Amir Temur sulolasi. Uchinchi valiahd

Sohibqiron Amir Temur farzandi, valiahd Muhammad Jahongir Mirzoning ikkinchi o’g’li Pir Muhammad Mirzo oilaviy hayoti qissasini boshlash fursati keldi. Hozirgacha birinchi o’g’il Muhammad Sulton va uning oilaviy tarmog’i to’g’risida hikoya qildik. Muhtaram o’quvchiga bir narsani aytishni burchim deb bildim, bu tarixning cheksizligidir. Amir Temur va Temuriylar bilan hozirgi avlodlarni qariyb 7-8 asrlik masofa ajratib turibdi. Shu asrlar davomida qanchalar kitoblar yozilmagan, deysiz. Ularning aksariyati yetib kelmagan, yetib kelganlarining bir qismi hozirga qadar ilmiy-badiiy istifodaga kiritilmagan. Temuriylarning XV asr birinchi yarmi hayotini aks etdiruvchi manbalar bilan tanish bo’lmaslik bu haqdagi bilimimiz va qarashlarimizning tor doirada qolishga sabab bo’lmay qolmaydi. Shu ishimizda takror-takror murojaat qilayotganimiz Abrurazzoq Samarqandiyning “Matlai sa’dayi va majmayi bahrayn” asarining birinchi jildi bundan 43 yil muqaddam, 1969 yilda nashr etilgan bo’lsa, uning ikkinchi kotibi 2008 yilda chop qilindi. Bu keyingi nashrni varaqlay turib, muarrixlarning ham ayrim dalillarni chalkashtirganlari yoki e’tibor bermay o’tganligiga amin bo’lamiz. “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn” Temuriylarning XV asrdagi hayotini, siyosiy faoliyatini o’ta salmoqli tarzda yoritgan eng ishonchli manbalardan, deyish mumkin. Asar 1467-1470 yillar davomida saroy hujjatlari asosida yaratilgan. Shunga qaramay, ba’zi o’rinlarda yuqorida aytganim nozik dalillarda aniqlik yetishmayotgandek tuyuladi. Bir misolga murojaat qilaman. Fasih Xavofiy o’zining “Mujmali Fasihiy” degan yilnoma kitobida hijriy 816 (1413) voqealari haqida so’zlar ekan, 1413 yilning avgust-sentabrida Muhammad Sultonning o’g’li Muhammad Jahongirning Shohruh Mirzoning qizi Maryam Sultonga uylanganligini yozadi. Abdurazzoq Samarqandiy esa 1441-1442 yilda kechgan voqea-hodisalar haqida to’xtalar ekan, shu yili “Muhammad Sultonning o’g’li Yahyo nikohida bo’lmish Onhazratning qizi (Shohruhning) Maryam Sulton beka jannat bog’iga rixlat qildi va o’z onasi madhi ulyo Gavharshod Og’oning madrasasi gumbazi ostiga dafn etildi”, deb yozadi. Boshqa tarixlardan topolmaganim dalilni Yahyo Mirzo xususidagi ma’lumotni bu asarda uchratganimdan mamnun bo’ldim, ammo uning akasi xotini bo’lmish Maryam Sulton bekaning eri sifatida talqin etilganligi meni ajablantirib qo’ydi. Muarrix yanglishtirgan sabab boshqa ekanligini navbatdagi sahifalardan bilib, ko’nglim bir oz taskin topdi. Abdurazzoq Samarqandiy Shohruh Mirzoning vafoti bilan bog’liq voqealarni naql qilganida, “Shunday qilib, hazratning vafoti ro’y bergan zamonda, uning pushti kamaridan bo’lgan farzandlaridan Mirzo Ulug’bek ko’ragondan boshqa birortasi ham hayot emasdi, uning ikkita qizi esa Mirzo Muhammad Sultonning o’g’illari Mirzo Yahyo va Mirzo Muhammad Jahongirlar nikohida edilar”, deydi. Ha, gap bu yoqda ekan. Maryam Sulton Beka, Fasih Xavofiy shahodat etganidek, Muhammad Jahongirning jufti haloli bo’lsa, uning singlisi (Yahyo Mirzo Muhammad Jahongirdan 4 yosh kichik edi) esa Yahyo Mirzoning xotini bo’lgan ekan. 1414-1415 yillarda bo’lgan bu voqealar 55-56 yildan keyin yozilgan asarda, tabiiyki, yangilashtirilishi e’tibordan soqit etilmaydigan holder. Muhimi, shu “xatolik” tufayli, Yahyo Mirzo to’g’risida bir chizgidan xabar topdik. Ma’lum bo’ladiki, Yahyo Mirzo hokimiyat kurashlarida ishtirok etmagan, harbu zarblarda qatnashmagan. U, aftidan, Shohruh Mirzo saroyida xizmat qilgan. XV asr boshlarida yuz bergan alg’ov-dalg’ovlarda qatnashmaslik uning borasida tarixiy asarlarda ma’lumotlar berilmaganligiga sabab bo’lgan bo’lishi mumkin.

Endi, Pir Muhammad Mirzo oilaviy hayoti haqidagi hikoyamizni boshlasak bo’ladi. Sohibqiron Fors o’lkasiga yurishni davom ettirgan 80-yillarda Sheroz hukmdori, Eronda mo’g’ul saltanati yiqitilgandan keyin, taxtga chiqqan Muzaffariylar avlodidan bo’lgan Shu’joiddin Shoh Shu’jo Amir Temurnign kuchiga to’g’ri baho beradi. Qarshilik ko’rsatish befoyda ekanligini anglab, o’z beklaridan Umarshohni juda katta peshkashlar bilan Sohibqiron huzuriga jo’natadi. Amir Temur itoat izhor qilib kelgan elchini iliq qarshi oladi. Shoh Shu’jo yo’llagan xatda: “Ulug’ ehtirom va yurtimizdan olinadigan tuhfalar bilan odamimni yuboryapman. Oltin egar va yuganlari, uzanglari tillodan bo’lgan otlar, xachirlar, tuyalar yuboryapman. Shohi matolar va qimmatbaho ashyolar maqsad do’stlikdir, undan bo’lak muddaom yo’q” deyilgan bo’ladi. Sohibqiron bu iltifotdan mamnun bo’ladi. Umarshohga zotdor otlar, zar to’nlar va ko’pdan ko’p hadyalar tortiq etadi.

