Amir Temur sulolasi. Hirot tashrifi

Ulug’bek Mirzo Samarqand taxtiga julus qilgandan buyon (1409), mamlakatning asosiy poytaxti Hirotga birinchi marta, oradan besh yil o’tib, 1414 yilning 25 noyabrida kelgan edi. Shundan keyin, hash-pash deguncha yana uch yil kichadi. 1417 yilning bahorida Ulug’bek Mirzo Hirotga tomon otlanadi. Movarounnahr hukmdorining Jayhundan o’tishi xabari Shohruh Mirzoga yetkaziladi. Uning oldingi tashrifi mahobatsiz qarshilangan bo’lsa, bus afar kutib olishga onasi Gavharshod Og’o, ukasi Boysung’ur Mirzo, Muhammad Jo’tiy Mirzo, amakizodasi Muhammad Jahongir va boshqa shahzodalar, ulug’ amirlar bir necha tosh masofaga peshvoz chiqib, kutib oladilar. Kutib olish juda tantanavor, bajo keltirish lozim bo’lgan hamma udumlarni amalga oshirish darajasida, shoxona tarzda amalga oshiriladi. 1417 yilning 6 mayi kuni ota-bola quchoq ochib ko’rishadilar. Shohruh Mirzo bu tashrifdan juda shodmon bo’lib, o’g’li sharafiga to’ylar va xusravona bazmlar uyushtiradi.

Ulug’bek Mirzo Hirotda turgan paytda Xitoy elchilari ham shu yerda edilar. Xorazmdan amir Shoh Malik bilan Jahongir Mirzolar kelishgan edi. Ulug’bek Mirzo Movarounnahr hukmdori sifatida 1405 yilda yonida birga bo’lgan, otaliq bek, ustoz maqomidagi Shoh Malik va amakizodasi Muhammad Jahongir sharafiga katta to’y beradi, ular bilan birga kelgan kishilarga tuhfalar ulashadi. Hirotda bir oycha turgan Ulug’bek Mirzo 1417 yilning 16 iyunida Movarounnahrga otlanadi. U bilan birga ukasi Muhammad Jo’giy ham Samarqandga birga ketadi. Sulton Uvaysning qilgan gunohlari kechiriladi va Samarqandga ketishiga ijozat beriladi. Xitoy elchilari tashrif buyurgan vaqtda Ulug’bek Mirzoning Hirotda bo’lishi tasodifiy bo’lmasa kerak, deb o’ylayman. Xitoy podshohi Doy Mingning oldingi maktubi Samarqandga, Shohruhga deb atab yuborilgan edi. Endi, asosiy poytaxt Hirot ekanligini muqarrar bo’lgandan so’ng, elchilar to’g’ridan-to’g’ri Shohruh Mirzo poytaxtiga keladilar. Movarounnahr hukmdori rasman Shohruh Mirzoga itoat bo’lsa-da, muzokalarda uning ham shaxsan ishtirok etishi Xitoy tomonining shartlaridan bo’lgan, deb o’ylashga asoslar bor. Muarrix, afsuski, Ulug’bek Mirzoning ikkinchi bor Hirotga kelishi sabablari haqida so’z aytmagan. Xitoy tomoni aloqalarni kuchaytirish, ochiq bordi-keldini yo’lga qo’yish, savdogarlarga erkinlik berish masalalarini o’rtaga qo’ygan. Xitoy Xuroson va Movarounnahr bilan tenglik asosida hamkorlik taklifini o’rtaga qo’yadi. Bu safargi Xitoy elchilari uch yuz otliq kishilar bo’lib, ularga Bi Bochin, Tu Bochin, Jon Bochin va Tatq Bochinlar boshliq bo’lib keladilar. ELchilar Shohruh Mirzo saroyiga sovg’a-salomlar, shunqorlar, atlas va kimxoblar, chinni idishlar, xullas, juda ko’p tuhfalar, tortiqlar keltirishadi. Podshoh Doy Ming maktubida, “Har ikki tomondan ham g’ayrlik va begonalik pardasi ko’tarilmog’i, muvofiqatchilik, birdamlik eshigi ochilmog’i lozimdir, toki raiyyatlar va savdogarlar o’z istak-ixtiyorlari bilan borib kelsinlar, yo’llar bexavotir bo’lsin”, deyiladi. Muzokaralarda Ulug’bek Mirzoning ishtirok etishi Xitoy tomonidan qo’yilgan shartlarinign to’liq qabul etilishi deb tushunilgan.

Добавить комментарий