Amir Temur sulolasi. “Loy jangi” g’olibining qizi

Hijriy 766 yilning (1365 yil) bahori Movarounnahr viloyatlari beklari uchun xosiyatsiz kechgan edi. Mo’g’ul hukmdori Tug’luq Temurxon vafot etgandan (1363 yil) keyin, Samarqanddan uning o’g’li, Movarounnahrni idora qilib turgan Ilyosxo’ja o’g’lon Ili vodiysidagi otasi qarorgohiga yetib boradi. Saroyga yaqin amirlardan Shiromun, Amir Hoji, Tunam, Qamariddin, Shamsiddinlar mashvarat qilib, Ilyosxo’jani xonlik taxtiga o’tqazadilar. Mo’g’ul saltanati poytaxtida ichki kurashlar, hokimiyat talashlari zimdan kuchayib borayotgan bir paytda, amir Qamariddin Ilyosxo’janing yoshligidan, hokimiyat ishlarini o’z holiga tashlab qo’yganidan foydalanib, 1364 yilda, bir kuni tush paytida xon o’rdagig bosqin uyushtiradi va Ilyosxo’jani qatlga yetkazadi. Amir Qamariddin Chingizxon udumiga “rioya qilib” avlodning eng ulug’i bo’lgan amir Shamsiddinni rasman xon maqomiga ko’tarib, amalda hokimiyat jilovini o’z qo’liga oladi. U, oradan ko’p o’tmay, Movarounnahrni qayta bosib olish uchun qo’shin tortadi.

“Loy jangi” deb tarixga muhrlangan to’qnashuvning oqibatlarini bugun maktab o’quvchisi ham yaxshi biladi. Amir Qamariddin boshlab kelgan mog’ul lashkariga qarshi kurashda g’alab Amir Husaynning nomardligi tufayli boy beriladi. Chir daryosi bo’yida, ayni bahor kezida bo’lgan jangda u o’z qo’shininni harb maydoniga kiritmay, payt poylaydi. Uning fikri, Amir Temurning odamlari urishib, ko’proq qirilsa-da, u o’z jangovar kuchlarini jangga kiritmay saqlagan holda, harbiy ustunlikka ega bo’lsa edi. Yomg’ir jala bo’lib yog’adi, otlar tizzasiga qadar loyga botib, yurolmay qoladi. Amir Temur lashkari qanchalik jon koyitmasin, mo’g’ullar son jihatdan ustun. Amir Husayn esa Amir Temur odamlar yuborib, jangga kirishni talab qilganda ham, bunday bo’yin tovlaydi. U, nihoyat, vaziyatni anglab yetganda, kech bo’ladi. Muarrix Muiniddin Natanziy “Loy jangi”da mo’g’ul amiri Shamsiddinning o’zini ko’rsatganligini alohida ta’kidlaydi: Amir Shamsiddin mo’g’ul, — deydi u, — o’zini go’yokim Besutin tog’idek mahkam tutib, hanuz muxorabaga kirishmagan edi. Sultoni G’oziy (ya’ni, Amir Temur) o’n yetti jangovar qo’shin bilan mo’g’ul ustiga tashlanib, bir hamla bilan uni joyidan surib chiqardi. “Besutin tog’idek” mahkam yovni joyidan qo’zg’otishga muvaffaq bo’lgan Amir Temurga Amir Husandan madad yetmaydi. Keyingi to’qnashuvlarda amir Shamsiddinning qo’li ustun kela boshlaydi: “Bugun ham amir Shamsiddin mo’g’ul o’z joyida mustahkam turdi, — deb yozadi Natanziy, — va mufaqqatga erishib, uzoq mudofaadan keyin boyakbor hamla qilib, Movarounnahr lashkarini tor-mor keltirdi”.

Bundan keyingi voqealar rivoji yaxshi ma’lum. Samarqandda sarbadorlarning mo’g’ullar xurujini daf etishi, Jayhundan o’tib ketgan ikki amirning – Husaynbek va Temurbeklarnign yurtga qaytishi, Amir Husaynning Movarounnahr taxtini egallashi, oraada yuz bergan nizolar va 1370 yil voqeasi – Amir Temurning porloq g’alabasi yuz berishi…

Sohibqiron Amir Temur mamlakatni yakjilov qilib, hokimiyatni mustahkamlagani sari, asosiy dushman – mo’g’ul bosqini xavfini tamomila tugatishga ahd qiladi. 1370-1371 yillar davomida mo’g’ullar ustiga ikki bor bor zafarli yurishlar qiladi. Bu yurishlar 1374-1376 yillarda ham takrorlanadi. Movarounnahrni ayovsiz talagan. “Loy jangi”da son-sanoqsiz turkiy lashkar qurilishiga sababchi bo’lgan, imkon topgudek bo’lsa, yana bosqin qilishdan qaytmaydigan Qamariddinni mahv etish Amir Temurning yagona maqsadi bo’lgan edi. Qamariddinga qarshi yurishlarning uchinchisi 1375 yil boshlarida amalga oshiriladi. Bu yurishda Umarshayx Mirzo, Jahongir Mirzo va boshqa lashkarboshilar ishtirok etadi. Qamariddin Amir Temur qo’shinlari hujumiga bardosh berolmay, butun mol-mulkini, haramini qoldirib, sharmandalarcha qochib qutuladi.

