AL-MASJID AL-AQSO

AL-MASJID AL-AQSO (Arabcha -uzoqdagi masjid) — Quddus (Ierusalim) shahridagi qadimgi ibodatxona (Sulaymon ibodatxonasi). Qur’onda shu nom bilan tilga olingan. Islomdan ilgari arablar, undan keyin musulmonlar jamoasining a’zolari Al-masjid al-Aqso tomonga qarab ibodat qilganlar. 624 yilda Makkadagi Ka’ba qibla deb e’lon qilingandan keyin u tomonga qarab ibodat qilish to’xtatilgan. Keyinchalik 7-asr oxiri — 8-asr boshida xalifa Abd al-Malik tomonidan bu yer Haram ash-Sharif deb atalgan va Islom ibodatxonalari majmui — Qubbat assaxra (687— 691) masjidi va boshqalar barpo etilgan. Majmuaning hammasi xalq orasida Al-masjid al-Aqso ham deyiladi. Masjid dastlab xristian ibodatxonasi shaklida bo’lgan. Yozma manbalarga ko’ra, tarhi (102,80×69,20 metr) ko’ndalangiga qiblaga qaratib, II nefli, ravoqli qilib ishlangan. O’rta nefi kengroq, tomi tekis qilinib mehrob bilan tugallangan (hozir gumbazli xonani tashkil qiladi). Ikki yon tomonidagi neflarning tomi qiya nishabli qilib yopilgan. Ravoqlari marmar ustunlarga tayangan. Janubiy qismidagi ravoq va ustunlar Axomaniylar davriga oid, shim. qismidagi koshin qoldiqlari 1035 yilga oiddir. Keyinchalik masjid tosh va yog’och o’ymakorligi bilan bezatilgan.