Umarshoh olib kelgan xatga javob yozib, elchi bilan birga o’z odamlarini qo’shib, Shoh Sho’jo oldiga jo’natadi. Fors hukmdoriga turfa in’omlar yuborilar ekan, ayni vaqtda, uning qizini nabirasi Pir Muhammadga so’ratadi. Sohibqiron maktubida, “Oramizda do’stlik vujudga kelgan ekan, endi qarindoshlik aloqalarini ham o’rnatishimiz lozim bo’ladi, shunda oramizda hurmat-ehtirom yanada mustahkam bo’ladi”, deyiladi. Abdurazzoq Samarqandiy tarixida berilgan bu ma’lumotni, Fasih Xavofiy asarida uchratmadim. Har xolda, Shoh Shu’jo bilan bo’lgan munosabatlar Pir Muhammadning 7-9 yoshlik paytiga to’g’ri kelishini aytish joiz bo’ladi.

Hijriy 786 yilning (sichqon yili) bahorida Sohibqiron qo’shinlari bilan Mazondaronga qarab yuradi. U bir necha kun Balxda to’xtab, Sohibqiron 1383 yilning martida Uzun O’ljoytuni Shoh Shu’jo saroyiga sovchilikka yuborgan edi. Sovchilar Amir Temur Balxda turgan kezlarda Shoh Shu’joning qizini, muarrix aytganidek, ming ehtiyot va avalashlar bilan olib keladilar. Shu kuni Sohibqiron kelin bilan kelgan quda taraf odamlarini qabul qilib, katta mamnuniyat bildiradi. Kelin istiqboliga Saroy Mulk Xonim va Tumon Og’o, malikalar chiqib, uni katta qadrdoshlar bilan qarshi oladilar. Kelin yerga oyoq qo’yganda uning boshidan sochqilar sochib xursandchilikni boshlab yuboradilar. Safardagi to’y shodiyonasi katta-kichikni qamrab oladi.

Sovchilardan biri Hoji xoja o’ziga yuklatilgan vazifa doirasidan chiqib, katta xatoga yo’l qo’ygan. Sohibqironning hufya ishlar xizmati a’lo darajada yo’lga qo’yilganligi sabab, Hojaning gunohidan tezda voqif bo’ladilar, taftish o’tqaziladi va u jazoga tortiladi. To’y bilan bog’liq voqealar tafsilotida oldinda muammo tarzida aytib o’tilgan ba’zi qutblarni oydinlashtiradigan ma’lumotlar borilishi diqqatga loyiq. Pir Muhammad Mirzoning to’yi munosabati bilan Xonzoda Begim ham Balxga yetib keladi. Xonzoda Begim bu paytda Amir Temurning uchinchi o’g’li Amironshoh Mirzoga nikohlangan edi. Xonzoda Begimning to’yga yetib kelishi uning Pir Muhammad Mirzo onasi ekanligini yana bir marta tasdiq etadi. Agar uning onasi Baxt Mulk Og’o bo’lganida edi, to’y munosabati bilan u tilga olingan bo’lar edi. To’yga yetib kelgan Xonzoda Begim sharafiga katta ziyofat beradi. Xonzoda Begim to’yga ikki oylik chaqalog’i – Xalil Sulton Mirzo bilan tashrif buyurgan edi. Xalil SUlton Mirzo shu kundan e’tiboran Saroy Mulk Xonim tarbiyasiga beriladi.

1388 yilning kuzida Sohibqiron Amir Temur Xorazm yurishidan qaytib, Samarqandda katta taraddudni boshlab yuboradi. Amir Temur kenja o’g’li Shohruh Mirzo bilan bir qatorda, marhum farzandi Muhammad Jahongir Mirzoning ikki o’g’li Muhammad Sulton va Pir Muhammadni g’uriy asilzodalarning, qizlariga uylantiradi. Behisht bog’i deb atalgan xushmanzara, obod bo’stonda boshlangan to’y bir necha kunlarga cho’zilib, davom etadi. Bu to’y va kelinlar to’g’risida “Mujmali Fasihiy”da, nima sababdandir, eslatilmagan.

Sohibqiron Amir Temurning hokimiyat tepasiga kelganiga 20 yil to’layotgan edi. Bu o’tgan davr ichida Turkiston o’z mustaqilligini mustahkamlabgina qolmay, qo’shni davlatlardagi mo’g’ullar hukmronligiga ham barham berishga ulgurgan, davlat sarhadlarini bir qadar kengaytirishga muvaffaq bo’lgan edi. Biroq, uning yo’lida o’zi yaxshilik qilgan, qo’llab-quvvatlagan, qarindoshlashgan kimsalar to’ganoq bo’lgan edi. Shulardan biri Dashti Qipchoq taxtiga Sohibqiron o’tkazib qo’ygan To’xtamish edi. Bir vaqtlar Sohibqiron huzuriga yarador bo’lib, o’lar holatida boshpana so’rab kelgan To’xtamishxon toju taxtga ega bo’lib, katta qo’shin tuzganidan so’ng, otam deb murojaat qilgani Amir Temurga oshkora xiyonat qilayotgan chog’ida uning mulklariga bostirib kelib, talonchilik ishlarini amalga oshiradi.

1391 yilning boshlarida Amir Temur Dashti Qipchoqqa, To’xtamishxonga qarshi otlanar ekan, nabirasi Pir Muhamamd bilan o’g’li Shohruh Mirzolarni o’z o’rniga qoyim maqom qilib, yo’lga chiqadi. Mamlakat ichkarisida xushyorlikni qo’ldan bermasdan ko’z-quloq bo’lib turish mas’uliyatining bu ikki shahzodaga topshirilishi katta ishonch edi. To’xtamishxonga qarshi yurish o’n bir oyga cho’ziladi. G’alaba yor bo’lgan hukmdor Samarqandda ulug’ izzat-ikrom bilan qaytadi.

