ALISHER NAVOIY NOMIDAGI O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MUKOFOTI

ALISHER NAVOIY NOMIDAGI O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MUKOFOTI — O’zbekiston Respublikasining badiiy ijod sohasidagi eng oliy mukofoti. O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan 1989 yil 13 sentabrda ta’sis etilgan. O’zbekistonning madaniy hayotida katta voqea bo’lgan, milliy qadriyatlar xazinasini boyitgan adabiyot, san’at va me’morlik sohasidagi eng yorqin va sermazmun asarlar uchun beriladi. Bu mukofotga respublikada hamda chet ellarda e’lon qilingan, alohida kitob shaklida nashr qilingan, ommaviy ravishda ijro etilgan, ko’rsatilgan va namoyish qilingan hamda keng jamoatchilik tomonidan yuqori baholangan badiiy asarlar, san’at namunalari taqdim etiladi. Taqdim etilgan ishlar vazirliklar, davlat qo’mitalari, ijodiy uyushmalarning respublika miqyosidagi idoralari va xalqaro jamoat tashkilotlarining qarorlari asosida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat mukofotlari qo’mitasi tomonidan qabul qilinadi. Taqdim etilgan bir asar uchun mukofot olishga talabgorlar soni 3 kishidan oshmasligi kerak. Mukofot O’zbekiston adabiyoti, san’ati va me’morchiligi bilan bog’liq bo’lgan eng yaxshi ishlar uchun boshqa mamlakatlarning madaniyat arboblariga ham berilishi mumkin. Mukofotlarni 1996 yildan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan, har 3 yilda bir marta Mustaqillik bayrami arafasida berish tartibi joriy qilingan. Mukofotning har biri 200 ta eng kam oylik ish haqi miqdorida belgilangan. Mukofotlanganlarga tantanali vaziyatda sovrindorlik yorlig’i va faxriy nishon topshiriladi. Mukofot sovrindorining nishoni ko’krakning o’ng tomoniga taqiladi. Mukofot takroran berilmaydi. 1991 yilada 9 kishi, 1994 yilda 12 kishi (1 kishi xorijdan) 1996 yilda 4 kishi mukofotga sazovor bo’lgan.