ALXESIRAS KONFERENTSIYASI
ALXESIRAS KONFERENTSIYASI (1906.15.1—7.4) — Ispaniyaning Alxesiras shahrida Germaniyaning tashabbusi bilan chaqirilgan xalqaro konferentsiya. Marokashdagi Frantsiya-Germaniya raqobati 1905 yilda Marokash janjalini keltirib chiqardi. Alxesiras konferentsiyasining chaqirilishi shu xalqaro tanglikni bartaraf etishga qaratilgan edi. Unda Avstriya-Vengriya, Angliya, AQSh, Belgiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Marokash, Niderlandiya, Portugaliya, Rossiya, Frantsiya va Shvetsiya qatnashdi. Alxesiras konferentsiyasi Marokashni boshqarish uchun Angliya, Germaniya, Frantsiya va Ispaniya nazorati ostida xalqaro bank, shuningdek Frantsiya va Ispaniyaga tobe bo’lgan polisiyani tashkil etdi. Alxesiras konferentsiyasi rasmiyat uchungina Marokash sultonligining «mustaqilligi», «hududiy butunligi», Marokashdagi barcha millatlarning «iqtisodiy ozodligi» va «teng huquqligi»ni e’lon qildi. Amalda esa Angliya, Rossiya, AQSh va boshqa davlatlarning qo’llab-quvvatlashi bilan Frantsiya va Ispaniya Marokashdagi o’z zonalarini boshqarish huquqiga ega bo’ldilar. Alxesiras konferentsiyasi Germaniyaning diplomatik mag’lubiyati bo’lgan va Frantsiyaning Marokashni batamom bosib olishiga yo’l ochgan.