Oqar sahroga qo’nib, bir necha kunni osoyishta o’tkazgan Sohibqiron nabirasi Pir Muhammad Mirzoga G’azna, Kobul va Zabulistondan Hindiston va Qandahor sarhadlariga qadar bo’lgan yurtlarni esa sevimli nabirasi Pir Muhammadga bag’ishlaydi. Sohibqiron davlatida xizmati katta bo’lgan beklardan Ali Ganchi (Amir Musoning o’g’li), Islom (Hoji Barlosning o’g’li), Temur Hoja (Oq Bug’oning o’g’li), Husayn So’fi (G’iyosiddin Tarxonning o’g’li) singari atoqli beklarni Pir Muhammad Mirzoga qo’shib, unga suyurg’ol etilgan mulklarni boshqarishga safarbar etadi. Sohibqiron Dashti Qipchoq harbiy safaridan 1392 yilda qaytib, Samarqandga – poytaxtga yetib keladi. Uning odati shu ediki, zafar yor bo’lgan yurishlardan keyin, poytaxtda bo’lgan kunlarida albatta eli yurtiga to’y berar, bayramlar uyushtirar edi. Bu gal ham shunday reja amalga oshiriladi.

Amir Temur o’g’illari va nabiralari to’ylarini Samarqand tashqarisida, yo bog’larda, yoinki, Konigil dalasida, keng-mo’l maydonda, xalq ko’p qatnashishi mumkin bo’lgan joylarda o’tkazishni xush ko’rgan. U, Konigil dalasiga ko’chib chiqadi, shohona o’tovlar tikiladi. Samarqand hunarmandlari butun dashtni avji bahor yanglig’ kiritadi. Qator ketgan o’choqlarda, doshqozonlar to’lib, go’shtlar pishiriladi, oshlar damlanadi. Dasturxonlar to’kin-sochinligini ta’riflash qiyin. Uzoq yaqindan, Sohibqiron qadami yetgan o’lkalardan izzatli mehmonlar yetib keladi. Sohibqiron shu 1392 yili Umarshayx va Amironshoh Mirzolarning uch farzandini uylantiradi.

Muhammad Jahongir Mirzoning ikkinchi o’g’li Pir Muhammad Mirzo oilaviy-sulolaviy udumga muvofiq, harb ishlariga erta aralashadi. Shahzodalar esini tanigandan boshlab, savod chiqarishga, bilim egallashga va harbu zarb mahoratini erinmay o’rganishga burchli bo’lganlar. Pir Muhammad Mirzoga ishonch bildirilib, Sindga qadar bo’lgan mulklar ixtiyori topshirilishi uning yuqoridagi qattiq talablarga javob bera oladigan shahzoda va sarkarda bo’lib yetishayotganligidan darak edi. 1392 yilning avgust oyi oxirlarida Sohibqiron Eron sarhadlarida bo’lganida, Yolg’uz Yog’och Xabushon (Kuchan, Ashxaboddan 200 km janubroqda) degan joyda to’xtab turadi. Uning huzuriga shahzodalar, yaqinlari yetishib keladi. O’n olti yoshga to’lgan Pir Muhammad Mirzo ham bobosining huzuriga o’z qo’shinlari bilan kelib, qo’shiladi. Bu yerga Hirotdan Xonzoda Begim ham tashrif buyuradi. Xonzoda Begim qaynotasi Amir Temur sharafiga katta to’y beradi. Bir oz oldinroqqa ketib, bir mulohazamni aytishga ehtiyoj sezdim. Sohibqiron Muhammad Jahongir Mirzoning ulug’ maqomi ayoli Sevin Bekani – Xonzoda Begimning uning vafotidan ancha yil o’tib (6-7 yil chamasi), uchinchi o’g’li Amironshoh Mirzo nikohiga kiritadi. Muarrixlar qaynota, nabira va kelin uchrashuvlari to’g’risida gapirganda, rasmiy bayondan nariga o’tmaydilar. Nazarimda, Xonzoda Begim Amironshohga nikohlanganda, Muhammad Sulton va Pir Muhammad Mirzolar 6-7 yoshli bolalar bo’lishgan. Sohibqiron farzandlari va nabiralarning yo’li har qachon ham birga tushavermagan. Shu sababdan, imkon bo’ldi deguncha, Amir Temur hazratlari aka-ukalarni, ota-bobolarni o’z huzurida uchrashtirishga, oilaviy yaqinlik rishtalarini yanada mustahkamlashga intilgan ko’rinadi. 1392 yilning 26 avgusti kuni ham shu jihatdan e’tiborli. Xonzoda Begim o’g’li Pir Muhammad Mirzo bilan Xabushonda diydor ko’rishadi.

Aka-uka Muhammad Sulton va Pir Muhammad Mirzolar 1393 yilning boshlariga qadar cho’zilgan Iroq va Fors yurishlarida bobosi qo’shinlarining ilg’or qismini boshqarib, e’tiborga sazovor bo’ladilar. Sherozning zabt etilishi, Shoh Mansurning halokatida Pir Muhammad Mirzo hujumlari muhim o’rin tutadi. Shoh Mansur lashkarining chap qanotini u jasurlik bilan tor-mor etadi.

Pir Muhammad Mirzo Sohibqiron bobosiga ko’rnamaklik qilgan To’xamishxonga qarshi yurishlarida ham o’zini ko’rsatadi. Saroy shahrining olinishi bevosita Pir Muhammad Mirzo nomi bilan bog’lanadi. 1395 yilda Amir Temur Hoja Tarxonga (Ashtarxon, Astraxon) yaqinlashib kelganida, Saroyni mag’lub etish uchun Pir Muhammad Mirzo boshliq Shayx Nuriddin, Temur Hoja Oq Bug’olarni yuboradi. Amir Temur davlatiga katta iqtisodiy ziyon yetkazgan, u Eron safarida bo’lgan vaqtida Movarounnahrni talagan, Zanjirsaroyni yoqib yuborib, tag-tugi bilan kultepaga aylantirgan To’xtamishxon o’rdasini butkul vayron etish shahzodaning javob yurishi bo’lgan edi. Pir Muhammad Mirzo va uning qo’shini Idil (Volga) daryosi muzi ustidan o’tadilar. Sohibqiron sipohiylarning jangovar tayyorgarligiga qoyil qolmay bo’lmaydi, ular quruqlikda ham, tog’u toshlarda ham birdek mardonavor kurash olib borganlar. Suv kechib, muzni yorib yoxud uning ustidan o’tib urushish manzaralarini biz ikkinchi jahon urushiga bag’ishlangan kinolar orqali bilamiz. Sohibqiron qo’shinlari bunday janglar hadisini necha asrlar burun ko’nikma qilganligini esa deyarli bilmasdik. Pir Muhammad Mirzoning harbiy salohiyatini shundan ham tasavvur qilsa bo’ladi.

