ALIMATOV TURG’UN

ALIMATOV TURG’UN (1922.20.1, hozirgi Toshkent viloyati Keles qishlog’i) — sozanda (dutor, tanbur, sato). O’zbekiston xalq artisti (1992). Toshkent pedagogika instituti ishchi fakulteti to’garagida (1937-40) tanbur, g’ijjak (skripka) chalishni o’rgangan. Keyinchalik xalq va professional ijro uslublarini Shobarat tanburchi, Nabi tanburchi, Mulla To’ychi Hofiz, Yu. Rajabiylardan o’zlashtirgan. 2-jahon urushi qatnashchisi (1942-43). Yosh tomoshabinlar teatri (1940-42), Muqimiy teatri (1943— 46) da g’ijjakchi, O’zbekiston radiosi xalq cholg’ulari orkestri (1947— 52, 1957-59), Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli (1959-85) da sozanda. Turli musiqa to’garaklariga rahbarlik qilgan. 1985 yildan Toshkent davlat konservatoriyasi an’anaviy ijrochilik kafedrasida o’qituvchi, professor (1994 yildan). Alimatov dutor, tanbur va sato ijrochiligini mukammal o’rganib, o’ziga xos ijro uslubini yaratdi. Badihago’ylik, soz pardalarini o’ta mungli va dardli yangratish, torlarni noziq nolalantirib chalish Alimatov ijrochilik uslubiga xos. Repertuarida xalq kuylari, maqom va mashhur ashulalarning cholg’u yo’llari («Dutor navosi», «Tanavor I—II», «Tanbur navosi», «Chorgoh», «Munojot», «Nola», «Navo», «Navro’zi Ajam», «Eshvoy», «Buzruk», «Ey, sabo», «Kuygay» va boshqalar) katta o’rin olgan. Ovoz rejissyori N. Hasanov yordamida yakka sozlar (dutor-tanbur, dutor-Sato, tanbur-Sato-dutor va boshqalar) da o’ziga xos yakkanavoz «Ansambl» tarzida ijro etgan cholg’u kuylari 10 dan ortiq gramplastinkalarda chiqarilgan. Xalqaro musiqa anjumanlari (Moskva, 1971; Olmaota, 1973; Samarqand, 1978, 1983, 1987 va boshqalar) ning kontsertlari qatnashchisi. Chet ellar (AQSh, Frantsiya, Germaniya) da gastrollarda bo’lgan. «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (1997). Ad: Olimboeva K., Turg’un Alimatov [«O’zbek ayoli hayotida musiqa» kitobida], T., 1996.