ANALGETIKLAR

ANALGETIKLAR (analgetik moddalar) — og’riqni qoldiruvchi yoki kamaytiruvchi dorilar; farmakologik ta’siriga ko’ra narkotik va narkotikmas Analgetiklar farq qilinadi. Narkotik Analgetiklarga morfin, omnopon va uning sintetik o’rindoshlari (promedol, fenadon va boshqalar) kiradi; ular turli og’riqlar, jumladan shikastlanish va boshqa hollardagi kuchli og’riqlarni ham qoldiradi. Narkotik Analgetiklar takror-takror qabul qilinganda odam unga o’rganib, qo’msaydigan bo’lib qoladi va bu narkomaniyaga sabab bo’lishi mumkin. Narkotikmas Analgetiklarga kimyoviy tuzilishi turlicha bo’lgan sintetik moddalar (amidopirin, analgin, fenatsetin, atsetilsalisilat kislota, paratsetamol va boshqalar) kiradi; bu xil Analgetiklarning narkotik Analgetiklarga qaraganda og’riq qoldiruvchi ta’siri kuchsizroq bo’lib, asosan, nevralgiya tusidagi og’riklarda, mialgiya (muskullar yallig’lanishi) da, tish va bosh ogrigida ishlatiladi. Narkotikmas Analgetiklar og’riq qoldirish bilan bir qatorda isitma tushishiga va yallig’lanishni bartaraf etishga ham yordam beradi.