Amazonkalar chindan ham bo’lganmi?
«Qadimgi Yunoniston asotirlari»da Afina podshosi Egeyning Ponta Evksin (qora dengiz) sohillarigacha suzib borgan qudratli Bahodir o’g’li Tesey haqidagi tarixni o’qish mumkin. Kema amazonkalar mamlakati sohillarida turgan paytda Tesey ularning o’zi sevib qolgan hokimasi Antiopani huzuriga taklif qiladi. Antiopa kemaga ko’tarilishi bilan eshkak eshuvchilar ahillik bilan eshkaklarga yopishadilar va sohilda turgan boshqa amazonkalar o’z hokimasini qutqarishdan ojiz bo’p qoladilar. Shunda hokimani ozod qilish uchun Afina sari otlanadilar. Ammo Antiopa allaqachon matonatli Teseyni sevib qolishga ulgurgan va unga turmushga chiqqan edi. Amazonkalar Afina devorlari yonida qamal qilib turgan paytda Antiopa Tesey yonida turib o’zining sobiq fuqarolariga qarshi jang qiladi. Butun to’rt oy dovyurak amazonkalar yunonlar bilan urushadilar, ammo keyin yunonlar ular bilan sulh tuzishga muyassar bo’ladilar va amazonkalar ortiga, Qoradengiz bo’yiga qaytib ketadilar. Ko’pgina mamlakatlarning afsonalarida erkaklardan alohida yashagan va o’zlarining bor vaqtini harbiy mashg’ulotlarga bag’ishlagan matonatli jangchi ayollar — amazonkalar haqida naql qilinadi. Nafaqat afsonalar bu g’aroyib ayollar haqida naql qiladi, ular haqda bir talay tarixiy hujjatlarda, masalan, qadimgi yunon adibi Plutarxning «Qiyosiy hayotnoma» sida ham eslatib o’tiladi. Bu asarda xuddi shuningdek qachonlardir Afinada chindan ham yashab o’tgan, amazonkalar mamlakatiga sayohat qilgan va ularning hokimasi Antiopani aldov bilan o’girlab kelgan Teseyning tarjimai holini ham o’qish mumkin. Nainki Plutarx, ayni chog’da boshqa qadimgi yunon tarixchilari ham amazonkalar Qoradengiz sohillarida, Qrimda va Kavkazda yashaganlariga ishora qiladilar. Bizga ancha yaqin bo’lgan zamonda Pyotr I ning leyb — medigi Gotlib Shober Kavkazga borganida uyoqlardan erkaklar ustidan hukmronlik qilgan, erlariga faqat xo’jalikning eng og’ir ishlarini topshirgan va o’zlari mukammal egallagan qurol-yaroqqa hattoki qo’l tekkizishni man qilgan «Ayollar qabilasi» haqida g’aroyib hikoyalarni topib keladi. Endilikda amazonkalar chindan ham bo’lganligining moddiy tasdiqlari topilgan. Kavkazda, Shimoliy Qoradengiz bo’yida, Azovbo’yi qo’rg’onlarida jangchi ayollarning go’rlari borligi aniqlandi. Qadim zamonlarda marhumlar qabriga o’sha odamlar tirikligida foydalangan turli buyumlarni ham qo’yish odat bo’lgan. Bu go’rlarda ham katta yoshdagi ayollar va hatto balog’atga yetgan qizlar murdalari yonida nafaqat taqinchoqlar, qolaversa ko’p miqdorda qilichlar, harbiy liboslar va yoy to’la sadoqlar yotibdi. Don qo’rg’onlaridan birida otliq ayoldan himoyalanayotgan piyoda askarning tasviriga ega loydan yasalgan vaza topilgan. Amazonkalarning izlari nafaqat Rossiyada, Kavkazortida va Ukrainada, qolaversa sayyoramizning boshqa ko’pgina joylaridan ham topilgan.