AMURSANA
AMURSANA (1722 — 1757) — Mongoliyada 1755 — 58 yillardagi manjurlarga qarshi milliy ozodlik kurashi rahbarlaridan biri. Jung’or (oyrat) xonligidagi mulkdorlardan, o’rta hol oyrat aristokrat oilasidan. Galdan Tserenxon (1727 — 45) vafotidan so’ng taxtni egallash uchun harakat qilgan, biroq boshqa da’vogarlarning qarshiligiga duch kelib, Pekinga qochgan. Mongol ozodlik harakatining so’nggi o’chog’i — Jung’or (oyrat) xonligini tugatishdan manfaatdor bo’lgan manjurlar sulolasi Amursanaga yordam berish niqobi ostida Jung’oriyaga katta armiya yuborgan va mamlakatni bosib olgan (1755). Manjurlardan aldanganiga ishonch hosil qilgan Amursana Xalxa va Jung’oriyadagi manjurlarga qarshi ko’tarilgan ozodlik harakatiga qo’shilgan va Jung’oriyada amalda uning rahbari bo’lgan, Xalxadagi qo’zg’olonni boshqargan Chingunjab bilan birga harakat qilgan. Uch yillik ozodlik kurashi natijasida qo’zg’olon 1758 yil manjurlar tomonidan shafqatsiz bostirilgan. Mongol xalqi ikki asrdan ortiq manjurlar asorati ostida qolgan. Amursana 1757 yil Rossiya hududiga qochib o’tgan va bir oz vaqtdan so’ng chechak kasalidan vafot etgan.