Alkogolizm

Alkogolizm-spirtli ichimliklarni surunkali iste’mol qilish tufayli yuzaga keladigan zaharlanish, kishi tabiatiga ega ruhiy xastalik, xumor qilishlik shakllaridan biri. JST tomonidan Alkogolizm shunday tavsiflanadi: spirtli ichimliklarni iste’mol qilishga majburlik, bu surunkali yoki vaqti-vaqti bilan ularni iste’mol qilishda hamda alkogolga chidamlilikning o’zgarishida (dastlab organizm qarshiligi oshadi, so’ng susayadi) namoyon bo’ladi. Spirtli ichimliklarni ichish to’xtatilgandan so’ng somatik, vegetativ, nevrologik buzilishlar yuzaga keladi, chuqur va barqaror ruhiy hamda somatik-nevrologik buzilishlar, shuningdek, turli darajadagi ijtimoiy nomutanosibliklar paydo bo’ladi.

Alkogolizm hodisa sifatida sotsial kasalliklar qatoriga kiradi, chunki u jamiyat a’zolari ongidagi ijtimoiy, iqtisodiy ziddiyatlar mavjudligi bilan bog’liqdir. Shunday muammolar qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:

  • Spirtli ichimliklarning erkin va mo’l tarzda bo’lishi (ayrim mamlakatlarda go’yo tijoratda ko’plab daromadga ega bo’lish mumkinligini ro’kach qilib, bunga yo’l qo’yilmoqda. Lekin mutaxassislarning fikricha, spirtli ichimlik sotishdan kelgan bir so’m foyda jamiyatga bevosita yoki bilvosita to’rt-besh so’m zarar bo’lib tushmoqda) yoki siyosiy mulohazalarga ko’ra yo’l qo’yilmoqda (sarxush xalqni boshqarish ancha oson kechadi-da);
  • Spirtli ichimliklarni oziq-ovqat mahsulotlari qatoriga qo’shish; spirtli ichimliklar ichishga o’ta loqayd munosabatda bo’lish; ichkilik bilan o’tkaziladigan urf-odatlar, marosimlarning madaniy-tarixiy an’anaga aylanib qolganligi. Alkogolizmning kelib chiqishiga ichimlik tarkibidagi alkogolning sarxushlantiruvchi, kayf beruvchilik jihati samarali ta’sir ko’rsatgan; alkogol insonga go’yo yaxshi kayfiyat baxsh etadi, uni dilkash suhbatdoshga aylantiradi, odamshavanda, saxiy, tanti qiladi. Lekin bular barchasi o’tkinchi holat. Alkogolizmning ayrim shaxslarda kasallik tarxida rivojlanishida oilaviy, individual-biologik, individual-ruhiy omillar va mikroijtimooiy muhit katta ahamiyatga ega. Tuzilishi yoki vazifasiga ko’ra to’la-to’kis bo’lmagan oila e’tiqodi va boshqalar), oilada ichkilikbozlik an’anasining rivojlanishi Alkogolizm paydo bo’lishi xavfini oshiradi, shuningdek, unga nisbatan individual yoqtirishlikning kuchayishi, miya va ichki a’zolarda ayrim kasalliklarning mavjudligi, shaxsning ayrim aktsentuatsiya yoki ruhiy yetishmovchilik darajasining yuqoriligi, yaqin kishilarining spirtli ichimlik ichishni rag’batlantirishi hamda o’zi ixlos qilgan kishilarning daldasi ham Alkogolizm rivojlanishiga olib keladi.

Alkogolizmning individual qaror topishi quyidagi bosqichlarda o’tadi:

  1. Bolalikda — ichimlik ichish malakasi, an’anasi, odatlar, udumlarini egallash va o’zlashtirishda.
  2. O’smirlik davrida — spirtli ichimlik va u bilan bog’liq tadbirning ta’sirida amalda tanishilgan birinchi tajriba (salbiy, asabiy, ruhiy samara his etilgan dastlabki ichkilikbozliklarda, shulardan birida alkogoldan zaharlanishning psixotrop samarasi ilk bora his etilishida).
  3. Ichish malakasini amalda o’zlashtirishda — boshlang’ich individual ichimlik ichish maromida.
  4. Spirtli ichimliklarga individual ustuvorlikning yuzaga kelishida (uni qabul qilishning estetik-gastronomik mohiyatini shakllanishida).
  5. Boshlang’ich psixotropik samaraning so’nishida (individual me’yorning oshib borishida).
  6. Ichkilikbozlik sabablarining kamayishida — ichkilik uchun vajlarning ahamiyati pasayishida, ichkilikbozlikning tez-tez bo’lib turishida, ichiladigan spirtli ichimlikning me’yori va quvvatning oshishida;
  7. Oilaviy ichkilikbozlik.
  8. Muammoli ichkilikbozlik.
  9. Alkogolizmning dastlab birinchi, keyin ikkinchi va nihoyat uchinchi bosqichlari.

