AL GU

AL GU, Olgu (7-1264) — Chig’atoy ulusi xoni (1260-64). Mashhur mo’g’ul mergani Baydarning o’g’li, Chig’atoyxonning nabirasi. Qoon Munke vafoti (1259) dan so’ng oliy hokimiyat taxtiga ayni vaqtda uning ikki ukasi — Xitoyda Xubilay va Mo’g’ulistonda Oriqbuqo da’vogarlik qildi. Natijada taxt uchun o’zaro kurash boshlanib, Xubilay Xitoydan Mo’g’ulistonga g’alla yubormay qo’ydi. Shunda Oriqbuqo Al guga ocharchilik boshlangan Mo’g’ulistonni Turkiston g’allasi bilan ta’minlashni topshirdi. Lekin Al gu Koshg’arga kelgach, Chig’atoy xonadoniga mansub shahzodalar va ularning tarafdorlarini o’z atrofiga to’plab, jiyani Nikpayo’g’ilni 5 ming kishilik qo’shin bilan birgalikda Movarounnaxrni bosib olish va u yerdan Berkaxon noiblarini quvib chiqarish uchun jo’natdi. Shu tariqa Movarounnahr egallanib (1261), Al gu o’zini mustaqil xon deb e’lon qildi. Keyin u Xubilay, Oriqbuqo, Berkaxon va O’qtoyxonning nabirasi Xayduga qarshi muvaffaqiyatli urushlar olib borib, hatto hech qachon Chig’atoy ulusi tarkibiga kirmagan Xorazm va Afg’onistonda ham o’z hukmini o’rnatdi (1262-64). Al gu davrida olib borilgan urushlar oqibatida Movarounnahrning ko’plab shahar va qishloqlari, bog’-rog’ va ekinzorlari vayron bo’ldi, minglab tinch aholi qirildi, xalq zimmasiga og’ir majburiyat va soliqlar yuklandi.