Amir

Amir (arabcha)-amru farmon beruvchi, boshliq, hokim, lashkar boshlig’i, sarkarda, hukmdor, musulmonlar hokimi (“amiral mo’min”); arab xalifalarining noibi, arab xalifalari tomonidan o’z qo’l ostida bo’lgan mamlakatlarning hokimlariga berilgan unvon. Mo’g’ullar istilosidan so’ng Oltin O’rdada, keyin O’rta Osiyo va Eronda mo’g’ul va turk qabilalari birlashmasi — ulus (bek yoki no’yon ma’nosida) boshlig’ining unvoni; Temur (1336-1405)ning unvoni; Temur shahzodalari amirzoda deb atalganlar. 18-asr oxiridan boshlab, Buxoroda mang’it sulolasi (1756-1920)ga mansub bo’lgan hukmdorlarning unvoni, Safoviylar Eronida viloyat hokimi; 20-asrda monarxiyali arab davlatlarida hukmron xonadon shahzodasi.