ALEATIKO
ALEATIKO, Aleatiko Pero, uva liatika— vinobop uzum navi. 1830 yilda Italiyadan Krimga, 19 — asrning 2-yarmida O’zbekistonga keltirilgan. O’rta Osiyoda keng tarqalgan. Tupi o’rtacha o’sadi. Bargi bir oz cho’ziq, arra tishli, tuksiz. Guli ikki jinsli. Uzum boshi konussimon tsilindr shaklida, o’rtacha kattalikda (bo’yi 15-18 santimetr, eni 10-13 santimetr), og’irligi 140-150 gramm, shingillari o’rtacha tig’iz. G’ujumi dumaloq, qizg’ish-ko’k. Eti muskat hidli, shirador; hosili faol harorat 2800°-3200° bo’lganda 140-160 kunda pishib yetiladi (sentabr o’rtalarida), tarkibidagi qand 25-26% ga yetadi. Hosildorligi 90-100 tsentner/gektar. Toki suvsizlikka chidamsiz. Aleatiko o’tloqi va soz tuproqlarda yaxshi o’sadi. Raga bilan zararlanadi, kul kasalligiga chidami o’rtacha.