AKUSHERLIK
AKUSHERLIK — klinik tibbiyotning bir sohasi. Homiladorlik, tug’ruq vaqtida va tug’ruqdan keyin (chilla davrida) ayol organizmida sodir bo’ladigan fiziologik va patologik jarayonlarni o’rganadi. Asosiy vazifasi: tug’ruqqa yordam berish, homiladorlik kasalliklari (masalan, toksikozlar) da tug’ruq, tug’ruqdan keyin (tug’ruq vaqtidagi shikastlar, qon ketishi va boshqalar) yuzaga kelishi mumkin bo’lgan asoratlarning oldini olish, asoratlar paydo bo’lganda esa ayolga, homila va yangi tug’ilgan chaqaloqqa tibbiy yordam ko’rsatishning eng maqbul usullarini ishlab chiqishdan iborat. Bu vazifani kasalxonalar, tug’ruqxonalar yoki qishloq vrachlik punktlarida akusher-vrach yoki akusherka bajaradi. Akusherlik — tibbiyotning qadimgi sohalaridan biri. Tibbiyotga oid qadimgi kitoblarda (masalan, «Ayurveda») tug’ruqqa yordam berishning ayrim usullari keltirilgan. Abu Ali Ibn Sino o’zining «Tib qonunlari» asarida xotin-qizlar gigiyenasi va kasalliklariga, jumladan Akusherlikka alohida bob ajratgan. Ilmiy Akusherlik 17 18 — asrlardan boshlab anatomiya, embriologiya, fiziologiya va klinik tibbiyot sohasidagi yutuqlar bilan bog’liq holda rivojlanmoqda. Akusherlik bilan ginekologiya bir butun fandir. 19 — asrda efir va xloroformdan og’riqsizlantirish maqsadida foydalanish, infektsiyaning tarqalish yo’llari va unga karshi kurash usullarining kashf etilishi Akusherlikning taraqqiy etishiga turtki bo’ldi. Akusherlikda jarroxlik usullari keng qo’llanila boshlandi. 20-asrda kimyo, fiziologiya, bakteriologiya va boshqa nazariy fanlar yutuqlarining Akusherlikda joriy etilishi Akusherlikning bir qancha masalalarini, masalan, homiladorlik fiziologiyasi va dietetikasi, tug’ruqni og’riqsizlantirish, homiladorlarda kechadigan ayrim kasalliklar, toksikozlar, anemiya va boshqalarni chuqurroq anglash imkonini berdi. O’zbekiston Respublikasida Akusherlik ijtimoiy masala darajasiga ko’tarilib, ona va bolalikni muhofaza qiladigan juda ko’p muassasalar ishlab turibdi. Akusherlik oliy va o’rta tibbiyot o’quv yurtlarida fan sifatida o’qitiladi.