AN G’O’ZA NAVLARI
AN G’O’ZA NAVLARI — O’zbekiston Fanlar Akademiyasi o’simliklar eksperimental biologiyasi institutida yaratilgan o’rta tolali g’o’za navlari. «An» indeksi ruscha «Akademiya nauk» («Fanlar Akademiyasi») so’zlaridan olingan. Bu guruhdan rayonlashtirilgan navlar: an-402 — yovvoyi Meksika g’o’zasini radiofosfor eritmasida ishlash usuli bilan chiqarilgan (1974; N. Nazirov, F. Joniqulov, H. Qambarov, J. Dadajonov). 1978 yildan rayonlashtirilgan. An-Boyovut 2 — Toshkent 1 navi populyatsiyasi tarkibini ajratish usuli bilan yaratilgan (S. S. Sodiqov). 1983 yildan rayonlashtirilgan. An-Samarqand — 108- F va an-401 navlarini duragaylab yaratilgan (1974; O. Jalilov, N. Nazirov, S. T. To’xliyev, D. M. Boboyev). 1980 yildan rayonlashtirilgan. An-410 — Toshkent 1 va an-401 radiomutant navini chatishtirishdan olingan avlodni yakka tanlash usulida chiqarilgan (J. Dadajonov). 1991 yildan rayonlashtirilgan. An-510 — An-505 va SL-2366 navlarini chatishtirish yo’li bilan yaratilgan (D. Akkujin, P. Ya. Popova, R. N. Nurmatov). 1991 yildan rayonlashtirilgan. An — O’zbekiston 3— An-O’zbekiston 1 va 108-F navlarining tabiiy duragaylanishi hamda qayta-qayta yakka tanlash usuli bilan yaratildi (N. R. Faqirov, I. N. Odilxujayev, 1976). 1980 yildan rayonlashtirilgan. Bu g’o’za navlarining hosil shoxlari 1 — 1,5 tipli. Bir ko’sakdagi paxta vazni 5,0—8,5 gramm. Vegetasiya davri 125-135 kun. Vertisillyoz viltga chidamli, tolasi oq, 35-38% tola beradi. Tolasi 4-tipga mansub. Sultonmurod Narimov, Fazliddin Sa’dullayev.