ALEKSANDR I
ALEKSANDR I (1777.12.12, Peterburg — 1825.19.11, Taganrog)— Rossiya imperatori (1801-25). Otasi imperator Pavel I saroydagi fitna oqibatida o’ldirilgach (1801), taxtga o’tiradi. Aleksandr I Vena Kongressi va «Muqaddas ittifoq» (1815) ning tashkilotchilaridan biri. U ichki siyosatda mo’tadil Liberal islohotlarni amalga oshirgan [ministrliklar va Ministrlar kabineti ta’sis etgan (1802), Peterburgda pedagogika instituti ochtirgan (1804) va boshqalar] bo’lsada, shu bilan birga harbiy qishloqlar tashkil etadi, dehqon va soldatlar qo’zg’olonini shafqatsizlik bilan bostiradi. 1810-yillar o’rtasidan tarixga arakcheevchilik nomi bilan kirgan o’ta reaktsion ichki siyosat yurita boshlagan. Aleksandr I davrida Gruziya (1801), Finlyandiya (1809), Bessarabiya (1812), Ozarbayjon (1813) yerlari; sobiq Varshava gersogligi (1815) Rossiya tomonidan bosib olinadi.