Hind yurishi vaqtida ham Pir Muhamamd Mirzo o’zining aqli va kuchi bilan hamisha bobosi nazarida bo’ladi. Sohibqiron g’arblarga qarshi janglar olib borayotganda, bir kuni shunday holat bo’ladiki, uch marta hujumga qilishga to’g’ri keladi. Ikki jangda g’olib kelgan hukmdor, endi tin olib, hordiq yozay deb turganda, Qubl darasida juda ko’p g’arblar qo’shini yig’ilganligi xabari olinadi. 1399 yilning boshlarida Hindiston g’azavotida 63 yoshli Sohibqiron mislsiz qahramonliklar, shahsiy jasoratlar ko’rsatadi. G’arblar bilan bo’lgan to’qnashuvlardan birida yuz bergan voqea Yazdiy “Zafarnoma”sida ham aks etgan. Lashkar jang harakatlarini olib borayotgan mahalda Amir Temur yonida 100 tacha sipoh bor edi. Shu payt dushmanlardan biri, Malik Shayx ismli pahlavon 200 kishilik otliq piyodalar bilan Sohibqiron ustiga tashlanadi. Ikki tomon yuzma-yuz bo’lganda bahaybat bir kishi oldinga chiqib, “Men Shayx Ko’kariyman, g’olib qo’shinga xizmat qilaman”, deb na’ra tortadi. Shunday deb, u Sohibqiron odamlaridan bir nechtasini qilichdan o’tkazishga ulguradi. Buni ko’rgan Amir Temur uning tomoniga ot qo’yadi. Sohibqironning kamondan otgan o’qi uning qorniga sanchiladi, sermagan qilichi – Shayxning boshini sapchaday uzib tushadi va u otdan ag’anab tushadi. Shu tariqa, bir kunda ikki jangni o’tkargan Sohibqironga Qubl darasida g’arblarning ko’p sonli lashkari to’planganligi xabari yetib keladi. Charchagan, toliqqan bo’lishiga qaramay, Amir Temur dushmanga zarba berishga otlanadi. Hindning bu sarhadlarida to’qayzorlar, o’rmonlar ko’p bo’lib, katta qo’shinning yurishi nihoyatda qiyin edi. Aytilganidek, o’sha kuni Sohibqiron odamlar yuz kishi nari-berisida edi. Muarrix qavlidan fahmlash mumkinki, oz odam bilan ko’pga qarshi borish, bir kunda uchta jangni amalga oshirish Sohibqironga ham bir oz malollik tug’dirgan. Uning ko’nglidan, chakalakzorlarni oralab borishda bir fikr kechadi, “Qaniydi, shu payt nabiram Pir Muhammad bilan Sulaymonshohbek (opasining o’g’li va kuyovi) shu yerda hozir bo’lsaydi, deb o’ylaydi. Gap shundaki, shu voqeala yuz berishidan uch kun avval Amir Temur ularning ikkalasini qo’shin bilan uzoq bir joyga jo’natgandi. Hech kim ularni tez orada qaytib keladi, deb o’ylamagandi, deydi muarrix. Yakshanba kuni, peshin namozi vaqtida, Sohibqiron mushtoqlik bilan kutib turgan paytida, Shahzoda Pir Muhammad va Sulaymonshohbeklar yetib keladi. Birgalikda g’arblarga hujum qiladilar, g’olib bo’ladilar, qancha mol-hol, shohi, matolar, sanoqsiz ho’kiz, sigir, qo’ylar, tuyalar o’lja qilinadi. Amir Temurning ko’nglidan kechgani, xohish-istagining dast berishida bu birgina misol emas. Uning istiqbolini ko’ra bilishi, ko’nglidan kechgan fikrining uzatilishi – kerakli yerga va odamga yetib borishi hollari ko’p marta sodir bo’lgan.

Pir Muhammad Mirzoning bobosi Amir Temur tirikligidagi eng oxirgi uchrashuvi 1404 yilning sentabr oyi boshlarida, aniqrog’i, 7-kunida yuz beradi. Buning sababi shunday. 1404 yilning saratoni oxirlarida Amir Temur Xurosondan Samarqandga qarab yo’lga chiqadi. Qurlon degan yerda, buloq yaqinidagi rabotda to’xtab turganida, Samarqanddan Temur Hoja Oq Bug’o 9 ta yo’rg’a ot keltiradi. Amir Temur Jayhun bo’yiga yetib daryodan o’tadi-da, Termizda Xonzoda Aloulmulk uyiga tushadi. Termiz mashoyihi Sohibqiron sharafiga katta to’y beradi. Shundan so’ng Amir Temur Kesh shahriga qadam qo’yadi. Oqsaroyda tinim olgan Amir Temur Shayx Shamsiddin Kulol maqbarasini ziyorat qilib, otasi Amir Tarag’ay qabriga o’tadi. Qur’oni Karim tilovatidan so’ng yo’lga chiqadi va Taxta Qoracha bog’ini ko’zdan kechiradi. Taxta Qorachadan Qorato’baga kelib, Qasri Jahonnamoga tushadi. Samarqanddan uning istiqboliga Hoja Yusuf, Arg’unshoh va Shahzoda Pir Muhammadning 8 yoshli o’g’li Qaydular yetib kelishadi. Sohibqironni kutib olishga To’kal Xonim boshliq malikalar, kelinlar ham peshvoz chiqadilar.

Sohibqiron Amir Temur shu safardan qaytguncha Suriya, Misr va Rumni o’z itoatiga olishga muvaffaq bo’lgandi. Uzoq yo’lni juda tez bosib o’tgan hukmdor bir haftaga yaqin o’zini yaxshi his qilmagan. Muolajalardan keyin uning sog’lig’i tezda tiklanadi. Baribir, yosh bir joyga borib yetgan, olis va toliqtiruvchi yo’l o’z ta’sirini bu po’lat vujudga ham ko’rsata boshlagan edi.

