AMU-QORAKO’L KANALI
AMU-QORAKO’L KANALI — Buxoro viloyatidagi kanal. Amudaryoning o’ng qirg’og’ida yumalandi qirlari etagidan boshlanadi. 1963 yilda qurilgan. Uzunligi 55 kilometr. Suv o’tkazish imkoniyati 48 m3/s Buxoro viloyatining Olot, Qorako’l tumanlaridagi 50 ming gektarga yaqin yerni sug’oradi. Suv daryodan maxsus qazilgan 2,8 kilometr uzunlikdagi kanal orqali bosh rostlagich qurilgan joyga oqib keladi va nasos stansiyalari bilan ko’tarib beriladi. Kanal bosh rostlagichdan Olot nasos stansiyasigacha (36 kilometr masofada) tubining eni 5-6 metr bo’lgan qadimgi daryo o’zanidan o’tadi, Olot shahrini kesib o’tib, cho’lning qumli barxanlari orasidan davom etadi. Olot nasos stansiyasida suv 8,2 metr balandlikka ko’tarib beriladi. Amu — Qorako’l kanali Qorako’l nasos stansiyasi bilan tugaydi (unga suv keladigan 16,2 kilometr uzunlikdagi kanal sug’oriladigan hududdan o’tadi).