AKA BUXOR

AKA BUXOR (taxallusi; asl ismi Buxorjon Zokirov) (1894 — Qo’qon — 1962) — o’zbek xalq qiziqchisi. 1916 yildan malakali qiziqchi sifatida taniladi. Qo’qonlik mahkam Hofiz truppasi bilan Toshkentga kelib, «Non garovi», «Yurak og’rig’i», «Ro’molcha o’ynatish» kabi tomoshalar ko’rsatadi. Xalq sozandalari va qiziqchilariga ishboshilik qiladi. Sho’rolar hokimiyatining dastlabki yillarida Aka Buxor eski qiziqchiliklarni davr va tomoshabinlar talabiga moslaydi: «Hasan-Husan», «Olti bola», «Novvoylik», «Mirobboshi», «Boy bilan xizmatkor», «Chaqqon bola» va boshqalar. 40 — yillarda u Shokirjon Toshkanboev, Usmonjon Nishonboev, Xakimjon Parpiev kabi dorbozlar bilan Turkistonning shahar va qishloqlarida tomoshalar ko’rsatadi. Aka Buxor an’anaviy teatrning barcha janrlarida ijod qilgan. Ijrochi sifatida yuz va ko’z ifodalari, tovush ohanglaridan juda ustalik bilan foydalangan. U kulgili o’yinlarni ijro etishda, hajviy hikoyalar aytishda, askiyada ham mohir bo’lgan. Tesha qiziq Komilov, To’ychiqori Rahimov, G’ofurjon Mamayunusov kabi qiziqchilar Aka Buxorga ergashib ijod qilganlar. Ad.: Qodirov M., Masxaraboz va qiziqchilar san’ati, T., 1968.