Amir Temur sulolasi. Oilaning tamal toshi

Har bir oilaning o’z asoschilari bo’ladi. Qarochor no’yon Shahrisabzdan chiqib, jahonda dovyuq yoygan Sohibqiron Amir Temur va uning avlodlarining ulug’ bobokalonidir. Bu sulolanig bosh bo’g’ini bo’lgan Erdamchi barlos, uning 29 o’g’lidan biri bo’lgan. Amir Temur shajarasida beshinchi bobo hisoblangan So’g’uq Chechanlarni esga olish joiz bo’ladi.

Chingizxonning otasi Yasugar bahodir Erdumchi barlos vafot etganda uning o’g’li So’g’uq Chechanni o’ziga sipohsolor – qo’shin boshlig’i qilib oladi. Yasugay bahodir va So’g’uq Chechan ko’p yurishlarda birga bo’ladilar, totor qavmlarini tobe etish uchun janglar olib boradilar. Yasugayning o’g’li tug’ilganda, unga ismni shavkatli sarkarda So’g’uq Checha qo’yadi va uni Temucin (Chingizxon) deb ataydi.

Yasugay bahodir hijriy 562 (1167) yilda vafot etadi. So’g’uq Chechan ham oradan bir necha kun o’tib, hayotdan ko’z yumadi. Temuchin – bo’lajak Chingizxon otasi o’lganda 13 yoshda bo’lgan. So’g’uq Chechanning ham Temuchinga tengdosh Yusum va Qarochor ismli o’g’illari bo’lib, ular o’yinlarda, mashqlarda birga bo’lganlar, do’st tutinganlar. Otasi o’lgach, Temuchin va uning oilasidan o’z qarindoshlari yuz o’girganda, So’g’uq Chechan farzandlari ularni tashlab ketmaydi. Harbiy sohada qobiliyatli, jasur Qarochor, aksincha, Temuchin yonida bo’lib, tarafdorlar yig’ishda, qo’shin tashkil etishda juda faollik ko’rsatadi. Qo’shin boshqaruvida Qarochor o’tkazgan islohotlar jangda ish beradi, kichik-kichik guruhlardan tez harakat qiladigan kuchli lashkar tuziladi. Qarochor no’yon joriy etgan muchalko usuli har bir siphoning shaxsiy mas’uliyatini oshirib, jangda ko’rsatgan shijoati e’tibordan chetda qolmasligini ta’minlardi. Karochor bahodirning harbiy islohotlari oqibati o’laroq, Chingizxon keroyit, nayman va Muhammad Xorazmshoh qo’shinlarini mag’lubiyatga uchratadi.

Qarochor no’yon Chingizxon saltanatida bosh harbiy maqomni egallagan sarkarda edi. Chingizxon Turkistonni istilo etishda asosiy bahona bo’lgan besh yuz kishilik savdo karvonini tuzish va uni Muhammad Xorazmshohning chegara shahri O’trorga jo’natish vazifasini Qarochor no’yon va uning o’g’illariga topshirdi. Turkiston va Xurosonning zabt etilishida Qarochor no’yon va uning o’g’illarining xizmatlari katta bo’lgan. Qarochor no’yonning ukasi Tog’ochor no’yon CHingizxonning o’g’li To’liyxon bilan birgalikda Eronni bosib olishda ishtirok etadi. Nishopur shahri uchun bo’lgan qattiq janglarda Tog’ochor ko’ragon halok bo’ladi. Bu voqea hijriy 618 yil ramazon oyining juma kunida (1221 yil 22 oktabr) yuz beradi.

Ulug’bek Mirzo o’zining “To’rt ulus tarixi” asarida “Tog’ochor ko’ragon Qarochor no’onning ukasi va Sohibqironi a’zam Chingizxon muazzamning kuyovi edi”, deb yozadi. Chingizxonning qiziga uylanganlik sababidan Tog’ochor bahodir ismiga “ko’ragon” nisbasi qo’shib aytilgan.

