ALKOGOLIZM

ALKOGOLIZM — tibbiyot nuqtai nazaridan spirtli ichimliklarni mudom ichaverish oqibatida ro’y beradigan surunkali kasallik; ashaddiy ichkilikbozlik. Keng ma’noda — spirtli ichimliklarni me’yoridan ortiq ichishning kishilar sog’lig’i va mehnat qobiliyatiga, ma’naviy va maishiy hayotiga, shuningdek jamiyat farovonligiga yetkazadigan zararlari majmui. Alkogolizm individual va ijtimoiy hayotning hamma shakllariga ta’sir ko’rsatadi. Ichkilik ta’sirida odamlar jamiyat va davlat oldida mas’uliyat sezish hissini yo’qotib qo’yadi, bezorilik va qonunni buzishga aloqador boshqa xatti harakatlarni qilishi mumkin. Alkogolizm ishlab chiqarishga zarar yetkazadi, mehnat intizomining buzilishi va unumdorligining pasayishi, odamlarning xastalanib qolishi va hatto bevaqt halok bo’lishiga olib keladi. Mastliqda odamning muvozanatni yaxshi saqlay olmasligi, diqqati chalg’ib, atrofdagi vaziyatni aniq bila olmasligi baxtsiz hodisalarga sabab bo’ladi. Alkogolizm rivojlanishida boshlang’ich, o’rta va so’nggi bosqich alomatlari kuzatiladi. Boshlang’ich bosqich — asosan alkogolga nisbatan haddan ortiqroq maylning paydo bo’lishi va unga bo’lgan chidamlilik (tolerantlik)ning oshishi, qusish himoya refleksining yo’qolishi, yashirin yoki yolg’iz ichib mast bo’lish, ichayotgan alkogol miqdorini nazorat qila olmay qolishi, perforasion amneziya, faqat ichaverish to’g’risidagi istakning miyaga o’rnashib qolishi, alkogoldan o’zni tiyganda holsizlanish (asteniya) holatining yuzaga chiqishi bilan ifodalanadi. O’rta bosqichda — alkogolga bo’lgan chidamlilik juda oshadi, «alkogol ochligi» — Humor (abstinent) holatining yuzaga kelishi, alkogolga bog’lanib qolish, soxta mayzadalik (psevdozapoy), alkogol psixozlari va shaxsning ruhiy jihatdan tubanlashuvi kuzatiladi. So’nggi bosqich esa alkogolga chidamsizlik (intolerantlik), muttasil ichishning davriy tus olishi, chin mayzadalik, ruhiy va jismoniy zaiflashish, nerv va ichki a’zolar faoliyatining izdan chiqishi, dispeptik holat, o’tkir va surunkali alkogol psixozlari, xotira va es-hushning aynishi bilan ifodalanadi. Alkogolizm odam organizmidagi hamma sistemalar va a’zolar faoliyatiga putur yetkazadi. Ichkilikboz odam o’zi ichayotgan ichkilik miqdorini bilmay qo’yadi, Markaziy va periferik nerv sistemasi faoliyati buzilib (psixik kasalliklar, nevritlar va boshqalar paydo bo’ladi), ichki a’zolar funktsiyasi izdan chiqadi. Ichkilikning zaharli ta’siri moddalar almashinuvi, ayniqsa vitaminlar almashinuvining buzilishiga olib keladi. Ichkilikboz odam qo’l barmoqlari, ko’z qovoqlari, til uchining titrab turishi, shuningdek har kuni bajarib yurgan odatdagi ishini bajara olmay qolishi mumkin. Ko’p ichadigan odamda ko’z xiralashib, ba’zan quloq ham og’ir tortib qoladi. Ichkilikning me’daga ta’siri natijasida shu a’zoning barcha funktsiyalari buziladi. Ichkilik ayniqsa jigarga zararli ta’sir ko’rsatib, jigar tsirrozi yuzaga keladi. Alkogolizm pankreatit, kand kasalligi, stenokardiya va miokard infarkti kasalliklariga ham sabab bo’ladi. Ichkilik ichki sekretsiya bezlari va birinchi galda jinsiy bezlarga zarar qiladi, mijoz susayib, jinsiy zaifli paydo bo’ladi. Ayollar ichkilik ta’sirida tez so’lib qoladi, pushti susayib, homiladorlik vaqtida har xil asoratlar ko’proq uchraydi. Mudom ichib yurish kishining barvaqt qarib, nogiron bo’lib qolishiga olib keladi. Alkogolizm ning oldini olish. Alkogolizm belgilari paydo bo’lganda, ichkilikbozni narkologiya shifoxonalariga yotqizib, uzoq vaqt davomida narkolog vrach kuzatuvida muntazam davolanishni tashkil qilish kerak. Mirqobil Xalilov.