Amir Temur sulolasi. So’nggi malika

Sohibqiron Amir Temur to’g’risida uning hayotligi davridan boshlab kitoblar yozilgan. Yazdiy aytganidek, muarrixlar Sohibqiron maslahatlaridan bahramand bo’lib, asarlariga bo’lib o’tgan voqea-hodisalarning muhimlarini, shunda ham dalillarga asoslanganlarini kiritganlar. Temurbekning yoshliq paytlarida amalga oshirgan botirliklarining ko’pi, uning e’tirozi bilan maqtovlarni yoqtirmagani sababli, kitoblarga kiritilmagan. Shundan bo’lsa kerak. XV asr boshlariga taalluqli tarixiy majmualarda ham Amir Temur shaxsi bilan bog’liq chizgilar e’tibordan soqit qilinadi. Ibn Arabshohdan bo’lak birorta musannif Sohibqironning shakli shamoyilini, qaddi qomatini, tashqi qiyofasini tasvir etmagan.

Ibn Arabshoh 1401 yildan 11-12 yoshlarida Damashqdan Samarqandga olib kelingan. U, Sohibqiron poytaxtida 1408 yilga qadar hayot kechirgan. Samarqandda yashash asnosida Amir Temurni ko’rgan, bayramlarda, to’ylarda ishtirok etgan. Ibn Arabshoh Sohibqironni ko’rgan paytlarda, u 65 yoshda edi. Yetmishni qoralagan Amir Temur 1370 yildan – taxtga chiqqan davridan buyon qancha jangu jadallarni amalga oshirgan, Sharqda Mo’g’ulistondan, Shimolda Dashtu Qipchoqdan to Rossiya tuprog’iga qadar, Janubi G’arbda Hindistonu Iroqdan qaytgan, behisob-beadad olis yo’llarni tay etgan edi. Hisob qiladilarki, Amir Temur hazratlari o’zining 35 yillik hukmronligi davrida Samarqandda uzog’i bilan 3-3,5 yil ot ustida bo’lish, dashtu sahrolarda, cho’llarda, tog’u toshlarda, har qanday obi havo sharoitida harbiychasiga hayot kechirish, sog’liq nuqtai nazaridan, tasavvurga sig’maydigan ish. Samarqanddan chiqqan qo’shin hafta davomida, tinim bilmay, Xuroson mulklariga yetib borishi Amir Temurning buyuk sarkardalik salohiyati natijasigina bo’lib qolmay, uning sihat-salomatligi bilan uzviy bog’liq jihat edi. Gapning ochig’i, hozirgi shamoldek yeladigan avtoulovlarda besh-olti soatda Toshkentga yetib borsak ham, toliqish darrov bilinadi. Turkiyaga, Ovro’pa sarhadlariga qadar otliq borgan Sohibqiron Amir Temurning sog’lig’i chinakamiga temirday mustahkam bo’lganligini bir o’ylab ko’raylik. Ibn Arabshoh 65 yoshli Amir Temur siymosini shunday chizadi:

“Temur baland qadli, uzun bo’yli, tik qomatli, go’yo u qadimiy pahlavonlar avlodlaridan bo’lib, keng peshonali, boshi katta, g’oyatda kuchli va salobatli, ajoyib bo’alik (bo’lumli) ranggi oqu qizil yuzli, lekin dog’siz, bug’doy rang emas, qo’l-oyoqlari baquvvat, yelkalari keng, barmoqlari yo’g’on, poychalari semiz, qaddi-qomati kamoliga yetgan, sersoqol, o’ng oyoq-qo’li cho’loq va shol, ikki ko’zi bamisoli sham bo’lsa-da, shodligi bilinmas, yo’g’on ovozli edi. U o’limdan qo’rqmas, yoshi saksonga (yetmishga) yetgan bo’lsa-da, iztirobsiz, vazmin, badani to’la va pishiq, xuddi zich tosh misoli qattiq edi. U hazil-mazax va yolg’onni yoqtirmas, o’yin-kulgi-ko’ngilxushlikka maylsiz, garchi so’zda o’ziga ozor yetadigan biron narsa bo’lsa hamki, sadoqat unga yoqar edi”.