Chingizxon o’z kuyovi qasdini olishga qattiq kirishadi, qo’shimcha kuchlar Nishopur ustiga yopiriladi. Bu ishda, yan Ulug’bek Mirzo shahodat berganidek, Tog’ochor ko’ragonning xotini, Chingizxonning qizi jiddu jahd ko’rsatadi: “Sohibqironi a’zam Chingizxoni muazzamning qizi, Tog’ochor ko’ragonning rafiqasi o’zining xaylu xodimlari bilan Nishopur shahriga kirib, kimni uchratmasinlar, qatl etdilar”. Shu tariqa, Nishopurda 40 hunarmanddan bo’lak, “biror jondorni ham tirik qoldirmaganlar”.

Chingizxon o’limi oldidan o’g’illari va nabiralariga tobe mulklarni boshqarish bobida so’nggi topshiriqni berar ekan. “Barcha ishda Qarochor no’yonning donoligi va botirligiga ishonaman. Boqiy davlat va barcha yaqinlarimizning to’g’ri ra’yi Qarochor no’yon bilan hosildir. Agar mening dil roziligimni mulohaza qilsangiz, hech biringiz uning ravshan ra’yu fikridan chiqmangiz”, deb tayinlaydi. Chingizxon ikkinchi o’g’li Chig’atoy va uning ulusidan bezovta edi. Turkiston istilo etilgan bo’lsa-da, bu o’lkada hanuz qarshilik harakatlari bosilmagan, Jaloliddin Manguberdi shiddatli janglar olib borayotgandi. “To’rt ulus tarixi”da aytilganidek, Chingizxon shu sababli Chig’atoyxonni Qarochor no’yonga topshirib: “Mening tiriklik paytimda mamlakat va lashkar ishida qanday maqomga ega bo’lsang, mendan keyin Chig’atoyxon uchun ham shu yo’lni tutasan”, dedi. Ularning orasiga ota-bolalik ahdini soldi va ikki tomon bu ahdnomaga imzo chekdilar. Ota-bobolar ahdnomasini Chig’atoyxonga topshirdi”.

Mirzo Ulug’bekning bu so’zlaridan Chingizxon o’g’li Chig’atoy bilan sarkarda Qarochorni ota-bola qilishga – kuyov va qaynota maqomida bo’lishga undaganligini sezish qiyin emas. “Malfuzoti Temuriy”da, shu jihatdan, e’tiborga molik bir qayd mavjud. Unda aytilishicha, Chingizxon, “Chig’atoyxonkim ulug’ o’g’li edi. Movarounnahrga hokim qildi va Qarochor no’yon Sug’uq binni Erdamchi Barlos binni Kochuli bila Kubulxonning ahdnomasidakim birov-biroviga musolifat etmasun, deb yozilmish erdi. Ul ahdnomani chiqarib alaga topshurdi. Va Chig’atoyxonning qizini Qarochor no’yonga aqd etdi”. Shu asarda yana keltirilishicha, Qarochor no’yon Chig’atoyxonning qizidan Baxl no’yon degan o’g’il ko’radi.

Qarochor no’yon va uning obo-ajdodi shunga qadar islom dinida bo’lmaganlar. “Malfuzot”da bir islom ulamosi bilan Qarochor no’yonning mulotoqi zikr etiladi. Qarochor no’yonnig e’tiqodicha, “Har narsaning bir xudoyi bor va har kishining bir Tangrisi bordur”. Alloma unga, “Musulmonlarning e’tiqodlari budurkim, kavni makonda qodir va muxtor birdurkim, maning ilohimdur va hammaning ilohidur va har narsaning, har kishining bir xudoyi yo’qdur. Hammaning xudoyi birdur”, deydi. Qarochor no’yonga bu so’zlar ma’qul tushdi va “Sizning so’zingiz haqdur, bir uyda bir Xudo kofiydur”, deydi.

