AMIN
AMIN (Arabcha — ishonchli, halol) — 1) Muhammad alayhissalomga payg’ambarlik vahiyi kelmasidan burungi davrda u zotning nihoyatda halol, rostgo’y bo’lganliklari tufayli xalq tomonidan berilgan laqab (Muhammad amin, ya’ni Muhammad halol, ishonchli). 2) Amir Temur va Temuriylar davrida asosan moliya va qishloq xo’jaligini boshqarish ishlari bilan shug’ullanuvchi amaldor bo’lib, davlat devoni tomonidan tayinlangan. 3) Buxoro amirligi va Turkiston general-gubernatorligida bir yoki bir necha kichik qishloqni boshqaruvchi hamda xalq tomonidan saylangan amaldor. Buxoro amirligida Amin amlokdorga, Turkiston general-gubernatorligida esa bo’lis (volost) boshlig’iga bo’yso’ngan. Aminning asosiy vazifasi aholidan o’lpon va soliq yig’ish, aholi ustidan nazorat qilish, suv taqsimlash (amini ob) edi. Bozorda mol sotuvchilardan bozor haqi yig’uvchi amaddor ham Amin deyilgan.