AKULA
Bu so’zni baliqchi va dengizchilar odatda dahshat bilan tilga olishadi: akulalar baliqlarni qo’rqitib yuboradi va qiradi, to’rlarni yirtadi, ba’zida odamga ham hujum qiladi. Akulaning og’zi boshining ostida ko’ndalang tor kovakka o’xshaydi, unda bir necha qator o’tkir tishlari bor. Ko’pgina akulalarning terisi tikanli tangachalar bilan qoplangan. Shuning uchun ham soatiga 40 kilometr tezlikda suzayotgan akulaga sal tegib ketilsa, u jiddiy jarohat yetkazadi. Hamma akulalar ham yirtqich bo’lavermaydi. Ko’pchiligi plankton (suvda qalqib yuradigan mayda hayvonlar va o’simliklar), meduza, mayda baliqlar bilan ovqatlanadi. Akulalar bir-biridan kattaligi va tashqi ko’rinishi bilan farq qiladi. Ayniqsa bolg’abaliq ajoyib ko’rinishga ega. Uning boshi ulkan bolg’aga o’xshash bo’lganligi uchun uni shunday deb atashgan. Yana bir g’alati akula arratumshuqdir. Uning uzunligi atigi 1— 2 metr bo’lib, juda dahshatli tumshug’i oldidagi suyakli o’simtaning ikki tomonida xuddi arraga o’xshash o’tkir tishlari bor. Akulalar usti teri bilan qoplangan yirik tuxum qo’yadi yoki tirik bola tug’adi. Hamma akulaning skeleti suyakli bo’lmay, balki tog’aydan iborat. Xuddi shunday skelet bundan million yil avval qirilib ketgan baliqlarda bo’lgan.