ANALIZ VA SINTEZ
ANALIZ VA SINTEZ (Yunoncha analysis -ajratish va synthesis — birlashtirish) — kishilar dunyoni bilish jarayonida ishlatadigan, o’zaro chambarchas bog’langan tekshirish usullari. Analiz fikran yoki amalda narsa va hodisani tarkibiy bo’laklarga bo’lish, sintez esa mazkur bo’laklarni fikran yoki amalda bir butun qilib birlashtirish, narsani yaxlit holda tadqiq etishdir. Inson atrofini o’rab turgan va xilma-xil xususiyatlarga ega bo’lgan ob’yektiv borliq murakkab va shu bilan birga tayin narsa hamda hodisalardan iborat. Ularni o’rganish va bilish uchun tarkibiy qismlarga ajratish, ya’ni analiz (tahlil) etish lozim. Lekin ushbu usul yordamidagina ularni to’la bilish mumkin emas, binobarin uni sintez bilan to’ldirish zarur. Sintez analiz natijalariga tayangan holda narsa yoki hodisani bir butun qilib birlashtiradi. Analiz va sintez o’zaro bog’liq bo’lib, analizsiz sintez chuqur bilim bermaydi, ayni vaqtda sintez vositasida yakunlanmagan analiz ham yetarli emas. Analiz va sintez qilish faoliyatining markazi — bosh miya katta yarim sharlarining po’stidir, lekin mazkur faoliyat ijtimoiy ishlab chiqarish jarayonida va asosidagina paydo bo’ladi va amalga oshiriladi. Fikrlash jarayonida Analiz va sintez abstrakt (mavhum) tushunchalar yordamida yuzaga keladigan va abstraktsiya, umumlashtirish va hokazolar bilan mustahkam bog’langan mantiqiy tafakkur usullari sifatida namoyon bo’ladi.