Shu yurish chog’ida amir Shamsiddinnign xotini Buyon Og’o va qizi Dilshod Og’o qo’lga olinadi. Muarrixlardan Shomiy va Yazdiy “Loy jangi”ning g’olibi amir Shamsiddin haramini qo’lga olgan shahzoda Jahongir edi, desalar, Muiniddin Natanziy shahzoda Umarshayx deb ko’rsatadi. Amir Temurning harbiy faoliyaida “Loy jangi” o’ta og’ir mag’lubiyat bo’lgan edi. Naqd g’alaba Amir Husaynning hudbinligi, yurt taqdiri hal bo’layotganda, o’zini o’ylashi, kaltabinligi oqibatida boy berilgan edi. Bu mag’lubiyat alamini Amir Temur umri oxirigacha unutolmagan bo’lsa kerak. Mo’g’ullar 1370-1380 yillarda ham katta kuch edi. Amir Shamsiddinning bu o’lkada ta’siri kuchli bo’lgan. Hokimiyat talashuvlari Ichki Mo’g’ulistonni ma’lum darajada kuchsizlantirib qo’ygan bo’lsa-da, Qamariddin tomonidan yuz berishi mumkin bo’lgan xavf kuchsizlanmagan, har lahzada bosqin takrorlanishi ehtimoldan uzoq emasdi. Shu boisdan, mo’g’ul hukmdorlari orasidan xayrixohlar orttirish, davlat siyosati nuqtai nazaridan, maqbul yo’l sanalardi.

Amir Shamsiddin xonadoni bilan quda-andalik rishtalarini bog’lash shu manfaatlariga xizmat qilishi, yovuz Qamariddin kuchini bo’lib tashlashga xizmat qilishi lozim edi. Amir Shamsiddinning qizi Dilshod Og’o tarixiy asarlarda chiroyli yagonaligi bilan ta’riflangan. Natanziy “Muntaxab-ut tavori Muiniy” asarida “husnu malohat bobida bu asrda “zarbulmasal” bo’lgan” Dilshod Og’oni rasmiy tarixiy talqin matlabidan chikinib bo’lsa-da, hissiyatiga qarshi borolmay, uning suluvligini qalamga oladi. Sohibqiron, shu triqa, toju taxt sohibi bo’lganining beshinchi yilida mo’g’ul amiri, “Loy jangi” qahramoni, Chig’atoy avlodining o’sha paytdagi ulug’i Shamsiddinbekning qizi Dilshod Og’oni safarda, harbiy yurish chog’ida o’z nikohiga kiritadi. Bu to’y “Loy jangi”dan o’n yil o’tib, voqe bo’ladi. Bu to’y Issiqko’lning janubi g’arbidan oquvchi Otboshi daryosiga yaqin Arpo degan mavze bo’lib o’tadi.

Amir Temur, Nizomiddin Shomiyning ma’lumotiga ko’ra, bu joylarda ellik uch kun to’xtab turadi. Hazora amiri Muborakshoh Makrit degan kishi Amir Temurning eski tanishi va xayrixoh kishilardan biri bo’lgan. U Dilshod Og’oning nikoh to’yi tashabbuskori va tashkilotchisi bo’ladi. To’yni azaliy turkiy rasm-rusumlar asosida o’tkazishga katta e’tibor qaratiladi – to’qqiz-to’qqiz berish udumlariga rioya qilinadi. Shomiy yozadi: “Amir Sohibqiron shu yerda Dilshod Og’oni aqdi nikoh sharafi bilan musharrif etdi va sharafli haramini ulug’ bonuning borgohi bilan ziynatladi”.

Bu katta to’yda tevarak-atrofidan taniqli kishilar, qarindosh-urug’lar taklif etilgan. Mehmonlarning kelishi to’ydan keyinlar ham davom etadi. Amir Sohibqiron to’y marosimi o’tgach, Yassi viloyati tomon ko’chadi va O’zgandga keladi. O’zgandga, Sohibqiron ukasini muborakbod etish uchun Samarqanddan opasi Qutlug’ Turkon Og’o va taniqli kishilar yetib keladilar. Dilshod Og’o to’yi O’zgandda ham davom etadi. O’zganddan keyin Xo’jandga kelinadi. Bu yerda Xo’jand hokimi Odilshoh Jaloyir ham to’yni to’yga ulashtiradi.

Yuragi fitna zardobi bilan to’lgan kimsalar imkon bo’ldi deguncha, to’yni azaga aylantirishga, yomonligini qilishga urinadilar. Odilshoh Amir Temurni hashamatlar bilan qarshilab, katta to’y berib, uni sharaflagan bo’lib, uyiga taklif qiladi. Ko’nglida esa uni o’ldirish niyati gazaklab turgan bo’ladi. Sohibqiron uning qora niyatini fahmlaydi va darhol otlanib, bu yerdan jo’nab ketadi. Bu Odilshohning Amir Temurga nisbatan ikkinchi marta qadlanishi edi. Amir Temur Jetega, Qamariddinga qarshi birinchi marta otlanganida, Odilshoh, Shayx Muhammad, Turkon Orlotlar birlashib, uni o’ldirishga ahd qilgan edilar. Odishoh tavba-tazzu bilan yer o’pganida, Amir Temur uning qilmishlarini yuziga solmaydi. “Bilib bilmaslikka olish juvonmardlik odatidir”, naqliga amal qilib, bag’rikenglik ko’rsatadi.

Добавить комментарий