Kasallanish holatini his etish kishi a’zosining himoyalanish imkoniyati tugaganda boshlanadi (spirtli ichimlik me’yoridan oshganda yuzaga keladigan qayt qilish). Birinchi bosqichda boshlang’ich holdagiga qaraganda bardosh berishlik (bir martalik yoki bir kecha-kunduzlik alkogol me’yoriga ko’ra) uch-besh marta oshadi, ichishlik muntazam bo’lib qoladi, qaor kunlar to’xtovsiz ichishga layoqat paydo bo’ladi, yoqtirmay qolish hissi yo’qoladi, Ertasiga kecha kechqurun bo’lgan ayrim voqea-hodisalarni ko’pincha eslay olmaslik yuz beradi, muntazam ichib turish — alkogolga ruhan bog’lanib qolish (xumor qilib turish) paydo bo’ladi, garchi bunga qarshilik qilish hissi tamoman yo’qolmagan bo’lsa-da, uni rad etish istagi o’qtin-o’qin uyg’onsa-da, lekin bari bir alkogol g’olib chiqadi. Kishida alkogolga o’rganib qolish oqibatida ichkilik bilan bog’liq vaziyatlar, holatlar haqidagi fikrlar — toliqish, ishga qobillikning pasayganligi haqidagi fikrlar, asabiylik, turli kasalliklarning kuchayish tashvishi paydo bo’ladi. Ikkinchi bosqich alkogol amniziyasi — o’tgan kecha yuz bergan voqea-hodisalarni to’liq eslay olmaslik paydo bo’lgandan boshlanadi. Ertalablari uyg’onganda bosh yorilgudek bo’lib, lo’qillash paydo bo’ladi. Ichkilikka ruju qo’yish bamisoli chanqoqlik, ochlik kabi hissiyotni yuzaga chiqaradi. Ichishlik vaqti-vaqti bilan (“bosh ko’tarmay” ichish holati) yoki muntazam, amalda har kuni ichishlik tushini oladi. Chidamlilik yuqori darajada, fikrlash faqat bitta narsaga “ichishga” yo’nalgan bo’ladi. Sarxushlik holati o’zgargan tavsifga ega bo’ladi. Alkogolizmning bu bosqichida alkogol ta’siri ostida kuchli ruhiy noxushlik yuz beradi. Bunday holatlardan biri so’zlashuvda “belaya goryachka”, ya’ni og’izdan oq ko’pik keladigan holat deb ataladi. Ikkinchisida gallyutsinatsiya (ko’zga har xil narsalar ko’rinishi), paranoid (alahsirash) holati sodir bo’ladi. Ko’pincha befarqlik rivojlanadi. Uchinchi bosqich boshlanishini alkogolga organizm qarshiligining pasayganligidan, ichkilik miqdorining kamayganidan bilish mumkin. Uning boshlanishida surunkali ichish davri qisqaradi, buni ichuvchilar ijobiy hol deb baholaydilar, vaholanki, bu spirtli ichimlikka chidamlilikning pasayganligi haqidagi salbiy alomatdir. Ko’pincha ancha kuchsizroq ichkilikka o’tiladi. Sirqovlanish kuchayadi, somatik kasalliklar (yurak, jigar, asablarning alkogoldan zararlanishi) ortadi. Ruhiy xastalanish aniq namoyon bo’ladi. Surunkali alkogol ruhiy noxushligi tez-tez xuruj qiladi: gallyutsinatiya, xotiraning yo’qolishi, aqlning pasayishi va hokazolar shular jumlasidandir. Ayollar, bolalar va o’smirlarda Alkogolizm g’ayriodatiy va og’ir o’tadi. Mintaqada Alkogolizmning tarqalishi qancha yuqori bo’lsa, undagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat shunchalik noxush bo’ladi.