ALARIX I

ALARIX I (taxminan 370-410 yillar oxiri) — vestgotlar qiroli (395 yildan). Frakiyaga bostirib kirgan, Afinani egallagan, Korinf, Argos, Spartani vayron qilgan. Sharqiy Rim imperiyasi imperatori Arkadiy Alarix I bilan sulh tuzib (396), unga Illirikdagi armiya magistri unvonini bergach, vestgotlar federatlar sifatida Illirikka kelib joylashgan. 401 yil Alarix I Italiyaga bostirib kirgan, biroq vandallarpyan bo’lgan Rim sarkardasi Stilixon uni chekinishga majbur qilgan. 408 yil Alarix I yana Italiyaga bostirib kirib, Rimni 3 marotaba qamal qilgan (qadimgi muarrixlar qamaldagi Rimdan Alarix I armiyasiga ko’plab qullar qochib o’tganligi haqida xabar berishadi); 410 yil 24 avgustda Alarix I Rimni olib, uch kun davomida talon-taroj qilgan. Rimning varvarlar tomonidan ilk marta olinishi (g’allarning miloddan avvalgi 4-asrda Italiyaga qilgan istilosidan keyin) zamondoshlarda katta taassurot qoldirgan; bu g’alaba varvarlar tomonidan G’arbiy Rim imperiyasining uzil-kesil bosib olinishining boshlanishi edi. Alarix I Janubiy Italiyada Sisiliya va Afrikaga yurish qilishga tayyorgarlik ko’rayotib vafot etgan.