Amir Temur tuzalganidan keyin Bog’i Shimol oromgohiga o’tib, bu yerda bir necha kun turadi. Shu orada Amironshoh va Xonzoda Begimning Bekisi Sulton ismli qizidan o’g’il evara tug’ilishi munosabati bilan to’y beriladi. To’ydan so’ng Sohibqron Baland Bog’ga o’rnashadi. Bir necha kun hordiq chiqarib, shaharni ko’zdan kechirishga otlanadi. U, dastavval nabirasi, marhum Muhammad Sulton Mirzoning madrasasiga tashrif buyuradi. Sohibqiron madrasa yonida gumbaz tiklashni amir qiladi. Tez orada gumbaz va sardoba quriladi, jannatmonand bog’ barpo etiladi.

Amir Temur fuqarolar ahvoli bilan tanishishga kirishadi. Muarrix aytgani kabi, u alohida kishilar va omma bilan birma-bir gaplashib, hol-ahvol so’rab chiqadi, borlarga ham, yo’qlarga ham katta in’omlar beradi. Uning yo’qligida, amri bilan bunyod etilgan juma masjidini qadam-baqadam nazardan o’tkazadi. Masjidning eshigi kichik va tor bo’lganligini aniqlab, shu zahoti eshikni buzib olishni, katta va keng qilib, yangisini qurishni buyuradi.

Samarqandda, elning o’zi yo’qligida kechgan ahvolini o’rgangan hukmdor xatoga yo’l qo’ygan, ishonchni oqlamagan, nafsi gazaklagan ayrim amaldorlarni qattiq jazoga tortadi. Bu haqda Ibn Arabshoh ham, Rui Gonsales de Klavixo ham gapirib o’tgan. Bu voqealarni mufassil hikoya qilishdan maqsad, Amir Temur ulug’ ishlar, maqsadlar oldidan ahli fuqaroning ahvolini bilishni, uning ko’ngliga to’yu tantanalar sig’adimi-yo’qmi, aniqlashni lozim ko’rgan deb o’yladim. Sohibqiron har safar zafar quchib yurtiga qaytganida, albatta, to’y-tomoshalar bergan, xalqiga juda katta nazr-niyozlarni tortiq etgan. Bu safar ham shunday bo’ladi. Yana bir tomoni, 1404 yilning kuzida tayyorgarlik ko’rilayotgan ulug’ to’y Sohibqiron Amir Temur hayotidagi eng oxirgi to’y sifatida ham tarixda o’z o’rniga ega. Shu maqsadni anglatish ucun yuqoridagi daromad so’zlarni keltirib o’tishni maqsadga muvofiq bildim. To’y oldidan el va saltanat mulkiga xiyonat qilgan, lavozimi sabab, zulm o’tkazgan, toshu tarozidan urgan, narxni oshirgan kimsalarning jazoga tortilishi fuqaroning ruhiyatini ko’tarmay qolmasdi. To’y arafasidagi Samarqanddagi muhit ana shunday bo’ladi. Shu tariqa, Saroy Mulk Xonim madrasasini ko’zdan kechirgan Amir Temur Chinor Bog’iga o’tadi. Shu vaqtda Dashti QIpchoqdan, Idikudan elchi keladi, ular itoat va bo’ysunishini zimmaga olib kelgan bo’ladilar. Chinor Bog’idan Sohibqiron Dilkusho Bog’iga ko’chadi. Bu joyda turganida, muarrix qayd etganidek, Farang yurtidan (Ispaniya elchisi Klavixo) elchilar keladi. Bunga qadar, Shimol Bog’i janubidan har burji 1500 qari bo’lgan bog’ va uning o’rtasida qasr qurish topshirig’i bo’lgan edi. Elchilar yetib kelgan paytda bog’ va qasr bitkazilgan. Sohibqiron bu joyni ko’zdan kechirib, katta to’y boshlashga amru farmon beradi.

To’yning maslahati ham katta bo’ladi. Chingizxon naslidan bo’lgan Tayzi O’g’lon va Toshtemir O’g’lonlar Xurosondan Shohruh mIrzoni, G’aznondan (G’azna) Pir Muhammad Mirzolarni ham taklif etishni so’raydilar. Sohibqiron maslahatga rizolik berar ekan, “Mayli, Pir Muhammad kelsin, ammo Shohruhning kelishini bir sabab ila ma’qul ko’rmayman. Iroq va Ozarbayjon hukmdorining g’animlari kuchli, mamlakatni egasiz qoldirib bo’lmaydi”, deydi. Davlat xavfsizligi nuqtai nazaridan Shohruh Mirzoning to’yga tashrifi ma’qul ko’rilmaydi. To’y o’tadigan joy qilib Konigil belgilandi.

Hijriy 807 yilning robi’ oyi boshida, yakshanba kuni (7 sentabr, 1404) Sohibqiron Konigilga chiqadi. Muarrix nasf etganidek, uning kelishi Konigilga o’zgacha tarovat va barokat baxsh etadi. Uning uchun to’rt sarapardali ulkan oq o’tov quradilar, uning ustunlari tillodan naqshlangangan marvaridlar bilan bezatilgan bo’ladi. Ustalar, xizmatchilar bir hafta ichida o’n ming odamni sig’dira oladigan o’n ikki burjli chodirni tiklab bo’ladi. Chodirlarnign sirtqi tomoni qizil jundan, ich tarafi esa bahmaldan, arqonlari ipakdan tanlanadi. O’n ikki ustun ham tillo bilan bezatiladi. Har bir shahzoda va beklar uchun xos sarapardalar tortiladi, mehmonlarni qabul qiladigan chodirlar, o’tovlar turnaqator tiziladi. Viloyatlardan hokimlar, taniqli kishilar, qozilar va ruhoniylar to’yga aytiladi.

