AKSIOMATIK METOD

AKSIOMATIK METOD — aksiomalarga asoslanib ilmiy nazariya qurish usuli. Asos qilib olingan aksiomalar tizimi (aksiomatika) muayyan nazariy tizimda isbotsiz haqiqiy deb qabul qilinadi. Boshqa nazariy bilimlar, xulosalar to’la ravishda aksiomatikadan deduktiv yo’l bilan chiqariladi. Yangi tushunchalar nazariyaga formal ta’riflash yo’li bilan kiritiladi. Aksiomalar tizimi ziddiyatsizlik, to’lalik va bog’liqsizlik shartlarini qanoatlantirishi lozim. Bitta ilmiy nazariyani turli aksiomalar tizimiga asoslanib ham qurish mumkin. Masalan, haqiqiy sonlar nazariyasining turli qurish usullari mavjud. Matematikada Aksiomatik metod qadimgi yunon geometrlari asarlarida shakllana boshlagan. Evklidning «Negizlar» (miloddan avvalgi 300-yillar) asarida bayon etilgan geometrik sistema Aksiomatik metod bilan nazariya qurish namunasidir. 19-asr ikkinchi yarmidan matematikaning turli sohalari Aksiomatik metod bilan qurila boshlandi (turli geometriyalar, arifmetika, ehtimollar nazariyasi va boshqalar). Aksiomatik metodning keyingi taraqqiyoti, mukammalashuvi D. Gilbert kiritgan formal sistema va formalizm metodi bilan bog’liq. Qadimda fanlar, shu jumladan falsafaning turli bulimlarini aksiomalar tarzida bayon qilishga urinib ko’rilgan (Nyuton, Spinoza, Forobiy va boshqalar).