AKUSTIK SHOVQIN

AKUSTIK SHOVQIN – garmonik bo’lmagan tovush to’lqinlari. Turmushda Akustik shovqin nutq va musiqani to’g’ri eshitishga xalaqit beruvchi turli tovushlar shaklida uchraydi. Akustik shovqin quyidagi turlarga ajraladi: 1) qattiq jismlar tebranishi natijasida vujudga keladigan mexanik shovqin; 2) harakatlanayotgan gaz, bug’ yoki suyuqliklarda uyurma oqimlar qatlamining turli tezlik bilan harakatlanishi tufayli hosil bo’ladigan aero yoki gidrodinamik shovqin; 3) gazlarning yonishi natijasida yuz beradigan uyurma oqim va zichlik o’zgarishlaridan hamda portlash yoki razryad paytida qisqa vaqtda bosimning ortishi tufayli vujudga keladigan termik shovqin; 4) suyuqlikdagi pufakchalarning yorilishi natijasida hosil bo’ladigan Kavitatsion shovqin. Tutash spektrli shovqin «Qq shovqin» deyiladi. Akustik shovqinni nazariy o’rganishda ehtimollik nazariyasiga asoslangan statistik fizika qonunlaridan foydalaniladi. Akustik shovqinni o’rganishdan asosiy maqsad uning manbalarini aniqlab, odam organizmiga hamda ba’zi bir tizimlarga ko’rsatadigan salbiy ta’sirini kamaytirishdan iborat. Akustik shovqin xossalari turli analizatorlar yordamida aniqlanadi. Akustik shovqinning eshitish a’zolariga ta’siri uning jadalligi va takroriyligiga bog’liq. Uzoq vaqt ta’sir etuvchi Akustik shovqin kishiga salbiy ta’sir ko’rsatadi, charchashni kuchaytirib, ish qobiliyatini pasaytiradi. Jadalligi 80-90 db va tarkibida past takroriylikli tovushlardan tashqari ultratovush takroriylikli tovushlar bo’lgan Akustik shovqin ta’sirida kishining asabi buzilishi natijasida oshqozon va ichak yarasi, gipertoniya va boshqa kasalliklar kelib chiqishi mumkin. Odatda, sanoat korxonalari va qurilish muassasalarida Akustik shovqinni kamaytirish choralari ko’riladi. Ba’zan, Akustik shovqindan xabarchi (signal) sifatida foydalaniladi. Masalan, suv osti kemasining yaqinlashuvini undan tarqaladigan Akustik shovqindan sezish mumkin.