AMALIY ASTRONOMIYA

AMALIY ASTRONOMIYA — astrometriyannt astronomik kuzatishlar vositasida vaqt, geografik koordinatalar va turli yo’nalishdagi azimutlarni aniqlovchi, ularning o’zgarishini o’rganuvchi bo’limi. Amaliy astronomiya geodeziya va xaritografiya ehtiyojlari uchun geografik koordinatalarni aniqlash (astronomik geodeziya), navigasiya (dengiz astronomiyasi), samolyotning havodagi koordinatalari va harakat yo’nalishini aniqlash (aviatsiya astronomiyasi) bilan shug’ullanadi. Kosmik kemalarning sayyoralararo fazodagi vaziyatlarini aniqlash, shuningdek oy sirtidan turib selenografik koordinatalarni aniqlash usullari ishlab chiqildi. 70-yillarda Amaliy astronomiyadan vaqt xizmati va kenglik xizmati ajralib chiqdi. Yerning sun’iy yo’ldoshlarini kuzatish orqali geografik koordinatalarni aniqlash usullari muvaffaqiyatli ishlab chiqildi. Amaliy astronomiyada qo’llaniladigan usullar sferik astronomiyaning nazariy ko’rsatmalariga asoslangan. Amaliy astronomiyada universal asbob, Ko’chma passaj asbobi, Zenit teleskop, vertikal doira, prizmali astrolyabiya, dengiz va aviatsiya sekstanta, Yerning sun’iy yo’ldoshlarini kuzatish uchun fotografik kamera va boshqa asboblar ishlatiladi. Vaqtni o’lchash uchun kvars yoki mayatnikli soatlar, dengiz xronometrlari, vaqt signallarini qabul qiluvchi apparatlardan ham foydalaniladi. Amaliy astronomiya asboblarning tuzilishini asbob xatoliklarini tekshirish nazariyasini o’z ichiga oladi.