Amir Temur 1376-1377 yilda Tumon Og’oga uylanganidan keyin oradan o’tgan yigirma yilga yaqin muddat davomida o’z haramiga yana qancha va qanday malikalarni qo’shgan, bu haqda tarixiy manbalarda ma’lumotlar juda kam. 1397-1398 yilda, Sohibqiron 62 yoshida To’kal Xonimga uylanadi. Bu mavjud tarixlardagi rasmiy ma’lumot. Shunga qadar kechgan yillarda Sohibqiron haramidagi malikalardan Cho’lpon Mulk Og’o, Dur Sulton (Nur Sulton Og’o), Nigor Og’o ismi sharifalari ham zikr etiladi. Bu malikalar Sohibqiron nikohiga qachon kiritilgan, aniq dalillar yo’q. Turg’un Fayziyev “Temuriylar shajarasi” degan kitobida “Amir Temur o’n sakkiz marta uylangan. Bundan tashqari u 22 nafar xos kanizaklarni ham o’z shabistoniga mahram qilgan”, deb yozadi. Shomiy,Yazdiy va Natanziy tarixlarida bunday hisobga duch kelmaymiz. Har uchalar muarrixda Tumon Og’odan keyin Cho’lpon Mulk Og’o, Dur Sulton Og’o va Nigor Og’o nomlari qayd etiladi, xolos.

So’nggi malika – To’kal Xonimga qadar bo’lgan Amir Temur harami mundarijasi Nurmish Og’o. O’ljoy Turkon Og’o, Mengli Beka Og’o, Saroy Mulk Xonim, Ulus Og’o, Islom Og’o, Tog’ay Turkon Xotun, Dilshod Og’o, Tumon Og’o, Cho’lpon Mulk Og’o, Dur Sulton Og’o va Nigor Og’olardan iborat bo’lganligi Temur tarixlarida zikr etiladi. Ayrim izohlarda To’lun Og’o degan ayol ismi ham keltiriladi-da, uni Umarshayx Mirzo onasi deyiladi. Bu yerda Tog’ay Turkon Og’o ismi yangli shunday ataladi. Odatda, hukmdorlarning oilaviy va shaxsiy hayotiga qiziqish katta bo’ladi. Ibn Arabshoh, garchi Amir Temurning ashaddiy dushmani bo’lsa-da, bir haqiqatni aytib ketgan, Sohibqiron ortiqcha “ko’nglixushlikni” yoqtirmagan, jiddiy inson bo’lgan. Uning oilaviy hayoti ham davlat tinchligi, jipsligi va qudratiga bo’ysundirilgan. Har bir uylanish (shu jumladan, farzandlar va nabiralar uylanishlari ham) ko’ngilxushlikni emas, ana shu qarashlar asosida amalga oshirilgan. Amir Temur tasarrufiga olgan mamlakatlar sarhad va nufus jihatdan Chingizxon tobe etgan mulklardan qolishmagan. Lekin uning harami Chingizxon saroyida to’plagan xotinlardan, kanizaklardan necha yuzlab hissa kame di.

1405 yilning 8 sentabrida Amir Temurni shaxsan ko’rishga muvaffaq bo’lgan Ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo 69 yoshli Sohibqiron holatini shunday tasvir qiladi. “Sohibqiron bog’ ichidagi saroyda, shohsupa ustida o’ltiradi. Uning oldida favvora yuqoriga otilib turar, favvora hovuzida qizil olmalar suzib yurardi. Podshoh lo’labolishga yonboshlagan holda shoyi ko’rpacha ustida o’ltirardi. Podshohning egnida sulsiz silliq shoyi yaktak, boshida uzun telpak, telpaknign yuqorisida qizil yoqut, javohir va boshqa qimmatbaho toshlar qadalgan”. Klavixo, shu so’zlarni aytib, Amir Temurning keksayib qolganligini, ko’zlari xiralashganligini, kiprik qoqishga ham madori yo’qligini yozadi. Hatto, u 1405 yilda, o’z yurtiga qaytayotganida, Amir Temurni vafot etgan, deb yozadi. Xolbuki, bu orada Sohibqiron Xitoyga qo’shin tortgan, qish qattiq va erta boshlanib, O’trorda to’xtab turgan edi. Kiprik qoqishga ham majoli bo’lmagan hukmdor Samarqanddan O’trorga qadar yo’lni bosib o’tishi amri mahol edi. Gap shundaki, Ispan elchilari, shu jumladan, Xitoy elchilariga ham Sohibqironning kasal ekanligi ovoza qilinadi va Xitoy yurishi qattiq sir tutiladi. Elchilar Samarqanddan o’z qirollariga javob nomalarini ham ololmay qaytishga majbur bo’lar ekan, Amir Temurni o’lgan bo’lsa kerak, degan xayolga boradilar. Sohibqiron 70 yoshida ham kuchli va sog’lomligicha qolgan edi. Bu uning bir umr harbiy hayot tarziga ko’nikkanligi, jismonan baquvvatligi va chiniqqanligi bilan izohlanadigan holat edi.

