Amir

Amir (arabcha-amir qiluvchi, boshliq, hokim)-lashkarboshi, hokim, bek. Arab xalifaligining dastlabki xalifalari va umaviylar davrida alohida qo’shin qo’mondonlari Amir deb atalib, ular, odatda, zabt etilgan viloyatlarga noib etib tayinlangan. Xalifalarga Umar ibn al-Xattobdan boshlab “Amir al-mo’minin” (“Mo’minlar Amiri”) unvoni berilgan. Abbosiylar davrida Amir, odatda, xalifalarning oliy hukmdor ekanini tan olgan hokimlar, shuningdek, xalifalikka nomigagina qaram bo’lgan sobiq noiblar (ag’labiylar, tuluniylar, tohiriylar) yoxud qurol kuchi bilan o’zlari davlat barpo etgan mustaqil hokimlar (safforiylar, g’aznaviylar, buhaviylar); ularni X asrda sultonlar deb ham atay boshlashgan. X asr oxiri — XI asr boshida Amir deb turli tabaqaga mansub hokimlar va lashkarboshilar (Ayyubiylar, Mamluklar davlatlari va boshqalar) atalgan. O’rta asrlarda Movarounnahr xonliklarida Amir ul-umaro, Amiri shikor mansablari mavjud bo’lgan. Oltin O’rda, so’ngra Movarounnahr va Eronda mo’g’ullar istilosidan so’ng Amir deb uluslar boshliqlari atalgan (bek yoki no’yon ma’nosida). Bu unvonni Amir Temur ham olgan; temuriylar sulolasiga mansub shahzodalar Amirzoda (Amir o’g’li) deb atalib, mirzo uning qisqartirilgan shaklidi. XVIII asr oxiridan e’tiboran Buxoro xonligi hukmdorlari o’zlarini Amir deb atay boshlaganlar. Safaviylar davlatida Amir-viloyat hokimlari (odatda, qabila boshliqlari, xonlar va sultonlar), Afg’onistonda Amir unvonni barakzaylar sulolasi hukmdorlari Do’stmuhammadxondan boshlab olganlar. XX asrda monarxik arab davlatlarida (masalan, Saudiya Arabistonida) Amir-hukmron sulolaning valiahd shahzodalari.