ALEKSANDRIYA (ISKANDARIYA) MUSEYONI
ALEKSANDRIYA (ISKANDARIYA) MUSEYONI (Yunoncha Museyon — muzalar ibodatxonasi) — Aleksandriya shahridagi qadimgi ilmiy, adabiy va oliy ta’lim muassasasi. Miloddan avvalgi 3-asrda podsho Ptolemey I asos solgan. Uni oliy darajadagi kohin boshqargan. Ptolemeylar museyonga barcha ellinistik mamlakatlardan olim va yozuvchilar (masalan, Evklid, Eratosfen, Kallimax va boshqalar) ni taklif qilgan. Museyon qoshida kutubxona bo’lgan. Kutubxonaga podsho tomonidan tayinlagan olim mudirlik qilgan. Miloddan avvalgi 48 yil Aleksandriya urushi vaqtida Museyonning bir qismi yonib ketgan. Rim imperiyasi davrida Museyon asta-sekin o’z mavqeini yo’qota boshlagan. 273 yil esa imperator Avrelian qo’shinlari Aleksandriyani bosib olish chog’ida Museyon va kutubxonani vayron qilib, o’t qo’yib yuborganlar.