Malika Tumon Og’o bilan so’nggi malika To’kal Xonimning nikohga olinguniga qadar bo’lgan oraliqdagi yillarda Cho’lpon Mulk Og’o ismi sharifasi tarixlarda takror keladi. Xotin-qizlar ta’rif-tavsifida juda ehtiyotkor bo’lgan Sharafiddin Ali Yazdiy o’z “Zafarnoma”sida bu sohibjamol malika haqida bir necha sahifalarda so’z yuritadi. 1392-1393 yillarda yuz bergan voqea-hodisalar silsilasida Cho’lpon Mulk Og’oning siymosi namoyon etiladi.

Nizomiddin Shomiy “Zafarnoma” asarida shunday yozadi: “Hijriy 793 yilda (1391 yil) Amir Sohibqiron lashkar jam qilib, Dashti Qipchoqqa yurish qasdida Samarqanddan chiqdi, — deb yozadi, — Xo’jand suvidan o’tib, qishni Toshkand mavzesida o’tkazdi. Lashkarning yaroq-aslahasini mukammal qilib, amirlar va davlat arkonlarini in’omu ehsonlar bilan siyladi. Lashkarning ko’pchiligiga yo’rg’a otlar, zarduzi to’nlar va diramu dinorlar ulashdi. Xotinlar va xonim-og’olar ijozat so’rab, Samarqandga qaytib ketdilar. Amir Sohibqiron qacharlarni amirlarga taqsim qilib, safar oyining o’n beshida (1391 yil 22 yanvar) yurishni iroda qildi. Ulug’ Xotun Cho’lpon Mulk Og’oni o’zi bilan birga olib yo’lga ravona bo’ldi”.

“Ulug’ Xotun” deb tavsiflanayotgan Cho’lpon Mulk Og’o, shu so’zlar mohiyatidan kelib chiqiladigan bo’lsa, Amir Temur dargohida ko’pdan yashab kelganligini tushunish qiyin bo’lmaydi. Bundan rutabaga erishish uchun haramda ko’p yil bo’lish, Bibi Xonim singari malikalar orasida ulug’ xotun sifatida mavqe qozonishga vaqt zarur bo’lardi. Shu asarda Amir Temurning 1393 yil qishida Mozandarondan Ray tomonga jo’naganligi, o’g’ruqda Saroy Mulk Xonim va Tumon Og’olarni qoldirib, o’zi bilan birga xotinlaridan Cho’lpon Mulk Og’o, Dur Sulton Og’o va Nigor Og’olarni olib borganligi hikoya qilinadi.

Amir Temur saltanatida 90-yillarda, ko’ramizki, Cho’lpon Mulk Og’oning haramdagi e’tibori katta bo’lgan. Nizomiddin Shomiy 1394 yanvar oyi voqealariga to’xtalar ekan, Sohiqironning Misrni tobe etish maqsadida yurish qilganligini, Ruho mavzesida bir muddat to’xtab turganligini qayd etadi. Muarrix shahodaticha, Misr yurishida Sohibqironning ayollari uni o’ttiz besh kun ko’ra olmaganlar. Ayniqsa, “O’ttiz besh kundan buyoq ayriliqning achchiq sharbatini totgan Cho’lpon Mulk Og’o va Dilshod Og’olar kamoli ishtiyoqlaridan shu vaqtda o’g’ruqdan ajralib, tezlik bilan, yetib keldilar”. Bunda, Shomiyning nimaga urg’u berayotganligini anglash qiyin. U, Cho’lpon Mulk Og’oning Sohibqironni qanchalar yaxshi ko’rishini, boshqa ayollarga nisbatan unga intilishini iboli tarzda, pardalab bayon etadi. Faqat bu o’rinda muarrixga nisbatan bir e’tiroz shuki, uning e’tiborsizligimi yoxud kotiblarning aybi bilanmi, Dilshod Og’o ham shu o’rinda – 1394 yil voqealari ichida tilga olinadi. Vaholanki, Dilshod Og’o bu voqeadan o’n yil burun olamdan o’tgan edi. Sohibqiron istiqboliga shoshilgan malika Cho’lpon Mulk Og’o yonida Dur Sulton Og’o, yoyinki, Nigor Og’o bo’lishi mumkin edi.

Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”sida ham uch malika – Cho’lpon Mulk Og’o, Dur Sulton Og’o va Nigor Og’olar tilga olinadi. Bu manbada ham uchala ayolning kelib chiqishi, qachon Sohibqiron nikohiga kiritilishi to’g’risida gapirilmaydi. Unda ham, XIV asrning 90-yillari voqealari silsilasida uch malikaning Amir Temur yurishlarida birga bo’lganligi hikoya qilinadi. Sharafiddin Ali Yazdiy ham 1394 yilgi Misr yurishida Cho’lpon Mulk Og’o bilan Dilshod Og’oning 35 kunlik ayriliqdan keyin Sohibqiron bilan ko’rishish sharasiga noil bo’lganligini takrorlaydi. Aftidan, shu sahifalar Shomiy asari ta’sirida yozilgan ko’rinadi. Yazdiy, 1394 yil yurishlarini qalamga olar ekan, Gurjiston safarida Saroy Mulk Xonim, Tumon Og’o, Cho’lpon Mulk Og’o va boshqa xotinlarning birga bo’lganliklarini yozadi. Shu yurishda Amironshoh Mirzo o’g’il ko’radi. Chaqaloqqa Amir Temur bobolaridan biri – Iyjil ismi beriladi. 1395 yilda Sohibqiron Dashti Qipchoqqa, To’xtamishga qarshi kurashga otlanganida Saroy Mulk Xonim va Tumon Og’olarni Samarqandga ketishga ijozat beradi. Cho’lpon Mulk Og’o bilan boshqa xotinlarini esa Sultoniya shahrida qoldiradi.

1394-1395 yildan keyin Cho’lpon Mulk Og’o va Dur Sulton Og’o, Nigor Og’olar ismi sharifalariga duch kelmaymiz. Amir Temur oilaviy hayotida 90-yillarda ko’zga tashlanadigan bu malikalarning keyin qismati nima bo’lgan, aytish qiyin.

Amir Temurning ashaddiy dushmani Ibn Arabshohning Cho’lpon Mulk Og’o haqidagi gapi, xoh to’g’ri bo’lsin, xoh haqiqatdan uzoq, bugunga qadar yetib keldi va shu mavzudagi ko’pdan-ko’p asarlarga ham o’tib, talqin etildi. Ibn Arabshoh, Amir Temur xotinlari haqida gapirar ekan, quyidagicha sifatlaydi: “Eng muqaddami va barkamoli Katta Malika (Saroy Mulk Xonim), eng husndori va sohibjamoli Kichik Malika (To’kal Xonim) bo’lib, ularning ikkalasi ham Xitoy podshohlarining qizlaridan edi. Yana Naxshab amiri Amir Musoning qizi Tumon, shuningdek, barkamollikda to’lun oydek bo’lib, g’urubiga yaqinlashgan quyosh misoli Cho’lpon edi. Voqe bo’lmagan bir ish xabari qulog’iga etganda, Temur o’zi hayot vaqtida uni qatlga tortadi. O’sha voqea xoh haqiqat, xoh yolg’on bo’lsa ham Temur uni to’g’ri deb qabul qilgan. O’ylaymanki, u xotinning gunohi bo’lgan”.

