AKMALXONOV
AKMALXONOV Shavkat Asomovich (1933.18.8, Toshkent) — zootexnik olim. O’zbekiston qishloq xo’jaligi Fanlar Akademiyasi akademigi (1991), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1983). qishloq xo’jalik fanlari doktori (1973), professor (1975). Samarqand qishloq xo’jaligi institutini tugatgan (1956), O’zbekiston chorvachilik ilmiy tadqiqot institutida ilmiy xodim (1961-63), institut direktori (1963-84). VASXNILning O’rta Osiyo bo’limi raisi va VASXNIL vitse-prezidenti (1984-91). 1991 yildan O’zbekiston chorvachilik instituti bo’lim mudiri. Akmalxonovning ilmiy ishlari qoramollar selektsiyasi, sutni sanoat usulida etishtirish texnologiyasi masalalariga bag’ishlangan.