Islom dini, ayrim qarashlarga ko’ra, X asrning o’rtalaridan boshlab, Qoraxoniylar davlatida yoyila boshlagan. Chingizxon avlodi, Movarounnahrni idora qiluvchi Chig’atoy xonlari XIV asrning birinchi choragiga qadar majusiy dinida bo’lib kelganlar. Bir qancha vaqt ulusning poytaxti bo’lgan Qarshida hukm surgan Kepakxon (1318-1326) islom dinini qabul qilmagan bo’lsa-da, uni ta’qibga ham olmagan. Undan keyin taxtga kelgan ukasi Tarmashirinxon islom diniga kiradi. Shayx Hasanning qiziga uylanadi. Akademik V.V.Bartold aytganidek, “Uning davrida (1326 yilda taxtga chiqqan) islom dini uzil-kesil Movarounnahrdagi mo’g’ul xonlari va ularning yaqinlarining dini sifatida qaror topadi”.

Qarochor no’yon va uning avlodlari islomni Chingiz vorislariga nisbatan ancha oldin qabul qilgan. Chig’atoy Movarounnahrni idora qilish ishlarini Qarochor no’yonga topshirib qo’yadi. Ulug’ sarkarda hijriy 652 yilda (1254 yil) olamdan o’tadi. 89 yil yashagan Qarochor no’yonning Eyjil, Elduz, Yesuta, Valola, Nanzaa, Yasu Munko, Eldor, Lola, Shirg’a, Yasuka kabi o’g’illari manbalarda tilga olinadi. Chig’atoy vafotidan keyin, ko’p o’tmay hayot bilan vidolashgan Qarochor no’yon o’g’illari orasida mavqei katta bo’lganlari ham bor edi. Muborakshoh davrida “Chig’atoy ulusi Eyjil no’yonning (Qarochor no’yonning to’ng’ich o’g’li) yaxshi ish olib boruvi va olijanobligi tufayli juda tinch va obodon, el esa uning himoyasi-yu e’tibori soyasida totuv va shodmon” bo’ladi.

Sohibqiron Amir Temurning shajarasi Eyjil no’yondan boshlanadi va quyidagi silsilada keladi: Amir Temur ibn Muhammad Tarag’ay ibn Barqul ibn Elangiz ibn Eyjil ibn Qarochor no’yon. Muborakshohning Chig’atoy ulusi taxtiga chiqishi 1266 yilda Ili daryosi vodiysida emas, Movarounnahrda, Ohangaron vohasida o’tdi. Muborakshoh bilan birga ko’pgina turkiy urug’lar, jaloyirlar, barloslar ham Movarounnahrga ko’chadilar. Jaloyirlar Ohangaron, barloslar esa Qashqadaryo vodiysida o’rnashadilar. Qarochor no’yonning Yasu Munko, Shirg’a, Lola kabi farzandlari Qashqa vohasining yuqori va quyi qismlarida hayot kechiradilar. Yasu Munko avlodi – Hoji Barlos Keshda, Lola oilasi ham unign yaqinida yashagan. Shu boisdan Lolaning o’g’li Jug’om Barlos doimo Hoji Barlos tarafida harakat qiladi. Qarochor no’yonning yana bir o’g’li Shirg’a Yasu Munko, Lola xonadonlaridan farqli o’laroq, vohaning quyi qismiga, hozirgi Muborak tumani hududlariga kelib joylashadi. Avvaldan Eyjil bilan Shirg’a farzandlari munosabati yaxshi bo’ladi. Keyinchalik, Amir Temur yurishlarida bu avlodning e’tiborli kishisi Amir Joku va uning o’g’illari faol ishtirok etadilar. Bir xonadonni tashkil etgan irmoqlar o’zani XIII asr boshlarida yanada uzayib, tarmoq yoyib Qashqa vohasining tug’di-bitdi qavmiga aylanadi. Bir vaqtlar majusiylik udumlari asosida vujudga kelgan oilalarning yangi davomchilari islom aqidalari asosida er-xotin ittifoqini qura boshlaydilar.

Добавить комментарий