G’aznadan Shahzoda Pir Muhammad Mirzo yetib keladi, unga vaqtida chopar jo’natilgan bo’lgan. Sohibqiron shahzoda nabirasi bilan quchoq ochib ko’rishadi, uni mahkam bag’riga bosadi. Ular sarapardali chodir ichida shahzodaning bultur olamdan qaytgan akasi Muhammad Sultonni esga olib, ko’ngillar buzilib, yig’laydilar. Pir Muhamamd Mirzo bobosi uchun ko’p tuhfalar, sovg’alar olib kelgan edi. Ertasiga Muhammad Sulton yilligi marakasi berilib, aza mavsumi tugaydi. Amir Temur nabirasi Pir Muhammad oltin hilli to’n kiydirib, boshiga toj qo’ndiradi, beliga tillo kamar bog’laydi, navkarlariga ham qimmatbaho to’nlar tortiq qiladi.

To’y tayyorgarligi hamon davom etadi. Hunarmandlar Samarqandni o’z kasbi korlari taqozosi bo’yicha bezaydilar. Bu tantanalarning boisi nabira va evaralarni uylantirish bilan bog’liq edi. Shahzodalardan Ibrohim Sulton, Iyjil – Amironshoh va Shohruh Mirzo o’g’illlari; Umarshayx Mirzo va farzandlaridan Ahmad, Saydi Ahmad va Boyqaro Mirzolarning birgalikdagi nikoh to’ylari o’tkaziladi. Muarrixlar kelinlar ismi sharifalarini zikr etmagan bo’lsalarda, besh shahzodaning har qaysi ichki nikoh – o’z amakilari yoki ularning o’g’illari qizlariga uylanayotgan edilar.

Muarrixning so’zlarini keltiray.

Mavlono Sharafiddin Ali Yazdiy to’y kunini, uning ishtirokchilarini shunday ta’riflaydi: “Sohibqiron davlatidan kambag’al va qashshoqlar boyidi. Hukmdor ulug’vorlik bilan taxtga chiqdi, to’y tantanalari boshlandi. Xonimlar, begimlar va kelinlar yasan-tusan qilishib, o’zlarini bo’yab-chirmab, buyuk bir hashamat bilan nazokatla yonma-yon o’ltirdilar. Shahzodalar va beklar har qaysisi o’z o’rinlarida hozir bo’ldilar. Yetti iqlimdan kelgan elchilar 12 ustun soyasida joylashadilar. Yasovullar, oltin halli to’nlar kiyib, tillo kamarlar taqib, tillo yuganli, tillo egarli otlarga minib, qo’llarida tillo o’rimli qamchilar tutib, har tarafga yurib turdilar, yasovullik qildilar. Tantanaga maxsus bezatilgan fillar ham hozir qilib qo’yildi. Ichimliklar tillo qadahlarga qo’yildi, idishlar zarrin toshlar bilan bezatilgan edi. Qancha boda, qimiz, asaldan tayyorlangan ichimlik, may, aroq, muadd tayyorlangan edi. Shahzodalar navbatma-navbat o’rinlaridan turib, ichimliklardan icha boshladilar. Tortilgan taomlarning xili va ta’mini yozishga qalam ojiz. To’y bo’layotgan joy tashqarisida to’plagan odamlarga ham ichimlik va yeyimliklar mo’l-ko’l berildi. Havoda “baxtli bo’linglar, ichinglar”, degan ovozlar yangrab turardi. Oltin piyolalarda oltinday tovlanib turgan maylar tarqatiladi. Shirin zabon mug’aniylar kuylaridan olam sel bo’ldi, g’azallar, qasidalar aytiladi. To’da turkiycha ham, uyg’ur va mo’g’ul, xitoycha ham, arab va fors tilida ahulalar basma-basiga aytildi. Ular orasida Hoja Abdulqodirga teng keladigan topilmadi. U ko’biz, yotug’on va ud navolari bilan hammani qoyil qoldirdi. To’y tantanalarida podshohlarga, shahzodalarga, beklarga qimmatbaho to’nlar kiydirildi, bezatilgan tojlar va tillo kamarlar tuhfa etildi. Vaqti-vaqti bilan oltin va kumush tangalar sochib turildi, bu xuddi kuz faslida daraxtlardan oltin burglar to’kilayotgandek bir manzarani eslatardi. Nihoyat, yangi uylangan yosh kuyovlar – shahzodalar o’zlariga ajratilgan chodirlarga kirdilar. To’y oxirida, kim qayerda o’tirgan bo’lsa, u xohlagan narsani olishi mumkin, unga hech qanday to’siq bo’lmasin” degan farmoni oliy bo’ldi. Ertasiga Sohibqiron shahzodalarning uylariga tashrif buyurib, ularni qutladi va oltin pullar hadya qildi. Sohibqiron bilan kelgan beklar ham pullarni ayamadilar. Yetti iqlim mamlakatlaridan kelgan elchilarga ham zarbaf to’nlar va tillo kamarlar tuhfa qilindi. To’yning shodiyonasi ikki oy davom etdi, yurtda hamma orom oldi, bayram qildi. To’ydan keyin Sohibqiron davlat ishlari bilan band bo’ldi, shunday farmoni oliy bo’ldi. “Bundan keyin hech kim ichmasin”. Shahzoda Pir Muhammad Mirzo G’aznadan maxsus taklif etilgan shahzodalar yo’yi shunday tantanavor o’tkaziladi”.

Sohibqiron odati shunday edi, doimo ulug’vor ishlar, rejalar oldidan katta to’ylar berar elu yurtning fotihasini olar edi. To’ydan keyin uning fikri xayoli Xitoy yurishi bilan bog’liq bo’ladi.

Konigildan qaytgan Amir Temur Saroy Mulk Xonim qurdirgan madrasaga tushadi. Shahzoda Pir Muhammad Mirzoga toj, kamar va ot taqdim etib, Kobul va G’aznaga qaytishiga ijozat beradi.

