ALASH O’RDA

ALASH O’RDA — qozoq xalqining milliy ozodlik, mustaqillik uchun kurashiga rahbarlik qilgan milliy partiyasi va Muxtor hukumati (1917 yil aprel — 1920 yil mart). 1917 yil 27 aprel — 7 may kunlari Semey viloyati qozoq vakillarining kengashi bo’lib, unda bo’lajak Butunqozoq vakillari qurultoyida Qozog’istonning muxtoriyatini tuzish masalasi ko’rildi. 1917 yil 21-26 iyul kunlari Orenburgda Butunqozoq vakillari qurultoyi bo’lib, unda Oqmo’la, Semey, To’rg’ay, O’rol, Yettisuv, Sirdaryo, Farg’ona viloyatlari, shuningdek ichki Bukey o’rdasi vakillari ishtirok etishdi. Qurultoyda mamlakatni boshqaruv shakli, qozoq viloyatlari muxtoriyati, yer masalasi, xalq militsiyasi, zemstvo, xalq ta’limi, qozilik, diniy masalalar ko’rildi. Qozoq demokratii hokimiyatini tuzish, islohotlar, xalqning o’zini-o’zi boshqaruvi uchun zaruriy muzoqaralar uyushtirish masalalari muhokama qilindi. Qurultoyda qozoqlarning Alash partiyasini tuzish masalasi Ko’rildi. Alash partiyasi joylarda mahalliy xalq hokimiyatini o’rnatishga kirishdi. 1917 yil 19 dekabrda Yettisuvda hokimiyat mahalliy xalq vakillari qo’liga o’tdi. 1917 yilning 5-13 dekabr kunlari Orenburgda Alash partiyasining navbatdagi uchinchi qurultoyi bo’lib o’tadi. Qurultoy 13 dekabrda poytaxti Semipalatinsk shahri bo’lgan Alash O’rda muxtoriyatini e’lon qiladi. Alixon Bukeyxon o’g’li hukumat boshlig’i etib saylanadi. Tez orada bu hukumat 27 ming nafarlik milliy qo’shin va tartibni saqlash bo’linmalarini tashkil etdi. Qurultoyda Alash partiyasining dasturi loyihasi qabul qilinib, umumxalq muhokamasi uchun «qozoq» gazetasida e’lon qilinadi. O’n bo’limdan iborat bu hujjatda partiyaning mamlakat bo’yicha tuzilishi, mudofaa, din, ilm-fan yo’lidagi faoliyati, agrar masala bo’yicha vazifalar belgilandi. 1918 yil martida O’rol viloyatida o’tkazilgan saylovlarda mustaqillik kuchlari g’olib chiqdi. Ammo, 29 martga o’tar kechasi teskari kuchlar va bolsheviklar harbiy to’ntarish o’tkazdilar. O’rol viloyati ijroqo’mining 60 nafar vakili qamaldi va azoblab o’ldirildi. Yettisuv viloyatida 1918 yilning 2-3 martida bolsheviklar Alash partiyasi vakillarini qamoqqa oldilar. Orenburgda To’rg’ay viloyati Sho’rolarining 1-qurultoyi (1918 yil 21 mart — 3 aprel) da ham bolsheviklar g’olib chiqdi. Shu kunlari Oqmo’la uezdi qozoq vakillari Sho’rolari qurultoyida bolsheviklar tazyiqi bilan Alash O’rda muxtoriyatiga qarshi qaror qabul qilindi. Alash O’rda partiyasining Orenburgda chiqib turgan «qozoq» gazetasi yopildi. Uning egallab turgan binosi va mulki musodara qilindi. Alash O’rda siyosiy partiyasi tashkilotchilaridan Alixon Bukeyxon (1869-1937) va Mirjaqib Davlat o’g’li (1885-1935) kabilar quvg’in qilinib, ta’qib ostiga olindi. Oqgvardiyachilar deb atalgan Sibir hukumatini rasmiy tarzda tan olgan Alash O’rda hukumati ataman Dutov bilan til biriktirib Sho’ro hukumatiga qarshi chiqdi. Dutov tor-mor keltirilgach, Umumqozoq Revkomi qarori bilan Alash O’rda 1920 yilning martida tugatildi. Naim Norqulov.