AMNEZIYA

AMNEZIYA (Yunoncha a — inkor qo’shimchasi va mneme — xotira, es) — xotiraning buzilishi; bo’lib o’tgan voqea va kechinmalarni eslay olmaslik yoki chala eslash. Bosh miyaning shikastlanishi, tutqanoq, qattiq ruhiy iztirob va boshqalar sabab bo’ladi; Amneziyaning quyidagi turlari farq qilinadi: anterograd Amneziya — odamning ruhiy kasallikka uchragandan keyingi hodisalarni esda saqlay olmasligi; avjlanuvchi Amneziya — xotirada hech narsa kelmasligi; retrograd Amneziya — odamning kasal bo’lishidan ilgarigi o’tgan hodisalarni unutishi; fiksatsion Amneziya — ayni vaqtdagi, shuningdek yaqin kunlarda bo’lib o’tgan hodisalarni xotirada saqlay olmaslik va hokazolar.