Pir Muhammad Mirzoning bobosi oldida hurmati katta edi. Buni yana bir misolda aytib o’tish joiz ko’rinadi. Sohibqiron Xitoy yurishiga otlanib, Samarqanddan chiqqanida Xalil Sulton Sohibqiron nomaqbul ishga qo’l uradi. Xalil Sulton Amironshoh Mirzoning o’g’li bo’lib, Muhammad Jahongir Mirzoning beva qolgan xotini Xonzoda Begimga uylangan va bu nikohdan Xalil Mirzo va Pir Muhammad Mirzo ona bir aka-uka edilar. Xalil Sulton Amir Temur singlisining o’g’li Alining qizi Jahon Sultonga uylangan edi. Shunday bo’ladiki, Xalil Sulton bobosining do’sti, safdoshi Xoji Sayfiddinbekning kanizagi Shodi Mulkni sevib qoladi. Sohibqiron Samarqandni tark etishi bilan uni o’z nikohiga oladi. Jahon Sulton Begim o’z ustiga zoti past kanizakni kundosh qilib olishiga chiday olmaydi va bu haqida bobosiga arz qiladi. Amir Temur bu gapni eshitib, qattiq g’azablanadi, “Shodi Mulkni topib keltiringlar”, deb amr qiladi. Xalil Sulton qallig’ini yashiradi. Sohibqiron yanada qattiqroq achchiqlanadi va “uni topib, o’ldiringlar” degan farmonni beradi. Shunday qaltis va halokatli bir vaziyatda Shodi Mulk joniga Pir Muhammad Mirzo ora kiradi va bu muammo bir necha kunga tinchiydi. Bi qissaning davomini Xalil Sulton va uning otasi Amironshoh Mirzo oilaviy hayoti haqida hikoya qilganimda, batafsil keltirish niyatim bor. Xonadonning oilaviy sha’nini qattiq qo’riqlagan Sohibqiron bunday o’zboshimchalikni kechira olmagan. Shu sabab, yechimiga u yana qaytgan. Muhimi, gapi ikki bo’lishini aslo odat qilmagan Amir Temur bir sira nabirasi Pir Muhammad Mirzo so’zini olgan. Shuning o’zi katta inoyat edi. Bu hol, takror aytaman, Pir Muhammad Mirzoning saltanatidagi o’rni va hurmati nechog’lik bo’lganligini tasavvur etish kifoyadir.

Pir Muhammad Mirzo Sohibqiron Amir Temur tanlagan so’nggi valiahd edi. Buning tarixi shunday. Hukmdor Samarqandda to’yni o’tkazib, Xitoyni zabt etish maqsadida, yo’lga chiqqaniga besh oycha bo’lib qolgan edi. Uning shavkatli qo’shini bu vaqtda O’trorga yetib keladi. O’tror bilan Samarqand oralig’idagi yetmish olti yog’ochlik yo’l tay etiladi. Sohibqiron O’trorga 1405 yilning 11 fevralida kelib tushadi. Bu sha’bon oyining chorshanba kuni bo’ladi. Muarrixning shahodat berishicha, shu kundan Amir Temur hazratlarining issig’i chiqib, holida o’zgarish paydo bo’ldi. Tabib Mavlono Fazlulloh Tabriziy muolaja qancha sa’y ko’rsatmasin, xastalik kundan-kunga kuchaya bordi. Xolbuki, Mavlono Fazlulloh Tabriziy o’z zamonasining ulug’ hakimlaridan bo’lib, uning oldiga tushadigan bo’lmagan. Bu kasallik alomatlari shunday bo’ladiki, birini davolasang, ikkinchisi kuchaya boshlaydi. Shunga qaramay, Sohibqiron o’zini juda mahkam va osoyishta tutadi, qo’shinni o’z izmida tutib turadi. Amir Temur sog’liqni endi o’nglab bo’lmasligini payqab, yoniga ayollarini, nabiralarini, shaxsiy qurolbardorlarini, ulug’ beklarni chorlab vasiyat qiladi Vasiyat so’zlari yaxshi ma’lum. U, shu kuni Pir Muhammad Mirzo Jahongir Mirzo o’g’lini – yuqorida zikrini qilganimiz nabirasini valiahd qilib tayinlashini aytib, Samarqandga tobe bo’lgan mamlakatlar uning izmida tayin qiladi. Uning mustaqil va kuchli hukmdor bo’lishini, davlat ishlari, qo’shin holati va ahli doimo uning nazar-e’tiborida bo’lishi kerakligini aytadi. Hamma katta-yu kichik unga bo’ysunishi, amri farmonlari so’zsiz bajarilishi, bunda ahi musulmonga biror aziyat yetmasligi kerak. Shnday bo’lganda, mening ko’p yillik mehnatlarim zoye ketmagan bo’ladi. Sizlardagi ittifoqchilikni chetdagilar ham bilishi lozim. Bu ularni har xil isyonlardan saqlaydi, deydi Sohibqiron.

Amir Temur shu vasiyatlarini qilar ekan, “Beklar va sarkardalar jam bo’lsinlar va mening aytganlarimni bajarishga qasamyod qilsinlar. Bu yerda qatnasha olmayotgan boshqa sarkardalar va beklar ham xuddi shunday yo’lni tutsinlar”, degan amri farmonni beradi. Jam bo’lganlar bu so’zlarni eshitib bari tiz cho’kadilar va yig’lashga tushadilar. Vazirlardan Shoh Malik va Shayx Nuriddinlar, ko’zyoshlari to’ka turib, “Jonimiz sizga sadqa bo’lsin, Alloh Taolo Sizning o’rningizga bizning jonimizni olsin”, deya xitob qiladilar.

Vido onlarida hozir bo’lganlar, “Xalil Sulton bilan birga Toshkentda qishlayotgan beklar ham shu yerga kelsalar, bu so’zlarni o’z quloqlari bilan eshitsalar” degan tilakni bildiradilar. Sohibqiron bunga imkon yo’q, bu yog’i oz qoldi, imkon bo’lganda edi, o’g’lim Shohruhni bir ko’ra olsam, degan xohishni bildiradi. Bu so’zlardan hozir bo’lgan sarkardalar va beklar ko’nglida Xalil Sultondan biror beboshlik chiqmasa, degan xavotir bo’lganligini sezish qiyin emas. Ularning xavotirlari asossiz bolmaganligini Sohibqiron vafotidan keyingi voqealar dalolat etadi.

Sohibqiron oxirgi soatlarini kechirayotganida, beklar maslahatlashib, Toshkentga shahzoda Xalil Sulton va Sulton Husaynlarga Xizr Qovchinni jo’natadilar va “Sohibqiron kasalligi kuchayib borayotir, yaqinlar bilan tezlikda yetib kelinglar”, deb tayin qiladilar. Shahzoda Pir Muhammad Mirzoga elchi orqali xat jo’natib, “Hukmdor sizni valiahd qilib tayinladi. Sohibqironning ishlari boshqacha bo’ldi, Samarqandga tezroq yetib kelishga harakat qiling”, deyiladi.

