ANALITIK KIMYO
ANALITIK KIMYO — moddalar tarkibini aniqlash usullari haqidagi fan. U sifat analizi va miqdoriy analizga bo’linadi. Analitik kimyoning vujudga kelishi va rivojlanishi turli ishlab chiqarish sohalarining paydo bo’lishi va taraqqiy etishi bilan bog’liq. Miqdoriy analiz rudalar va tayyor mahsulotlar tarkibidagi oltin, kumush va boshqalar. Metallarning miqdorini aniqlashdan iborat bo’lgan edi; keyinroq borib, u ilmiy asosda yo’lga qo’yildi. Hozirgi zamon kimyosining tug’ilish davri (17-asr o’rtasi — 18-asr oxiri) da Analitik kimyo moddalarning kimyoviy tarkibini o’rganadigan fan deb hisoblanardi. 17-asr o’rtalarida R. Boyl suvli eritmalardagi anorganik moddalarning miqdoriy analiziga asos soldi. 19-asr boshida J. Gey-Lyussak hajmiy analizni, o’sha asrning o’rtasida esa R. Bunzen va R. Kirxgof spektral analiz asoslarini ishlab chiqishdi va hokazolar. 20-asrda Analitik kimyoga fizik va fizik-kimyoviy usullar (masalan, kolorimetriya, rentgen, lyuminessentsiya, elektron mikroskopiya, elektr analiz usullari va boshqalar) tobora ko’proq joriy etildi. Shu bilan bir vaqtda Analitik kimyo amaliy maqsadlarda keng qo’llanila boshladi. Tekshirish ob’yektiga ko’ra Analitik kimyoni anorganik moddalar analizi va organik moddalar analiziga bo’lish rasm bo’lgan. Anorganik moddalarning sifat analizida eritmadagi ionlarni topish uchun, odatda, yaxshi seziladigan har xil (rang hosil bo’lishi yoki eritma rangining keskin o’zgarishi, gaz ajralib chiqishi kabi jarayonlar bilan boradigan) reaktsiyalardan foydalaniladi. Organik moddalarning sifat analizida esa maxsus usullar qo’llaniladi. Oddiy modda yoki biror birikmadagi elementning miqdorini aniqlashda uning biror fizik xossasi (masalan, og’irligi, hajmi, zichligi, nur sindirish ko’rsatkichi, elektr o’tkazuvchanligi, sirt tarangligi va hokazolar) o’lchanadi. Element yoki moddalar miqdori va o’lchanadigan fizik xossalar o’rtasida analitik yoki grafik ifodalangan ma’lum funktsional bog’liqlik bo’lishi kerak. Vazniy analiz va titrlash usullari modda miqdori bilan uning og’irligi yoki hajmi orasida to’g’ri proportsional bog’liqlik saqlanishiga asoslanadi. Spektral usullarda element miqdori bilan analitik spektr chiziqlarining ravshanlik darajasi o’rtasidagi proportsional bog’liqlikka ma’lum chegarada rioya qilinadi. Fotometrik analizda esa moddaning kontsentrasiyasi bilan no’rning yutilishi o’rtasidagi proportsional bog’liqlik e’tiborga olinadi. Element (modda) miqdorini o’lchashdan avval, odatda, u boyitiladi va aniqlanadigan element qulay birikma holida ajratib olinadi. Ko’pchilik usullar selektiv va sezgir bo’lmaganligi uchun moddalarning miqdorini o’lchashda ularni guruhlarga bo’lib, ayrim elementlarni cho’ktirib, haydab, ekstraktsiyalab ajratish katta ahamiyatga ega. Birga bo’ladigan ko’pchilik ionlarning cho’kishiga va ekstraktsiyalanishiga yo’l qo’ymaslik uchun ularni barqaror kompleks ionlarga aylantirish mumkin. Aniqlanadigan elementni eritmadan elektroliz qilib erkin holda yoki oksid holida ajratib olsa bo’ladi. Ma’lum sharoitni tanlab, bir xil elementlarni elektrodda cho’ktirib, boshqalarini esa eritmada qoldirishga erishiladi. Ko’pchilik metallarning oz miqdorini ajratib olish uchun ichki elektroliz usuli qo’llaniladi. Eng qulay ajratish usullaridan biri xromatografiya hisoblanadi. Organik analizda elementlar miqdorini aniqlash uchun modda avval SO2, N2O, N2, NH3 va hokazolargacha parchalanadi. Keyinchalik ularning miqdori anorganik analiz usullarida aniqlanadi. Miqdoriy elementar analiz birikmaning brutto-formulasini aniqlash imkoniyatini beradi. Organik birikmalarning struktura formulasini aniqlash uchun funktsional analiz o’tkaziladi. Unda har qaysi funktsional guruh uchun tavsifli reaktsiyalardan foydalaniladi. Tabiat va sanoat ob’yektlaridagi elementlarning nihoyatda oz miqdorini aniqlash zarur bo’lgani uchun analitik usullar (mikrokimyoviy, ultramikrokimyoviy va yarimmikrokimyoviy usullar) ning sezgirligini oshirish yo’lida ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. O’zbekistonda Analitik kimyoni rivojlantirishga Sh. T. Tolipov, N. A. Parpiev va boshqa olimlar katta hissa qo’shdilar. Ad: Mirkomilov a M., Analitik kimyo, T., 1996. Nusrat Parpiyev.