AKSIRISH

AKSIRISH, tushkirish — organizmning himoya reaktsiyalaridan biri. Yot jismlar (chang, shilliq modda, achchiq, qo’lansa islar va boshqalar) burun bo’shlig’idagi shilliq qavatning nerv hujayralariga ta’sir etishi natijasida Aksirish sodir bo’ladi. Ta’sirlovchilar uch tarmoqli nervning burun bo’shlig’ida joylashgan sezuvchi nerv oxirlariga ta’sir etadi. Bunga javoban kishi reflektor tarzda chuqur nafas oladi. So’ngra yumshoq tanglay ko’tarilib, burunning ichki teshigini berkitadi, natijada ko’krak bo’shlig’ida bosim oshib ketadi. Shundan keyin burunning ichki teshigi birdan ochilib, to’planib qolgan havo burun orqali chiqib ketadi. Shilliq qavatni ta’sirlab turgan yot modda ham havo bilan chiqadi. Aksirish ba’zi kasalliklar (masalan, gripp, tumov va boshqalar) ning boshlang’ich belgisi bo’lishi ham mumkin.