ANABENA
ANABENA (Anabayena Bory) — ko’k-yashil suvo’tlar bo’limiga mansub o’simliklar turkumi. Ko’pincha chuchuk suv va tuproqda o’sadi. Anabena qulay sharoitda tez ko’payib, suvning «gullashi»ga sabab bo’ladi. Anabenaning bir necha turi havodagi erkin azotni o’zlashtirib, turli murakkab organik birikmalar hosil qilish xususiyatiga ega. Shuning uchun ulardan tuproq unumdorligini oshirishda foydalaniladi. O’rta Osiyo suv havzalari va tuproqlarida Anabenaning 60 ga yaqin turi bor.