAN MUHITDA O’STIRISH
AJRATILGAN MUHITDA O’STIRISH, o’simlikni ajratilgan muhitda oziqlantirish —o’simliklar fiziologiyasini tadqiq qilish usullaridan biri; Ajratilgan muhitda o’stirishni birinchi bo’lib rus olimi P. R. Slyozkin qo’llagan (1893). Ajratilgan muhitda o’stirishda o’simlik ildizlari ikki yoki undan ko’proq qismga taqsimlanib, oziq moddalarining har xil aralashmasidan tashkil topgan eritmaga joylashtiriladi. Buning uchun tuproq (ko’pincha qum) yoki eritma solingan (suvli muhit), hajmi turlicha idish ishlatiladi. Idishlardagi oziq moddalarning turli tarkibda bo’lishi ularning o’simliklar tomonidan qanday singdirilish jarayonini kuzatishga imkon beradi.