Temurshunos olima va adiba Xilda Xukhem “Yetti iqlim sultoni” degan asarida Sohibqiron harami bobida ham fikr bildirib o’tadi. Uning yozishiga ko’ra, “Klavixo (Ispan elchisi) 1404 yili Temurning saroyida uning sakkizta xotinini ko’rgan ekan. U ayniqsa, hukmdorning kenja xotini, “chehrasi to’lin va oyni eslatadigan” Cho’lpon Mulk Og’oning husniga qoyil qoladi. Bu ayol to’qsoninchi yillardagi barcha yurishlarda Temurga hamroh bo’lgan ekan. Temurga nisbatan mudom adovati bo’lgan Arabshohning yozishicha, bu malikani, sehr-jodusi bor deb, deb taxmin qilishib, qatl etishgan ekan”.

Bir voqea munosabati bilan aytilgan fikrning talqiniga e’tibor beraylik. Ibn Arabshoh, “… voqe bo’lmagan bir ish xabari qulog’iga yetganda Temur o’zi hayot vaqtida uni qatlga tortadi”, deydi. Xilda Hukhem esa, Ibn Arabshoh aytganidan o’zgacharoq, hatto, tamom boshqacharoq talqinni keltiradi: “… bu malikani sehr-jodusi bor, deb taxmin qilishib, qatl etishgan ekan”. Buni qanday sharhlash kerak? Ibn Arabshohning o’zbekcha tarjimasida g’alizlik bormi? Xilda Xukhem, shubhasiz, bu asarni o’zbekchada o’qimagan. Ibn Arabshohning “Amir Temur tarixi” asari tarjimasini asliyat bilan yana bir karra solishtirish foydadan xoli emasligini aytish joiz. O’zbekcha tarjimada (professor Ubaydulla Uvatov) Amir Temur xotini Cho’lpon Mulk Og’oni xiyonat uchun qatl ettirgan degan mazmun kelib chiqadi. Xilda Xukhem esa sehr-joduni sabab qiladi. Menimcha ham, shunisi haqiqatga yaqin bo’lsa kerak, Ibn Arabshoh o’z asarida shuni ko’zda tutgandir. Endi, Cho’lpon Mulk Og’oning haqiqatda qatl etilganligini tasdiqlaydigan biror dalil manbalarda mavjud emas va, faqat va faqat, uning to’g’ri-noto’g’riligi Ibn Arabshohning vijdoniga havola. Ispan elchisi Klavixo Cho’lpon Mulk Og’oni Amir Temurning Xitoy yurishi oldidan ko’rgan ekan, shunday voqea yuz berganida, turgan gapki, uni kundaliklarida qayd etgan bo’lardi. Klavixo, Samarqandda bo’lgan paytida qurilish ishlarida talon-tarojga yo’l qo’ygan kishilarning o’limga buyurilganligi to’g’risida so’zlagan. Yevropa davlatlari saroylarida ishqiy mojarolar odatdagi hol bo’lib, ularni xaspo’shlash rasm bo’lmagan. Shunday ekan, Klavixoday sinchkov, Shahrisabzu Samarqandda timirskilanib, Amir Temur va uning kelib chiqishi, xotinlari, o’g’illari, qizlari, kuyovlari haqida hammadan, shu jumladan, Xitoy elchilaridan ham ochiq va pinhon surishtiruvlar olib borgan Klavixo nazaridan Cho’lpon Mulk Og’o “fojiasi” bilan bog’liq mish-mishlar chetda qolmagan bo’lar edi. Amir Temurni qattiq sevgan bu malikadan xiyonat chiqishiga (sehr-joduni mutlaqo inkor etgan holda) ishonish qiyin. Agar malika Cho’lpon Mulk Og’o o’z ajali bilan o’lmagan bo’lsa, bunda kundosh malikalarning hasadi ish bergan bo’lib chiqadi. Xilda Xukhem o’z kitobida yana bir yanglishga yo’l qo’yadi – Cho’lpon Mulk Og’oni “hukmdorning kenja xotini” deb aytadi. Kenja xotin, yoinki, so’nggi malika aslda To’kal Xonim edi.

