«AL-MAGEST»
«AL-MAGEST» (Arabcha — Almajistiy, lotincha Almagestum — «Buyuk qurilish») — yunon astronomi Ptolemeyning mashhur asari; 150-160-yillarda yozgan. Bag’dod xalifasi Ma’munning farmoni bilan taxminan 825 yilda Arab tiliga tarjima qilingan. Yunon astronomik komusi hisoblangan. «Al-magest»da muallif o’zining ilmiy tekshirishlarini qo’shgan holda o’sha davrda ma’lum bo’lgan astronomik bilimlarni bayon etgan. Unda olam tuzilishining geosentrik tizimi birinchi marta bayon etilgan bo’lib, Quyosh, oy, sayyoralar va yulduzlarning ko’rinma harakati tushuntiriladi. Bu tizimga ko’ra, olamning markazida er turadi va u harakat qilmaydi. «Al-magest»da 1028 ta yulduzni o’z ichiga olgan qadimgi yulduz jadvallaridan biri ham bor. Astronomiyaning chuqur tushunchalariga asoslanib yozilgan «Al-magest» butun dunyoga keng tarqalgan. Abu Rayhon Beruniy «Al-magest»ni qadimgi hind tiliga tarjima qilgan. 1515 y. «Al-magest» Venetsiyada Arab tilidan lotin tiliga tarjima qilinib nashr etilgan. «Al-magest» Yevropa tillariga ham tarjima qilingan.