Sohibqiron vafotidan keyin Pir Muhammad Mirzoning qanday yo’l tutganligi Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn” asarida o’z ifodasini topgan. Unda aytilishicha, “Hazrati Sohibqironni davlat oftobi zavol topgandan keyin Mirzo Pir Muhammad bu mudhish xabarni eshitgan ondayoq yurish jilovini madinatturijol Balxga qarab burdi”. Ammo vaqtdan yutqazilgan edi. Xalil Sulton taxtni o’zboshimchalik bilan egallab olgan, xazinada Pir Muhammad Mirzoga tegishli mablag’larni berdirmay qo’ygan edi. Balxga Amir Ollohdod, Amir Arg’unshoh, Temirhoji va Hoja Yusuflarni yuborib, ularga Mirzo Sulton Husaynni boshchi qilib qo’ygandi. Ularning vazifasi Pir Muhammadnign harakatlaridan ogoh bo’lib turish bo’lgan.

Shu yillar voqealarini tarixlardan o’qib, mushohada yuritar ekanman, manfaat, toju taxt qutqusi shunga matlublarni ham, nomatlublarni ham junbishga keltirganidan hayratga tushaman. Matlublar – Sohibqironning o’g’lonlari va nabira-evaralari hokimiyatga ega bo’lish poygasida ot surayotgan qarindoshlarni o’ng’ay kelgan burimda itarib tashlashga jon-jahdlari bilan intilgan bo’lsalar, nomatlublar – parchalanayotgan saltanatdan kattaroq nasiba olib qolishga kirishayotgan vazirlar, beklar, amirlar, hatto saroyga yaqin bo’lgan ayollar ham bu kurashga mukkadan ketgan edilar.

“Pir Muhammad Mirzo bilan Xalil Sulton bir onadan tug’ilgan – Xonzoda Begim ularning volidalari edi. Uka maqomida bo’lgan Xalil Sulton Sohibqiron bobosi vasiyatini buzib, taxtni uning qonuniy egasi Pir Muhammad Mirzoga bermaydi. Pir Muhammad Mirzo ulug’ vazir Shoh Malikni Balxga chaqirib, Xalil Sulton ustidan ko’p shikoyatlar qildi”, deb yozadi Abdurazzoq Samarqandiy. Pir Muhammad Mirzo odamlari, “Mirzo Pir Muhammad hazrati Sohibqironning valiahdidir. Taxt unga tegishli, chunki u og’a, Mirzo Xalil esa inidir, deydilar. Mirzo Pir Muhammad Mirzo Xalilga elchi yo’llab, “Hazrati Sohibqiron taxti mamlakat Xalil Sultonga qoladi, deb qachon vasiyat qilgan?” degan mazmunga maktub yubordi. Mirzo Xalil Sulton unga javoban, “Amir Temur hazratlariga taxtu mamlakatni bergan qodir Egam menga ham inoat qildi”, degan bepisand so’zlarni yozib yuboradi. Orada bo’lib o’tgan gap so’zlar, jangu jadallar alohida mavzu bo’lgani bois, bu yerda hikoyatni ixtisos qilib, Pir Muhammad Mirzo bilan bog’liq bo’lgan fojia voqealarni eslatib o’taman.

Mirzo Pir Muhammad tabiatan hokimiyatga o’ch kishi bo’lmagan. Yoshlik va o’spirinlik yillarida harbu zarblarda bir muddat jadal ishtirok etgan bo’lsa-da, keyinchalik Kobul va G’azni mulklarini boshqarish bilan mashg’ul bo’lgan yillarida osoyishta va hashamatli hayot kechirishga ko’nikib qolgan. Bobosi vafotidan keyingi taxt kurashlariga boshda bir oz bosh qo’shgan bo’lsa-da, ko’p o’tmay, undan etak silkishini muarrix shunday yozadi: “Jang maydoni bazm ayvoniga almashtirildi, u ertadan kechgacha xusravoni kuylar tinglash bilan bo’lib, podshohlik viloyatlarini boshqalarga tashlab qo’ydi. Uning ishrat bilan bandligi haddidan o’tgach, mamlakat ishlarida tartibsizlik zohir bo’lgan. Pir Ali Tozning kuch-imkoniyatlari ziyodalashdi… 1407 yil 27 fevral kuni nipon Pir Ali Toz benuqson qalbli shahzodaning sarapardasi ichiga bostirib kirib unga va uning bir necha kishilariga shahidlik sharbatini ichirdi”.

Jangu jadallardan bezib o’zini xilvatga olgan valiahd taqdiri shu taxlit fojeiy yakuniga yetadi. Pir Ali Tozning shahzodaning o’z xizmatkorlikdan beklik darajasiga yetkazgan edi. Pir Ali Toz ham turgan gapki, qilmishiga loyiq jazoga mustahik etiladi. Ulug’vor xonadon, shu tariqa, dastlabki qurbonlarini bera boshlaydi. Oila sha’nidan putur ketib, Sohibqiron jasadi sovumay, hokimiyatga o’ch, manfaatparast, bobosining qattiqqo’ligidan shum niyatlarini ichiga saqlab kelgan nabira, evaralar o’zaro yovlarga aylanishadi. Valiahd Pir Muhammad Mirzo bu yo’ldagi birinchi qurboni edi. Uning o’limi xonadonni larzaga keltirmay qolmaydi. Xalil Sulton, Sulton Husayn kabi o’zboshimchalarni mahv etadigan kuch – Shohruh Mirzo tez orada barcha tashabbusni o’z qo’liga oladi. Oila sha’ni oyoq osti qilinishiga yo’l qo’yilmaydi. Pir Muhammad Mirzodan yetti o’g’il qoladi. Ularning to’ng’ichi Qaydu 9 yoshda edi. Sharafiddin Ali Yazdiy Pir Muhammad Mirzo 27 yoshida halok bo’ldi, deydi. Yaxshi bilamizki, u otasi Muhammad Jahongir Mirzo vafotidan (1376 yil) 40 kun o’tib, dunyoga kelgan edi. Demak, u 31 yil umr ko’rgan edi.

Добавить комментарий