Amir Temur 1389 yilda mo’g’ul xoni, bir vaqtlar – 1361 yilda Movarounnahrga bostirib kelgan To’g’luq Temurxonning o’g’li Xizr Xo’ja O’g’longa qarshi qo’shin tortadi. Xizr Xo’ja O’g’lon Sohibqironning hujumlariga bardosh bera olmaydi. Xizr Xo’ja O’g’lon bu yillarda qochib jon saqlaydi. O’rtada vujudga kelgan murosa tufayli, 1396-1398 yillarda u yana Mo’g’uliston xoni bo’ladi. Xizr Xo’ja O’g’lonning o’g’li Sham’i Jahon Samarqandda, Sohibqiron qarorgohida garov tariqasida yashab turadi. Amir Temurning bu yillarda dovrug’i ham, davlatining qudrati ham bemisl yuksaklikka ko’tarilgan edi. Oltmish bir yoshni qarshilayotgan Amir Temur Mo’g’uliston bilan bo’lgan qarama-qarshilikni uzil-kesil bartaraf etish uchun Xizr Xo’ja O’g’lonning 12 yoshli qizi To’kal Xonimga uylanishni maqsad qiladi.

Muarrixlar, Sohibqironning bu nikohga juda katta e’tibor berganligini ta’kidlaydilar. Avvalo, Samarqanddan Xizr Xo’janing o’g’li Sham’i Jahon taniqli ayonlardan biri G’iyosiddin Tarxon bilan Mo’g’ulistonga, Xizr Xo’ja huzuriga jo’natiladi. Ular xonni shu nikohga unatishlari kerak edi. Sham’i Jahon otasini ko’ndirish, G’iyosiddin Tarxon esa shohona tuhfalar bilan sovchilik udumlarini ado etishi lozim edi. Xizr Xo’ja, bunday aytganda, Sohibqironga vassal tariqasida hukm surayotgan xon edi. Uning ham bu nikohdan umidi katta edi. Har holda, To’kal Xonimga uylanish masalasi ikki tomon manfaatlariga mos kelar, uzoq davom etgan ziddiyat o’rnini hamjihatlik, qarindoshlik munosabatlari egallashlari uchun vosita bo’lishi ko’zda tutilardi.

Sohibqiron sovchilarni katta sovg’a-salomlar, molu dunyolar bilan jo’natganidan keyin Konigilda uch oy davomida to’yga tayyorgarlik ko’riladi. To’kal Xonim uchun Bog’i Dilkushoni barpo etish ishlari boshlab yuboriladi.

1397 yil kuzi boshlarida Konigil yonida Dilkusho bog’i barpo etila boshlanadi. Hunarmandlar, muhandislar bog’ni rejalashtiradilar. Bog’ murabba’ usulida – har tarafi 750 metrdan iborat hajmda bo’ladi. To’rtala tomondagi devorlarda arkli darvozalar bunyod etiladi. Har bir burjda chiroyli bezatilgan kaptarxonalar ham quriladi. Bog’ sahnlariga mevali daraxtlar, gulzorlar ham yashnab turishi tarx-loyihada asosiy o’rinda turgan. Bog’ ichidagi yo’laklar, maydonchalar istirohat nuqtai nazaridan chiroyli rejalashtiriladi. O’rtalikda uch gumbazli qasr barpo etiladi.

Bog’ qurilishi nihoyasiga yetgandan keyin, Amir Temur Toshkent sariga, To’kal Xonimni kutib olish uchun, uning istiqboliga otlanadi. Bu orada u Turkistonda, Yassa shahrida bo’ladi, ulug’ avliyo, shoir Ahmad Yassaviy va boshqa mashoyixlar ziyoratgohlarida bo’ladi. Yassaviy maqbarasi ustiga ulug’ bino qurishni amr qiladi. Bu muhtasham, baland gumbazli xonaqoh hozirga qadar, o’sha kunlardan yodgor bo’lib turibdi. To’yga tayyorgarlik darajasi shunchalik katta bo’lganki, Hirotdan Shohruh Mirzoning xotini Malikat Og’o ham bir qancha vaqt oldin yetib keladi va taraddud ishlariga kirishib ketadi. Hamma shahzodalarning xotinlari, kelinlari, xullas, ulug’ xonadonning barcha a’zolari Samarqandda jam bo’lib, ulkan to’yni o’tkazish ishlariga hissa qo’shadilar, sovg’a-salomlar olib keladilar.

To’kal Xonimning kelayotgani xabari yetishgach, shahzodalar, hamma og’olar va ayollar otga minishib, o’n kun oldin uning istiqbolga chiqadilar. To’kal Xonim 1397 yil 22 noyabrda yetib keladi. “Sohibqiron amirlar va qozilarni hozir qilib, To’kal Xonimni sharíy nikoh bilan o’ziga xotin qilib oladi”.

