AKUSTIK REZONATOR

AKUSTIK REZONATOR (Gelmgols rezonatori) — kichik tirqish yoki naycha orqali tashqi muhit bilan tutashgan idish. Past takroriylikli (chastotali) tebranishlarni o’z o’lchamlaridan ancha katta masofaga tarqatadi. Gelmgols va Reley nazariyalariga ko’ra, Akustik rezonatorni bitta erkinlik darajali tebranish tizimi deb qarash mumkin. Masalani soddalashtirib qaraganda barcha kinetik energiya rezonator bo’g’zida harakatlanuvchi havo qatlamida to’plangan, potentsial energiya esa idish ichidagi havoning elastic deformatsiyasiga bog’liq deyish mumkin. Bu holda Akustik rezonatorning xususiy takroriyligi idish va idish bo’g’zining shakliga bog’liq bo’lmaydi. Agar Akustik rezonator G’ takroriyligi bo’lgan garmonik tovush maydoniga joylashtirilsa, shu G’ takroriylik Akustik rezonatorning xususiy takroriyligi f0 ga teng bo’lganda Akustik rezonatordagi majburiy tebranishlar amplitudasi tovush maydoni amplitudasidan bir necha marta ortib ketadi. Xususiy takroriylik ma’lum bo’lsa, tashqi tovush takroriyligini topish mumkin. Akustik rezonatorning bu xususiyati tovush maydonini uning takroriyliklariga qarab tahlil qilishga imkon beradi. Rezonans bo’lganida Akustik rezonator bo’g’zi yoki naychasida havo zarralari katta tezlik bilan tebranadi va ishqalanish mavjud bo’lganida takroriylikli tovush jadal yutiladi. Akustik rezonatorning bu xossasidan me’moriy akustikada foydalaniladi.