Saroy Mulk Xonimdan keyin ikkinchi maqomni egallagan To’kal Xonim nihoyatda sohibjamol, husnda tengsiz bo’lgan. Uni saroyda ardoqlashib, “Kichik malika”, deb ataganlar. To’kal Xonim to’yi haqida muaarixlar oshib-toshib yozganlar. Mo’g’ulistondan yosh malikani kuzatib, unga hamroh bo’lib kelganlar soni ham bir necha yuz kishi bo’lgan. Ularning hammasiga katta in’omlar, sovg’a-salomlar ulashilgan. To’y kunlarida boshdan sochilgan oltin dinorlardan yer ko’rinmay ketadi, ularni terib olganlar, xizmat qilganlar uzoq vaqt to’kin-sochinlikda yashadilar, deydi muarrix.

Qizig’i shundaki, bu to’yda Xitoy imperatorining (manbada Tung’uzxon deb ko’rsatiladi) elchilari ham hozir bo’ladilar. Katta tuhfalar bilan kelgan Xitoy elchilari Amir Temurning Mo’g’ul xoni bilan qarindoshlashayotganidan xavotirga tushgan o’z xonlari uchu kerakli ma’lumotlar yig’ishi kerak edi. Gap shundaki, Amir Temurning Xitoyga yurish qilishi xabari tarqalgan, bu nikoh shu yurish boshlanishiga qanchalik ta’sir ko’rsatadi, shuni aniqlash maqsad qilib qo’yilgan edi.

Shu o’rinda, mavridi kelgani bois, bir mulohazani aytish fikri tug’ildi. Oldinroqda aytilganidek, Cho’lpon Mulk Og’oning kimning qizi ekanligi manbalarda ko’rsatilmagan, biroq V.V.Bartoldning shu xususdagi bir e’tirofi mavjudligini chetda qoldirib,o’tib bo’lmaydi. Ulkan muarrix Cho’lpon Mulk Og’o haqida gapirganida, uni “mo’g’ul Hojibekning qizi”, deb ko’rsatadi. Hojibek kim bo’ldi, deb uning haqida ma’lumot izlay boshladim. Sharafiddin Ali Yazdiy tarixida Hojibekning 1361 yilda To’g’luq Temur bilan Movarounnahrga bostirib kelgan uning sarkardalaridan biri ekanligi qayd qilingan ekan. Hojibek 1365 yildagi “Loy jangi”da ham ishtirok etadi. Do’g’lotlar qavmidan bo’lgan Qamariddin mo’g’ul taxtini egallagandan so’ng, ular orasida bo’linish yuzaga keladi. Hojibek o’z boshiga ish ko’rib, oldingi ittifoqchilariga qo’shilmaydi. Qamariddinning Amir Temurga qarshi birgalikda kurash olib borish chorlovini qabul qilmaydi. Har holda, Hojibekda Amir Temur bilan murosa qilish, yaqinlashish fikri bo’lganligi sezilib turadi. Uning urug’-aymoqlari, jumladan, akasining o’g’li Anqo To’ra ham Sohibqiron iltifotiga loyiq ko’riladi. Ammo, Anqo To’ra ham Sohibqiron iltifotiga loyiq ko’riladi. Ammo, Anqo To’ra o’rtadagi ahdni buzadi. Shu jihatdan, akademik V.V.Bartoldning Cho’lpon Mulk Og’o otasi bobidagi fikri haqiqatga zid emas, demoqchiman. Hojibekning qarindoshlik rishtalari bilan tutashuvi ashaddiy dushman Qamariddinning kuchsizlantirilishiga, pirovand natijada, butunlay tor-mor etilishiga olib kelgan edi.

Kichik malika – To’kal Xonim bilan Sohibqiron sakkiz yil hayot kechiradi. Xonimning martabasi juda sarbaland qo’yilgan. Sohibqiron olamdan qaytganda, u 20 yoshga to’lgan edi. Ibn Arabshoh, Amir Temur vafotidan keyin Xalil Sultonning xotini Shodi Mulk Bibi Xonim bilan To’kal Xonimni zaharlab o’ldirdi, degan gapni yozadi. Xalil Sulton, nabira shahzoda, Sohibqironning vasiyatini buzib, taxtni qonuniy valiahdga bermasdan, o’zboshimchalik bilan Samarqandni egallaydi. Davlat oyiniga og’ishmay amal qilishni vojib biladigan Bibi Xonim, bu xatti-harakatlarni ma’qullamagan, shekilli, To’kal Xonim ham Katta malikani quvvatlagan ko’rinadi. Ikki malikani zaharlash – Shodi Mulkning Xalil Sultonning taxtda qolishi uchun qilgan makri oqibatida bo’lishi, ehtimoldan holi emas. Nima bo’lganda ham, bu voqea 1408 yil atroflarida sodir bo’lgan.

V.V.Bartold tan olgani kabi, Amir Temur haramidagi ayollar davlat ishlariga aralasha olmaganlar. Ular, asosan, saxovat, xayr-ehson, masjid va madrasalar qurilishlari singari xayriya ishlariga bosh-qosh bo’lganlar. Ba’zi paytlarda xotinlar Sohibqironning u yoki bu masaladagi fikrlarini yumshatishga muvaffaq bo’lganlar. Chunonchi, Amironshoh Mirzoning o’g’li, Xalil Sultonning kelib chiqishi past tabaqadan bo’lgan, Amir Sayfiddinning kanizagi Shodi Mulkka uylanishidan g’azablangan hukmdor fikrini Bibi Xonim o’zgartiradi va ularning har ikkalasini muqarrar jazodan qutqarib qoladi. Qachonki, Xalil Sultonga taxt tekkach, davlat jilovini Shodi Mulk qo’lga oladi va Amir Temur davrida xizmati singgan, taniqli kishilar qatorida, Sohibqironning bevalariga ham hurmatsizlik ko’rsata boshlaydi. Shodi Mulk Xalil Sultonni Amir Temurning beva qolgan xotinlarini amirlar va sarkardalarga berib, ularni o’zlariga og’dirib olish rejasini amalga oshirishga undaydi. Shu g’alamislikning bir misoli Tumon Og’oning Shayx Nuriddinga berilishi edi. Sohibqironning xusnda tanho bo’lgan g’unchasi Ruhparvar Og’o qismati ham shunday hal etiladi. Shodi Mulk g’arazi bilan qilingan, xonadon sha’niga dog’ bo’lib tushadigan bu xildagi noqisliklarga tezda barham beriladi. Shohruh Mirzo oila sha’ni homiysi bo’lib maydonga chiqadi. Xilda Xukhem, “Temur saroyida ayol kishining nomusiga tegish qat’iy ta’qiqlangan edi. Har biro damning yonida o’z xotini yoki kanizagi bo’lardi. Saroy ahlidan bironta odam ayollarga qarshi gapira olmasdi. Sohibqiron kampir va chollarning hurmatini juda o’rniga qo’yardi”, deb yozadi. Bu gaplarga izoh hojat emas. Xotin-qizlarning hurmati davlat ahamiyat darajasiga ko’tarilganligini oldinda keltirilgan hikoyalardan, muhtaram o’quvchi yaxshi tushungan bo’lsa kerak. Bunga ishonchim komil. Ayollarini qadrlagan davlat ham, sulola va er ham kam bo’lmaydi. Buning yorqin misoli Amir Temur xonadoni, uning to’rt asrdan ortiq davom etgan sulolasi amal qilgan oilaviy hayot, desam o’rinli bo’ladi. Sohibqiron oilaviy hayotida asoslangan, davlat ahamiyati bilan bog’liq nikohlar o’rta asrlar sharoitida, mo’g’ullar zulmi tugatilgan, turkiy davlatchilik mustahkamlanayotgan murakkab va og’ir zamonlarda hukmdorlar uchun eng to’g’ri yo’l bo’lgan edi. Oila – haqiqatda jamiyatning asosi, uning birinchi, bosh bo’g’ini bo’lib, totuvlik, ravnaq, farovonlik katta oilaning – davlatning bardavomligi va barqarorligida tayanch vazifasini o’taydi. Uyi tinch bo’lganning – davlati tinch bo’ladi, davlati tinch bo’lganning – uyi tinch bo’ladi. Bu isbot talab qilmaydigann, zamonlar sinovidan o’tgan haqiqatdir.

Добавить комментарий